Siyosat
parda ortidagi shaxs – Qolibof (video)
Yevropa nuqtai-nazaridan “Yaqin Sharq” yoki “O‘rta Sharq”, ba’zan esa “G‘arbiy Osiyo” deb ataladigan hudud, ya’ni Fors ko‘rfazida keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda, Eronning qattiq pozitsiyasi bilan tanilgan siyosatchilaridan biri — Muhammad Boqir Qolibof diplomatik jarayonlar markazida paydo bo‘ldi. Vashington tomonidan bildirilgan “nomi oshkor etilmagan muloqot” haqidagi bayonotlardan so‘ng uning nomi yana e’tibor markaziga chiqdi.
Xo‘sh, parda ortida nima bo‘layapti? Qolibof urush yo‘nalishiga ta’sir qila oladimi? Bu savollarga javob ko‘ringanidan ko‘ra murakkabroq.
Qolibof qanday qilib muzokaralar markaziga chiqdi? AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari fonida, Eron siyosatining “qat’iy qanoti”ga mansub bo‘lgan Muhammad Boqir Qolibof diplomatik yechim izlash jarayonlarida tilga olinayotgan asosiy shaxslardan biriga aylandi. Eron parlamenti raisi bo‘lgan Qolibof nafaqat siyosatchi, balki qattiq xavfsizlik siyosati, namoyishlarga qarshi qat’iy pozitsiyasi va rejimga sodiqligi bilan tanilgan shaxsdir.
“Nomsiz muloqot” bayonoti ortida kim turibdi?
Donald Tramp intervyusida Eron bilan muloqotlar haqida shunday degan edi: “Biz juda hurmatga sazovor insonlar bilan muloqotdamiz. Ichkaridagilar ular kimligini biladi va ehtimol, ulardan biri aynan biz qidirayotgan shaxs bo‘lishi mumkin”.
Bu bayonotdan keyin ayrim xalqaro OAVlarda gap aynan Qolibof haqida ketayotgani taxmin qilindi. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Vashington cheklangan doiradagi eronlik siyosatchilar bilan yopiq muloqotlar olib bormoqda va Qolibof ham ular orasida bo‘lishi mumkin.
Biroq Qolibof bu iddaolarni qat’iy rad etdi. U AQSh bilan hech qanday muzokara bo‘lmaganini ta’kidlab, bu kabi xabarlarni “manipulyasiya” deb atadi. “Amerika bilan hech qanday muzokara o‘tkazilmadi. Bunday xabarlar moliya va neft bozorlariga ta’sir qilish hamda AQSh va Isroilning muammodan chiqishi uchun tarqatilmoqda”, — dedi u.
Hech qanday urush qisqa bo‘lmaydi
Qolibof mintaqadagi davlatlarni AQSh harbiylarini hududdan chiqarishga chaqirdi. Uning fikricha, AQSh bilan harbiy hamkorlik qilgan davlatlar “dushman” sifatida baholanishi mumkin. U avvalroq bergan intervyusida shunday degan edi: “Bu mintaqadagi hech qanday urush qisqa muddatli bo‘lmaydi va faqat bitta hudud bilan cheklanib qolmaydi». Bugungi voqealar fonida bu fikr jiddiy tahlil sifatida baholanmoqda.
Qat’iy siyosatchi va muzokara
Qolibofning diplomatik muloqotlarda tilga olinishi yangi holat emas. Eron tarixida qattiq pozitsiyadagi siyosatchilar muzokaralarda ishtirok etmagan, degan qarash noto‘g‘ri. Bu yerda gap ideologiyadan voz kechishda emas, balki ishonchli shaxslarni muzokaraga jalb qilishda.
Jorj Vashington universiteti tadqiqotchisi Sina Azodi Qolibofni “pragmatik, lekin qat’iy pozitsiyadagi siyosatchi” deb ta’riflaydi. Uning fikricha, Qolibof amaliy qarorlar qabul qilish qobiliyatiga ega va ehtimoliy kelishuvlarni amalga oshirish imkoniyati bor.
Boshqa tahlilchi Ali Voiz esa Qolibof ehtiyotkor siyosatchi ekanini ta’kidlaydi. Uningcha, agar AQSh bilan muzokaralar boshlansa, Qolibof Eron ichidagi qattiq pozitsiyadagi guruhlar qarshiligiga duch kelishi mumkin.
AQSh uchun maqbul sherik bo‘lishi mumkinmi?
Sobiq AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Maykl Singxning fikricha, Qolibofning o‘tmishdagi qat’iy siyosatlari Vashington uchun jiddiy to‘siq emas. AQSh pragmatik natija berishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan ishlashga tayyor.
Shu bilan birga, tahlilchilar: Qolibof AQSh sanksiyalari ro‘yxatida emasligi, uning harbiy va siyosiy tajribasi unga keng vakolat va ishonch bergani, biroq u mustaqil qaror qabul qilolmasligi — yakuniy qarorlar Eronning oliy rahbariyati tomonidan qabul qilinishini ta’kidlab keladi.
Harbiy va siyosiy faoliyati haqida
Qolibof sobiq Inqilob gvardiyasi havo kuchlari qo‘mondoni bo‘lib, Eron-Iroq urushida qatnashgan. U harbiy va siyosiy sohada katta tajribaga ega. 2005–2017-yillarda Tehron shahri hokimi sifatida ishlab, infratuzilmani rivojlantirish, metro va yo‘l qurilish loyihalari bilan tanilgan. Ammo unutmasligimiz kerakki, bu davrda korrupsiya ayblovlari ham bo‘lgan.
“Qattiq” o‘tmish
Qolibofning o‘tmishida namoyishlarni kuch bilan tarqatishda ishtirok etgani ham ma’lum. 2013-yilda tarqalgan audioyozuvda u shunday degan: “Meni mototsiklda, tayoq bilan namoyishchilarni urib yurgan holatdagi suratlarim bor. Men ko‘chada urganlar orasida edim”. Bu so‘zlar uning faqat siyosatchi emas, balki xavfsizlik tizimida faol ishtirok etgan shaxs ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa
Muhammad Boqir Qolibof — qattiq pozitsiyasiga qaramay, amaliy yondashuvga ega siyosatchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uning nomi diplomatik jarayonlarda tilga olinayotgani Eronning hatto keskin vaziyatlarda ham muloqot eshiklarini to‘liq yopmasligini ko‘rsatadi. Biroq urush taqdiri faqat bitta shaxsga bog‘liq emas — qarorlar Eronning oliy siyosiy tizimi doirasida qabul qilinadi.