Sport
Paralimpiya terma jamoalari uchun alohida sport bazalari biriktiriladi
Prezidentning “Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan paralimpiya sport turlarida terma jamoalarning puxta tayyorgarligini ta’minlash maqsadida har bir sport turi bo‘yicha alohida sport bazalarini biriktirish belgilandi.
2025 yil 11 dekabr kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, paralimpiya sport turlarini — parayengil atletika, paradzyudo, parataekvondo, parasuzish, parapauerlifting va parao‘q otishni yanada rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning parasportga qiziqishini oshirish, zarur sharoitlar yaratish, terma jamoalar uchun sport zaxirasini shakllantirish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning raqamlashtirilgan tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, sportchilarni tayyorlash tizimi takomillashtirilib, ularning imkoniyati va qiziqishidan kelib chiqqan holda sog‘lom sport guruhlarida ham shug‘ullanishi va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishiga shart-sharoit yaratilishi qayd etilgan.
Haqiqiy talabdan kelib chiqib, hududlarda ayrim davlat sport maktablarini paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish, paralimpiyachilarning nogironlik toifasi (klassifikatsiyasi)ni barvaqt aniqlash amaliyotini joriy etish ham belgilandi.
Sport
Senegaldan qit’a chempionligi olib qo‘yildi
Afrika Millatlar kubogi finalida Marokashga qarshi kechgan o‘yinda Senegal milliy jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozildi. Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) final uchrashuvi borasidagi yakuniy va shov-shuvli qarorini e’lon qildi.
Qarorga ko‘ra, Marokash rasman qit’a chempioni deb topildi.
Eslatib o‘tamiz, final bahsining 90+9-daqiqasida hakam Marokash foydasiga penalti belgilagach, Senegal futbolchilari norozilik sifatida maydonni tark etishgan edi. Oradan 15 daqiqa o‘tib, Sadio Mane boshchiligidagi jamoa maydonga qaytgan, penaltini esa Eduar Mendi qaytargan edi. Ekstra-taymlarda Pape Guye gol urib, Senegalni chempionlikka yetaklagandi.
Marokash tomoni o‘yin tugagach, Senegal futbolchilarining maydonni o‘zboshimchalik bilan tark etgani yuzasidan apellyasiya bergan edi. 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan maxsus komissiya yig‘ilishida mazkur holat turnir reglamentining 84-moddasiga zid deb topildi.
Garchi maydondagi bahs Senegalning g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, reglament buzilgani sababli g‘alaba Marokashga taqdim etildi. Shu tariqa, Marokash o‘z tarixidagi navbatdagi Afrika Millatlar kubogi oltin medallariga ega chiqdi.
Sport
Mirabror Usmonov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi ko‘magida «Yorqin kelajak» parashaxmat turniri bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda Mirabror Usmonov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi hamkorligida 18 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida “Yorqin kelajak” parashaxmat turniri ko‘tarinki ruh, samimiy muhit va katta qiziqish bilan o‘tkazildi. Shuningdek, turnirda respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan ishtirokchilar ham faol qatnashdilar. Shuningdek, turnirda respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan ishtirokchilar ham faol qatnashdilar.
Mazkur musobaqa nafaqat sport tadbiri, balki yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyat va imkoniyatlarini namoyon etishga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy loyiha sifatida ahamiyat kasb etdi. Qayd etish joiz, ushbu turnir ikkinchi bor tashkil etilmoqda — ilk musobaqa o‘tgan yili o‘tkazilib, keng jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan edi.
Turnir davomida ishtirokchilar o‘rtasida do‘stona muhit shakllanib, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash ruhi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Musobaqa rapid shaxmat formatida, shveysarcha tizim asosida 9 turdan iborat tarzda tashkil etildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida eng kuchli ishtirokchilar aniqlandi.
Musobaqada qariyb 100 nafar yosh shaxmatchi ishtirok etib, ular o‘zlarining yuqori tayyorgarligi, strategik fikrlash qobiliyati va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etdilar.
🏆 Musobaqa g‘oliblari:
10 yoshgacha bo‘lganlar toifasida:
1-o‘rin — Faxriddinova Yulduzxon
2-o‘rin — Yaqubjanov Otabek
3-o‘rin — Xayrulin Emilian
14 yoshgacha bo‘lganlar toifasida:
1-o‘rin — Baxtiyorov Xusan
2-o‘rin — Ergashov Nurmuhammad
3-o‘rin — Mahmudov Sunnatillo
18 yoshgacha bo‘lganlar toifasida:
1-o‘rin — Normo‘minov Uralbek
2-o‘rin — Ahmadxonov Abbosxon
3-o‘rin — Turg‘unboyev Sardor
Tadbir nafaqat sport musobaqasi, balki yoshlarni ruhlantiruvchi, ularning imkoniyatlari cheksiz ekanini namoyon etuvchi muhim ijtimoiy tashabbus sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, u yoshlarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini oshirish, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undash hamda shaxmat sport turini yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
🎁 Barcha ishtirokchilar Mirabror Usmonov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Asosiy g‘olib va sovrindorlarga esa qimmatbaho mukofotlar — monobloklar, televizorlar va planshetlar topshirildi.
🌙 Turnir yakunida barcha ishtirokchilar uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi. Bu esa Ramazon oyining fayzu barakasi, mehr-oqibat va birdamlik muhitini yanada mustahkamlab, tadbirga iliq va samimiy kayfiyat bag‘ishladi.
Sport
Senegaldan Afrika chempionligi qaytarib olindi va Marokashga berildi
Ikki oy oldin bo‘lib o‘tgan o‘yin natijasi bekor qilindi.
Afrika futbol konfederatsiyasi sensatsion qaror qabul qildi – Afrika Millatlar kubogi chempioni tituli Senegaldan qaytarib olinib, Marokashga berildi.
Kutilmagan qaror
17 mart kuni kechqurun Afrika futbol konfederatsiyasi rasmiy saytida tashkilot apellyatsiya kengashining bayonoti paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, kengash Senegal jamoasiga 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozib, 120 daqiqalik uchrashuvda mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, Marokashni Afrika Kubogi g‘olibi deb e’lon qilgan.
«Afrika futbol konfederatsiyasi Apellyatsiya kengashi bugun Afrika Millatlar kubogi qoidalarining 84-bandiga muvofiq Senegal jamoasining Marokash bilan Afrika Millatlar kubogi final uchrashuvi natijalari bekor qilingani haqida qaror qabul qildi. Endi o‘yin natijasi 3:0 hisobida Marokash foydasiga yoziladi», deyiladi bayonotda.
Marokash qirollik federatsiyasining Afrika Millatlar kubogi reglamentining 82 va 84-moddalarini qo‘llash bo‘yicha apellyatsiyasi yuzasidan kengash quyidagi qarorlarni qabul qilgan:
apellyatsiya maqbul deb topildi va qanoatlantirildi;
AFK intizomiy kengashining qarori bekor qilindi (ilgari jamoalar muxlislar, o‘yinchilar, murabbiylar va o‘yinning boshqa ishtirokchilarining nomaqbul xatti-harakatlari uchun jami 615 ming dollar jarimaga tortilgan edi);
apellyatsiya kengashi Senegal jamoasining xatti-harakatlari uchun Afrika Millatlar kubogi reglamentining 82 va 84-moddalarini qo‘llash mumkin deb hisoblaydi;
Marokash qirollik federatsiyasining protesti qanoatlantirildi;
Senegal futbol federatsiyasi o‘z jamoasining xatti-harakati bilan Afrika Millatlar kubogi reglamentining 82-moddasini buzgan;
Afrika Millatlar kubogi reglamentining 84-bandiga muvofiq, Senegal jamoasiga 0:3 hisobida mag‘lubiyat yozildi;
boshqa barcha iltimosnomalar rad etildi.
Sodda qilib aytganda, endi marokashliklar rasman 2026 yilgi Afrika kubogining yangi g‘oliblari hisoblanadi.
Bundan tashqari, o‘yin oxiridagi voqealar (VAR faoliyatiga aralashuv, bolboylar sochiq o‘g‘irlashi, muxlislar tomonidan lazer qo‘llanishi) tufayli turli tomonlarga 50 ming dollardan 100 ming dollargacha bo‘lgan jarimalar qo‘llangan.
Finalda nimalar bo‘lgandi?
Foto: AFP
18 yanvar kuni Marokashda bo‘lib o‘tgan final o‘yini natijasi qaytadan ko‘rib chiqilishiga o‘sha o‘yin oxiridagi epizod sabab bo‘ldi. O‘yin oxirida, hisob 0:0 bo‘lib turganida arbitr turnir mezbonlari foydasiga bir necha qaror chiqargandi. Avvaliga senegalliklarning goli bekor qilingan, keyin esa Braim Diasga ishlatilgan fol uchun Marokash foydasiga penalti belgilangandi.
Shundan keyin Senegal jamoasi bosh murabbiyi Pap Tiav keskin reaksiya qilib, futbolchilarni maydondan olib chiqib ketgandi. Tribunalardagi muxlislar esa maydonga tushib ketishga harakat qilgandi.
O‘yin 13 daqiqa davomida to‘xtab qolgan, keyin esa jamoa sardori Sadio Mane ularni maydonga qaytishga va o‘yinni davom ettirishga ko‘ndirgandi.
O‘yin tiklanganida avvaliga Dias penaltini aniq ijro etolmagan va o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tgan, overtaym boshlanganida Pap Geyye marokashliklar darvozasiga g‘alaba golini urgandi.
G‘olib jamoaning harakati katta tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Senegalliklar ustozi Tiav darhol oshirib yuborganini tan olgan va uzr so‘rab chiqqandi:
«Bizda tushunmovchilik yuzaga keldi. Bo‘lib o‘tgan voqea uchun futbol jamoatchiligidan uzr so‘rayman. Qiziqqonlik bilan qaror qabul qildim. Biz bunday qilmasligimiz kerak edi», – degandi u o‘yindan keyin.
Ammo Tiav kechirilmadi – yanvardayoq AFK uni 100 ming dollar miqdorida jarimaga tortgandi. Endi esa kubok ham qaytarib olindi.
«Kubok bizniki»
Tabiiyki, afrikalik muxlislar misli ko‘rilmagan bu qarordan karaxt ahvolga tushishdi. G‘oliblikdan mahrum qilingan senegalliklar ijtimoiy tarmoqlarda konfederatsiyani yoppasiga tanqid qilishmoqda.
«Afrika kubogi turnirini to‘xtatish vaqti keldi», – deya yozgan foydalanuvchilardan biri.
«Biz allaqachon bayram qildik va rohatlandik! Tarix haqiqiy g‘olib sifatida Senegalni eslab qoladi», – deya qo‘shimcha qiladi ikkinchisi.
«Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, aynan shunday sabab uchun Afrika doim kulgiga qoladi», – deya keskin fikr bildiradi uchinchi muxlis.
«Marokashliklar bunday g‘alabadan xursand bo‘la oladimi?» – deya savol bergan boshqasi.
Kuboksiz qolgan qator futbolchilar ham bu qarorga kinoya bilan munosabat bildirdi – Pap Guyye, Mamadu Sarr, Ismail Yakobs kabi futbolchilar ijtimoiy tarmoqlarda sovrin bilan tushgan suratlarini joylashgan va kulayotgan smaylik qo‘yishgan.
Senegal futbol federatsiyasi esa g‘alaba nishonlanayotgan vaqtda olingan videoni qaytadan e’lon qilgan.
Sport
«Siti» turnirni tark etdi, Lissabonda kambek. YeChLda kun o‘yinlari
YeChLda seshanba oqshomidagi o‘yinlardan keyin chorakfinalning to‘rt ishtirokchisi ma’lum bo‘ldi: «Siti» javob o‘yinida ham yutqazdi, «Chelsi» ikki o‘yinda 8 gol o‘tkazdi, «Budyo-Glimt» ertagi yakunlandi, «Arsenal» oson g‘alabaga erishdi.
«Sporting» 0:3 dan chiqib ketdi
«Sporting» – «Budyo-Glimt» 5:0
Gollar: Gonsalu Inasiu, 34 (1:0). Gonsalvesh, 61 (2:0). Suares, 78 – penalti (3:0). Arauxo, 92 (4:0). Nel, 120+1 (5:0)
«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu, Kuarejma (Debast, 64), Arauxo (Diomande, 110), Fresneda, Morita (Bragansa, 68), Yulmann, Trinkau (Fayye, 110), Gonsalvesh (Santush, 68), Katamu, Suares (Nel, 116)
«Budyo-Glimt»: Xaykin, Bertuft, Gundersen (Aleyesami, 106), Berkan, Sevold, Berg, Fet (Euklenn, 90+1), Even (Bassi, 85), Hauge (Saltnes, 79), Blomberg (Myayattya, 85), Heg (Helmersen, 79)
Ogohlantirishlar: Yulmann, 47. Fresneda, 74. Santush, 104 – Blomberg, 6. Heg, 68. Bassi, 105. Saltnes, 118
Birinchi o‘yin: 0:3
Bir hafta oldin safardan yirik hisobdagi mag‘lubiyat bilan qaytgan portugallar Lissabondagi javob o‘yinida kambek amalga oshirdi. Mezbonlar ilk daqiqalardan hujumga otlandi, Pedru Gonsalvesh, Fransishku Trinkau, Maksimiliano Arauxo va Luis Suaresda yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, ammo hisobni himoyachi Gonsalu Inasiu ochdi – u Trinkau tomonidan ijro etilgan burchak zarbasidan so‘ng boshda aniq zarba yo‘lladi.
«Sporting» shundan keyin ham bosim o‘tkazishda davom etdi, ammo zarbalar bo‘yicha yaqqol ustunlikka qaramay (15:4), tanaffusga minimal hisobdagi ustunlik bilan yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limning dastlabki qismida norvegiyaliklar o‘yinga qaytishga harakat qilishdi va bir necha hujumlar uyushtirishdi, ammo 61-daqiqada mezbonlar ikkinchi golni ham urishdi: Suares qanotdan oshirgan to‘pni Gonsalvesh darvozaga to‘g‘rilab yubordi.
Mehmonlar o‘yinni o‘z darvozasidan uzoqlashtira olmadi va ko‘p o‘tmay Berkan jarima maydoni ichida to‘pni qo‘l bilan o‘ynadi, belgilangan penaltini Suares aniq ijro etib, ikki o‘yindagi umumiy hisobni tenglashtirdi – 3:3.
Bir necha daqiqa o‘tib Nunu Santush o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo uning jarima zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi. Mezbonlar 90 daqiqa davomida jami zarbalar bo‘yicha 34:6 hisobida katta ustunlikka erishishdi, lekin uch gol bilan cheklanishdi.
Natijada o‘yin taqdiri qo‘shimcha bo‘limlarda hal etiladigan bo‘ldi. Bo‘limlarning birinchisi boshlanishi bilanoq baribir o‘yin taqdiri hal bo‘ldi: Trinkauning navbatdagi uzatmasini Arauxo golga aylantirdi. Qo‘shimcha ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Rafael Nel yakuniy hisobni o‘rnatdi – 5:0, umumiy hisob esa – 5:3.
Bu YeChL pley-offlari tarixida birinchi o‘yindagi yirik farq javob o‘yinida yo‘qqa chiqarilishi bilan bog‘liq beshinchi holat bo‘ldi. Bungacha bu ishni «Deportivo» («Milan» bilan 1:4, 4:0), «Roma» («Barselona» bilan 1:4, 3:0), «Liverpul» («Barselona» bilan 0:3, 4:0) hamda «Barselona» («PSJ» bilan 0:4, 6:1) uddalagan.
Shu tariqa, turnir kashfiyoti bo‘lgan norveglar birinchi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonganiga qaramay, o‘z ishtirokini yakunladi. «Sporting» esa o‘z tarixida ilk bor YeChL chorakfinalida o‘ynaydi.
Qizil hal qildi
«Manchester Siti» – «Real» 1:2
Gollar: Vinisius Junior, 22 – penalti (0:1). Holand, 41 (1:1). Vinisius Junior, 90+3 (1:2)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash (Ake, 46), Husanov, Ayt Nuri, Mateus Nunes (Marmush, 57), Rodri (Gonsales, 74), Bernardu Silva, Reynders (Geyi, 46), Doku, Sherki, Xoland (Semenyo, 57)
«Real»: Kurtua (Lunin, 46), Ryudiger, Hausen, Garsiya, Aleksandr-Arnold (Karvahal, 83), Tshuameni, Pitarch (Kamavinga, 74), Arda Guler (Manuel Anhel, 74), Valverde, Vinisius Junior, Dias (Mbappe, 69)
Ogohlantirishlar: Husanov, 45 – Mbappe, 76. Aleksandr-Arnold, 80
Chetlatish: Bernardu Silva, 20
Birinchi o‘yin: 0:3
«Manchester Siti»da Madridda kechgan birinchi o‘yindan keyin (0:3) chorakfinalga yo‘l olish uchun minimal imkoniyat saqlanib qolgandi. Buning uchun Gvardiola shogirdlaridan kamida o‘z uyida uchta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonish va o‘yinni overtaymlarga olib o‘tish talab etilardi.
Madridliklar tarkibidagi muammolardan kelib chiqilsa, bu uddalab bo‘lmas topshiriq emasdi. Arbeloa hamon Bellinghemning xizmatlaridan foydalana olmaydi, hali to‘liq tiklanib ulgurmagan Mbappe esa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi, natijada hujum chizig‘ida Vinisiusuga bu safar ham Braim Dias sherik bo‘ldi. Yarimhimoya chizig‘ida ham jarohatlar tufayli yosh Pitarch o‘ynamoqda. Himoya chizig‘ida esa Karreras hali safga qaytmadi – chap qanotda uning o‘rniga saviya borasida undan ancha ortda qoluvchi Fran Garsiya o‘ynashiga to‘g‘ri kelmoqda. «Siti»da esa asosiy tarkibda jarohatlar yo‘q – Gvardiola Geyi, Semenyo va Foden kabi futbolchilarni zaxirada qoldirishni o‘ziga ep ko‘ra olardi. U bu safar ham «Real»ning qarshi hujumlariga qarshi tezkor Husanovni startga qo‘ydi.
Kambek uchun «Etihad»da tezkor gol urib olish talab etilardi. Ammo o‘yinning ilk daqiqalarida golga madridliklar yaqin kelishdi: birinchi o‘yin qahramoni, Donnarumma darvozasiga het-trik qayd etgan Valverde yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo bu safar unga aniqlik yetishmadi.
«Siti» bunga javoban kuchli bosim bilan javob qaytardi: besh daqiqa ichida uchta xavfli vaziyat yaratildi. Tibo Kurtua Sherki va Rodrining xavfli zarbalarini qaytardi, Reyndersning zarbasini esa Hausen to‘sib qoldi.
Shundan keyin ushbu qarama-qarshilik taqdirini hal qilgan epizod ro‘y berdi.
17-daqiqada «Real» qarshi hujum uyushtirdi, Vinisiusning dastlabki zarbasi ustunga tegdi, qaytgan to‘pni egallab olgan hujumchi yaqin burchakka zarba yo‘lladi, ammo to‘pni Bernardu Silva to‘sib qoldi. Hakam esa «o‘yindan tashqari holat» qayd etdi va shu bilan tahdid arigandek edi. Ammo vaziyatga VAR aralashdi – avvaliga Vinisius ofsaydda emasligi ma’lum bo‘ldi. Keyin esa Bernarduning holati ko‘rib chiqildi, yakunda u to‘pni qo‘li bilan qaytargan deb topildi va bosh hakam Kleman Tyurpen unga qizil kartochka ko‘rsatib, «Siti» darvozasiga penalti belgiladi.
Madriddagi o‘yinda penaltini ura olmagan Vinisius bu safar zarbani aniq ijro etdi va ikki o‘yindagi umumiy hisob 4:0 ko‘rinishiga keldi – ushbu qarama-qarshilik taqdiri amalda hal bo‘ldi.
Lekin «Siti» taslim bo‘lmadi va ozchilik bo‘lib qolganiga qaramay to‘liq kuch bilan oldinga tashlandi. Kurtua qahramonlik ko‘rsatishda davom etdi, ammo bo‘lim oxirida Erling Holand raqib jarima maydoni ichida yuzaga kelgan palapartishlikdan foydalanib, o‘z golini urishga erishdi.
Ammo ikkinchi bo‘lim quruq rasmiyatchilikka aylanib bo‘lgandi. Pepning o‘yinchi almashtirishlari ham, futbolchilarning oxirgi kuchini maydonga tashlashi ham foyda bermadi.
Gvardiola 57-daqiqadayoq Holandni maydondan olib, Semenyoni tashladi. Bo‘lim davomida «Siti» ikki bor darvozani ishg‘ol etdi, ammo ikki holatda ham ofsayd qayd etildi. Vinisius esa dublni rasmiylashtirdi.
«Real» kuchli raqibga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozondi va chorakfinalga chiqdi. Navbatdagi bosqichda madridliklarga 99 foizlik ehtimol bilan «Bavariya» raqib bo‘ladi.
Gvardiolaning esa Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsizligi davom etadi – uning jamoasi so‘nggi besh yil ichida to‘rtinchi marta «Real»ga yutqazib, turnirni tark etmoqda.
«Arsenal»da kutilgan g‘alaba
«Arsenal» – «Bayyer» 2:0
Gollar: Eze 36, Rays 63
«Arsenal»: Rayya, Timber, Saliba, Gabriel, Inapkiye, Rays, Subimendi, Eze (Havers, 69), Saka, Trossar (Martinelli, 69), Yokeresh.
«Bayyer» Blahich, Kuansa, Andrih, Terriyer (Tillman, 60), Tapsoba, Poku, Grimaldo, Garsiya, Palasios (Shik, 70), Maza, Kofane.
Birinchi o‘yin: 1:1
APLda peshqadamlik qilayotgan «Arsenal» YeChLda ham yurishini davom ettirmoqda. Umumiy guruh bosqichida 100 foizlik natija qayd etgan londonliklar nimchorak finalning safarda kechgan birinchi o‘yinida «Bayyer»ga umid bergandi (1:1), ammo Londondagi javob uchrashuvida raqibga hech qanday imkon berilmadi.
«Arsenal» ilk daqiqalardan o‘yinni nazorat qildi va asta-sekinlik bilan bosimni oshirib bordi. Arteta shogirdlari nemislarni maydonning ikkinchi qismidayoq qarshi olishdi va to‘pni qaytarib olib, xavfli vaziyatlar yaratishdi. Birgina Trossarning o‘zi bo‘lim davomida to‘rt bor zarba berdi. Mehmonlar darvozaboni Blasvihning qahramonliklari bo‘lmaganida hisob birinchi bo‘limdayoq yirik ko‘rinishga kelishi mumkin edi. Ammo u ham bo‘lim oxirlarida Ezening fantastik qarshisida ojiz qoldi. Eberichening jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘qqizligiga borib tushdi.
«Bayyer» ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirish uchun oldinga o‘tdi, ammo londonliklar tartibli himoyalanishdi va raqibga vaziyatlar yaratishga imkon bermadi. Keyin esa Rays jarima maydoni tashqarisidan yerlatib yo‘llagan aniq zarbasi bilan o‘yin masalasini uzil-kesil hal qildi.
Yo‘qotadigan narsasi qolmagan nemislar qolgan daqiqalarda yana oldinga tashlanishdi, ammo mezbonlar ularni jarima maydoniga ham kiritmadi. O‘z navbatida, «Arsenal» xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi va uchinchi golni ham urdi, ammo Haversning goli to‘p qo‘l bilan o‘ynalgani tufayli bekor qilindi.
Yakunda ikki gol farqidagi g‘alaba saqlanib qoldi va «Arsenal» keyingi bosqichda «Sporting»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.
«Chelsi»da antirekordlar
«Chelsi» – «PSJ» 0:3
Gollar: Kvaratsxeliya, 6 (0:1). Barkolya, 15 (0:2). Mayulu, 62 (0:3)
«Chelsi»: Sanches, Hato, Chaloba, Kukurelya (Adarabioyo, 71), Sarr (Achimpong, 46), Santos, Kaysedo, Fernandes (Lavia, 60), Joao Pedro (Delap, 59), Pedru Netu, Palmer (Garnacho, 59)
«PSJ»: Safonov, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh (Ernandez, 66), Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh (Mayulu, 46), Zair-Emeri, Kvaratsxeliya (Li Kan In, 73), Barkolya (Due, 59), Dembele (Ramush, 66)
Birinchi o‘yin: 2:5
Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasida Londonda kechgan yana bir uchrashuvda «Chelsi» «PSJ» bilan birinchi o‘yindagi (2:5) uchta to‘p farqini yo‘qqa chiqarish uchun maydonga tushdi, ammo yana uchta gol o‘tkazib yubordi.
Parijdagi uchrashuvda dubl qayd etgan Xvicha Kvaratsxeliya javob o‘yinida 6-daqiqadayoq intrigani o‘ldirdi. Biroz o‘tib Barkolya ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Mezbonlar ustozi Liam Rosenior ikkinchi bo‘limda birdaniga uchtalik almashtirish qilishi (Palmer, Fernandes va Joau Pedro o‘rniga Garnacho, Lavia va Delap) hech qanday foyda bermadi. Mehmonlarning zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchisi Mayulu esa biroz o‘tib yakuniy hisobni o‘rnatdi – 0:3.
«Chelsi» bu o‘yinda antirekordlar qayd etdi: jamoa YeChLda bungacha 14 daqiqa ichida ikki gol o‘tkazishi va pley-offda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 8 gol o‘tkazib yuborishi hali kuzatilmagandi.
Ushbu ishni uddalagan «PSJ» esa so‘nggi yetti mavsumda beshinchi bor asosiy yevrokubok chorakfinaliga yo‘l oldi. Jamoa hech qachon 1/4 finalda qoqilmagan va doim keyingi bosqichga o‘tgan.
Parijliklar bu bosqichda «Liverpul» va «Galatasaroy» juftligiga qarshi o‘ynaydi (bu jamoalarning birinchi o‘yinida istanbulliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozongan, javob o‘yini bugun Angliyada bo‘lib o‘tadi).
Sport
Eron milliy jamoasi JCh-2026 o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib bormoqda
Qur’aga ko‘ra, Eron milliy jamoasi JCh-2026 o‘yinlarini AQSh hududida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Ammo davom etayotgan urush buni imkonsiz qilishi mumkin.
Tehron 2026 yilgi jahon chempionati o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mahdiy Toj ma’lum qildi.
«Tramp Eron terma jamoasi xavfsizligini kafolatlay olmasligini aniq aytganligi sababli, biz Qo‘shma Shtatlarga bormasligimiz aniq. Biz FIFA bilan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz», dedi Toj.
FIFA bunga rozilik bersa, Meksika 2026 yilgi jahon chempionatida Eron terma jamoasi o‘yinlarini o‘tkazishda muammoga duch kelmaydi, dedi bunga javoban Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum.
Tramp 12 mart kuni Eron terma jamoasining JCh-2026 turniriga kelishini maqsadga muvofiq emas deb hisoblashini aytgandi.
«Eron futbol terma jamoasi jahon chempionatida olqishlanadi, ammo men ularning hayoti va xavfsizligi uchun u yerga borishini o‘rinli bo‘lishiga chindan ham ishonmayman», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Avvalroq, 11 mart kuni Eron sport vaziri Ahmad Dunyomoliy Eron terma jamoasi yozda AQSh, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan turnirda ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi. Biroq 16 mart kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Tehrondan terma jamoaning jahon chempionatidan chetlatilgani haqida hech qanday xabar olmagani ma’lum bo‘ldi.
Eron milliy jamoasi JCh-2026 o‘yinlarini AQSh hududida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Qur’aga ko‘ra, ular Inglvud va Sietl shaharlarida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan kuch sinashadi.
-
Jamiyat4 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Sport5 days agoHasanboy Do‘smatov professional boksdagi navbatdagi jangini Bishkekda o‘tkazadi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp yashirishga uringan Eronga qarshi urush sababi ma’lum bo’ldi
-
Jamiyat4 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
-
Iqtisodiyot2 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Sport4 days agoFutbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
-
Dunyodan3 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Iqtisodiyot4 days ago2026 yilda paxtani mashinada terish ulushi 70 foizga yetkaziladi
