Siyosat
O‘zLiDeP va Turkiyaning «Adolat va taraqqiyot» partiyaci o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Turkiyaning «Adolat va taraqqiyot» partiyasi raisi o‘rinbosari Z.Sirakaya boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Turkiya delegatsiyasi tarkibiga shuningdek, «Adolat va taraqqiyot» partiyasi raisining turkiyzabon davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari K. Zorlu va boshqa bir qator rasmiy vakillar kirgan.
Mehmonlarni kutib olar ekan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil taraqqiy etib borayotganligiga urg‘u berdi. Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat ekani e’tirof etilib, mazkur tarixiy voqeadan buyon Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar barcha yo‘nalishlarda rivojlanib borayotganini urg‘uladi. «Ayniqsa, – deya ta’kidlab o‘tdi A.Xaitov, – ushbu munosabatlar keyingi sakkiz yil ichida mutlaqo yangi sifat darajasiga chiqdi. Mamlakatimizda turk hamkorlar bilan birga 100dan ziyod qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, umumiy qiymati 10 milliard dollar bo‘lgan istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilganligi, o‘zaro savdo hajmi tobora oshib borayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi. Qolaversa, ikki davlatning xalqaro tuzilmalar doirasidagi faoliyati, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi samarali faoliyati ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda».
Partiya yetakchisining ta’kidlashicha, ushbu munosabatlar asosida ikki davlat rahbarlari – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar turgan bo‘lib, aynan shu munosabatlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlanib borishiga mustahkam asos yaratmoqda.
Uchrashuvda so‘z olgan Turkiyaning «Adolat va taraqqiyot» partiyasi raisi o‘rinbosarlari Z.Sirakaya va K.Zorlu o‘z chiqishlarida O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlar Turkiya xalqaro munosabatlarida hamisha muhim o‘rin tutib kelgani, bu nafaqat O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda joylashgan o‘ziga xos o‘rni, balki ikki xalqni yuz yillar davomida birlashtirib turgan tarixi bilan ham bog‘liqligiga urg‘u berdilar. Ikki mamlakat yetakchilari mustahkam asosini yaratib bergan o‘zaro yaqinlik yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarda O‘zbekiston va Turkiya yetakchi siyosiy kuchlari ham o‘z hissasini qo‘shishi maqsadga muvofiqligiga e’tibor qaratib o‘tdilar.
Uchrashuvda partiyalararo aloqalarni mustahkamlash ushbu maqsadlarga erishishda muhim vosita ekaniga urg‘u berildi. Har ikki partiyaning aholi farovonligini oshirish, mamlakatlar ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash yo‘lidagi harakatlari bir-biriga uyg‘unligi, ularni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik mexanizmlarini ishga solish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki partiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va unga aniq mazmun bag‘ishlash maqsadida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat doirasida partiyaviy qurilish masalalarida tajriba almashish, ikki davlat parlamentlari hamda mahalliy vakillik organlaridagi partiya deputatlik guruhlari o‘rtasida, yoshlar va ayollar qanotlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘zda tutilgan. Qolaversa, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish, ikki partiya tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish masalalariga ham urg‘u berilgan.
Bunday yaqin partiyalararo hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.
«Adolat va taraqqiyot» partiyasi delegatsiyasi vakillari tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida bo‘lib, parlament a’zolari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazishdi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui va Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari bilan tanishishdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat22 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat21 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
