Jamiyat
Ozoda Nursaidova klipi jarayonida avariya bo‘lgan aktrisa Turkiyada operatsiya qilinadi
Avtohalokat sabab nogiron bo‘lib qolgan Sabrina Jabborova Turkiyada operatsiya qilinadi. Uning nomiga ochilgan kartaga xayriya mablag‘lari yig‘ilyapti. Bu haqda aktrisa o‘z Instagram sahifasida ma’lumot berib, xonanda Ozoda Nursaidova va Munisa Rizayeva bilan bo‘lgan suhbat videosini joyladi.
Ozoda Nursaidovaning klipida suratga tushish jarayonida mashina tagida qolgan Sabrina Jabborova operatsiya uchun Turkiyaga olib ketilishi ma’lum qilindi. Bu haqda aktrisaning o‘zi Instagram sahifasida video joyladi. Unda xonandalar Ozoda Nursaidova, Munisa Rizayeva Sabrinani ko‘rishga borgani va u bilan suhbati aks etgan.
Aktrisa operatsiya uchun xayriya mablag‘i yig‘ilgani va bu uchun odamlardan minnatdor ekanini aytgan.
“Butun dunyo, O‘zbekistondagilar mening oyoqqa turishim, kasalxona uchun kartamga pul tashlashyapti. Birinchi navbatda buni ko‘targan Jasmina opaga rahmat. Davolanish, operatsiya, oila qurishim, bemalol yurishim va farzand ko‘rishim uchun meni qo‘llab-quvvatlab, pul tashlayapsizlar. Alloh rozi bo‘lsin”, — degan u.
Videoda xonanda Ozoda Nursaidova o‘zini oqlamoqchi emasligi, bo‘lgan ishdan xafa ekanini aytib, voqeaga befarq bo‘lmagan barchaga rahmat aytgan.
“Ko‘p narsa bo‘lgan ekan, men oqlamoqchi emasman, vaziyat aynan oyog‘i 7 santimetr uzunligi, operatsiyada muammo borligini xabarlar chiqqandan keyin bildim. Negadir reabilitatsiya bo‘lyapti deb xotirjam bo‘lganman. Bu meni oqlaydigan vaziyat emas. Bu shunaqa noto‘g‘ri vaziyat. Men xato informatsiya olganman. Bundan bu yog‘iga Sabrinaga 2-3 bosqichli operatsiya qilish kerak ekan, Munisaga, Jasminga rahmat. Befarq bo‘lmagani uchun xalqimizga rahmat, mushkul operatsiya ekan, qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz”, — degan xonanda.
Munisa Rizayeva operatsiya uchun ko‘p shifokorlar bilan gaplashgani va rad javobini olgani, faqat Turkiyadagi bir professor operatsiyaga rozi bo‘lganini aytgan.
«Shu bilan hammaning Instagram sahifasida karta raqamini qo‘ydik. Xalqimizga rahmat demoqchiman, qanchalik boshqachasizlar baribir, butun dunyodan yaxshi pul yig‘ildi. Biz biletlar sotib oldik. Hech qanaqa homiylar yo‘q, kim homiylik qilmoqchi bo‘lsa, Sabrinaning kartasiga tashlashingiz mumkin», — degan Rizayeva.
Voqea qanday bo‘lgan?
2024 yilning 7 noyabr kuni xonanda Ozoda Nursaidovaning «Dilbarim» qo‘shig‘i uchun klip suratga olish jarayonida baxtsiz hodisa yuz berib, aktrisa Sabrina Jabborovani avtomobil bosib ketgan. Voqea Jabborova o‘z sahifasida baxtsiz hodisa haqida ma’lum qilganidan keyin shov-shuv bo‘ldi.
Aktrisaning yozishicha, «Mercedes-Bens» G-klass («Gelendvagen») boshqaruvida voyaga yetmagan boshqa aktrisa S.M. bo‘lgan. U ham klipda suratga tushayotgan bo‘lgan.
«Voyaga yetmagan aktrisa operator va rejissyor Sh.M.ning ko‘rsatmasi bilan gaz pedalini bosgan, biroq o‘sha paytda mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Mashinaning g‘ildiraklari Sabrina ustidan ikki marta o‘tib ketdi: oldingi g‘ildiragi butunlay uning ustidan o‘tgan, orqa g‘ildiragi esa qizning ustida aylanib ketgan. Voqea natijasida Sabrinaning tos suyagi singan, boshqa a’zolari og‘ir jarohat olgan», – deyiladi Jabborovaning Instagram’dagi sahifasida qoldirilgan ma’lumotda.
Unda aytilishicha, jabrlanuvchiga birinchi yordam vaqtida ko‘rsatilmagani tufayli ko‘p qon yo‘qotgan. Keyin uni 4-sonli kasalxonaga olib borishgan, 9 soatlik operatsiyadan so‘ng bemorning hayoti saqlab qolingan. Biroq jarrohlik amaliyoti noto‘g‘ri bajarilgani natijasida uning chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib, qiz nogiron bo‘lib qolgan.
«Ular bu haqda menga darhol aytmadi, faqat uch oydan keyin ahvolimni ma’lum qilishdi. Shu vaqt ichida suyaklarim noto‘g‘ri bitdi va endi chap oyog‘im 7 sm uzunroq. Buni to‘g‘rilash uchun yana tos suyagimni sindirib, qaytadan mahkamlab qo‘yishadi. Shifokorlarning aytishicha, bunday operatsiya 0,5−1 foiz hollarda uchraydi. Ko‘pincha bunday baxtsiz hodisalarda odamlar halok bo‘ladi, lekin men tirik qoldim», – degan qiz keyinroq bergan izohida.
Qarshi taraf fikri qanday?
Sabrina haqidagi xabarlar tarqalgach, Ozoda Nursaidovaning menejeri Dilmurod Sattorov va klip operatori Shuhrat Mavlonov voqea haqida o‘z fikrlarini aytib, Instagram sahifasida video joylagan (video hozir tarmoqdan olib tashlangan). Jumladan, Sattorov Ozoda Nursaidova va uning jamoasiga qo‘yilgan ayblovlardan noroziligini bildirib, qizga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilganini qo‘shimcha qilgan.
«Ozoda opaning klipida bo‘lgan vaziyat haqida hamma turli xil gapiryapti. Bu yerda maqsad boshqa narsa bo‘lgan, bizga uy oldirmoqchi bo‘lishgan, kerak bo‘lsa boshqa narsa qildirmoqchi bo‘lishgan. Ozoda opa u klipda qatnashmagan, buyurtmachi sifatida klip olib beringlar deb, biz hozir kimgadir tuhmat qilishga haqqimiz yo‘q», – degan Sattorov.
Shuhrat Mavlonov esa klipda operator sifatida taklif qilingani, baxtsiz hodisa atayin qilinmagani, qizga yordam ko‘rsatilayotganini bildirgan. «Rulda o‘tirgan qiz bilmasdan qilgan, yaqinda oyoqqa turibdi u qiz, unga yaqingacha kvartirasi, yeb-icharigacha, oyma-oy 500 dollar berilgan. Endi oxirida kelib, uy, mashina talab qilinyapti», – degan Mavlonov.
Dilmurod Sattorov Gazeta.uz’ga bergan intervyusida uning jamoasi «Dilbarim» klipini suratga olish jarayonida ishtirok etmaganini aytgan.
«Biz rejissyor va uning jamoasidan klip suratga olishni buyurtma qildik. Voqeadan xabar topgach, Ozoda bilan birga darhol maydonga yetib bordik. Voqea joyida tez yordam shifokorlari yordam ko‘rsatayotgan ekan. Keyinroq tez yordam mashinasi keldi, men u bilan birga shifoxonaga bordim. U 3−4 soat davomida tekshirildi va operatsiya qilindi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni Toshkent shahri IIBB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sattorovning aytishicha, jabrlanuvchi qizning atrofidagilar unga yangi uy sotib olishni muhokama qilishgan, biroq Ozoda Nursaidova bunga rozi bo‘lmagan.
«Uning atrofidagilar yangi kvartira sotib olishni muhokama qilishdi va hatto menga Telegram’da e’lonlar yuborishdi. Ammo biz rad etdik, chunki yakuniy qarorni sud qabul qilishi kerak. Kim aybdorligini qonun belgilaydi», — deya ta’kidlagan u.
Ozoda Nursaidova izohi
Voqea haqida Ozoda Nursaidovaning o‘zi ham videomurojaat chiqardi. U voqeadan afsusda ekanini, qizga birinchi yordam ko‘rsatilgani va hozirgacha ko‘rsatib kelinayotganini aytgan.
«Operatsiya noto‘g‘ri qilingan va bir oyog‘i kalta bo‘lib qolgan deyishdi. Buni ham men OAVdan eshitdim. Yaqinda Sabrina s’yomkalarga borayotganini aytishdi, men eshitib xursand bo‘ldim. Mart oyida ham yordamni tashlab keldik. Men muhtoj odamga qo‘ldan kelgancha yordam qilganman. Qanday qilib bundan chetda turaman, hech kim chapak chalib o‘tirgani yo‘q, tergov ketyapti. Kunlik kvartira pulini to‘rt oy, mana, beshinchi oy to‘layapmiz. Uning sog‘ayishi uchun qo‘ldan kelgancha yordam beramiz», —degan u.
Ahad Qayum ham sud javobini kutyapti
Hodisa tafsilotlariga ko‘ra, Sabrinani bosib ketgan voyaga yetmagan aktrisani suratga olish maydonchasiga Ahad Qayum olib kelgan. Ahad Qayum ham voqeaga o‘z munosabatini bildirdi. U agar sud uni aybdor deb topsa, buni qabul qilishini bildirgan.
«4-5 oy davomida Sabrinaning yonida turganman. Ikkinchi operatsiya muammosi ko‘tarilganda, buni summasini aniqlanglar, buni bir o‘zim ko‘tarolmayman, jamoa bilan gaplashamiz, dedim. Bir kunda 5-6 marta borib, yordam berganman, nega bu masala aytilmayapti. Rulda bo‘lgan qizning sha’niga ham yaxshi gaplar aytilmayapti. Tergov jarayonlari boshlangan. Qonun idoralarimiz 100 foiz meni aybdor deb topadigan bo‘lsa, men javob berishga tayyorman», — degan u.
Onasi shifokorlardan rozi
Sabrinaning onasi qizni operatsiya qilgan shifokorlardan minnatdor ekanini aytib, murojaat yo‘llagan: «Tez yordam uni Kadyshevadagi 4-sonli shifoxonaga olib borgan. Shifokorlar hushyorlik bilan qizimning hayotini saqlashga ancha harakat qilishgan. 9 soat operatsiya bo‘lgan, suyak o‘ta maydalanib ketgan. Shu maydalanib ketgan suyaklarni terishgan, qonni to‘xtatib, qizimning hayotini saqlab qolgani uchun ham ulardan minnatdorman. Jonlari sog‘ bo‘lsin, Salohiddin, Dilshod, hamshiralari Lolaga minnatdorligimni bildiraman. Uyga kelib ham yordam qildi, ulardan xafa emasman. Allohga shukur, qizimni o‘lim yoqasidan qaytarishdi, O‘zbekistonda qizimning hayotini saqlab qolishdi», — degan ayol.
Baxtsiz hodisada 2 kishi urib yuborilgan
Voqea haqida Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 2024 yilning 7 noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Yangi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan avtoturargohlarning birida haydovchi voyaga yetmagan, 2008 yilda tug‘ilgan S.P. «Mercedes Bens» rusumli, davlat raqam belgisi 01 Q 555 BB bo‘lgan avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003 yilda tug‘ilgan J.S. va 2006 yilda tug‘ilgan Sh.E.) urib yuborgan. Natijada jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, fuqaro Sh.E.ning holati og‘irlik darajasi bo‘yicha yengil tan jarohati, fuqaro J.S. esa og‘ir tan jarohati deb baholangan.
«Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, tegishli tartibda sudga yuborish chorasi ko‘rilmoqda», – deyiladi rasmiy xabarda.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
