Jamiyat

O‘zini prezident administratsiyasi xodimi deb tanishtirib, ishini bitkazishga uringan shaxs ozodlikdan mahrum qilindi

Published

on


U o‘zini prezident administratsiyasi ishlovchi Alisher Sulaymonov deb tanishtirgan. Soxta mansabdor Yakkasaroy tumanida uning boshqaruvidagi mashinani to‘xtatgan yo‘l-patpul xizmati xodimiga Davlat xavfsizlik xizmatida ishlashini aytib, qalbaki guvohnomani ko‘rsatgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkent shahrida o‘zini prezident administratsiyasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirib yurgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Toshkent shahar IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda poytaxtning Yakkasaroy tumanida 33 yoshli Javohir Orifjonov boshqaruvidagi Lacetti YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Hujjatlarni tekshirish jarayonida haydovchi o‘zining Davlat xavfsizlik xizmati xodimi ekanini ma’lum qilib, yo‘l-patrul xizmati inspektoriga DXXga tegishli bo‘lgan guvohnomani ko‘rsatgan. Shuningdek, Javohir Orifjonov uni qo‘yib yuborishlarini iltimos qilib, go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi rahbar tanishiga qo‘ng‘iroq qilgan. Ushbu shaxs yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimiga uni qo‘yib yuborish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘zini shubhali tuta boshlagan shaxsning ma’lumotlarini tekshirib ko‘rgan. Natijada fuqaro ko‘rsatgan xizmat guvohnomasi qalbaki ekani, DXXga umuman aloqasi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Gumonlanuvchi shu joyning o‘zida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Olib borilgan surishtiruvlar natijasida Javohir Orifjonovning yana bir qator boshqa qilmishlari oshkor bo‘lgan. U odatda o‘zini prezident administratsiyasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi sifatida tanishtirgan hamda soxta mansabdor shaxs niqobi ostida shaxsiy masalalarini hal qilib kelgan. Bunda u oldindan tayyorlab olgan soxta guvohnomalardan foydalangan.

“Men o‘zimni prezident administratsiyasida ishlovchi Alisher Sulaymonov deb tanishtirganman. Undan keyin o‘zim yana qaytib chiqib, o‘sha kishining jiyani bo‘laman, iltimos, ozgina yordamingiz kerak, deb o‘zimning ishlarim tezroq hal bo‘lishi uchun yordam so‘raganman. Judayam noto‘g‘ri bu, kechiringlar meni”, degan Javohir Orifjonov.

Sud hukmi bilan Javohir Orifjonov Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlari va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Toshkent shahar IIBB Javohir Orifjonovning jinoiy qilmishlaridan jabr ko‘rgan fuqarolar bo‘lsa, yaqin oradagi ishchi ishlar organlariga yoki 102 raqamiga xabar berishlarini so‘ragan.  



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version