Iqtisodiyot

«O‘zbekneftgaz» tarixidagi eng katta hajmda burg‘ilash ishlari amalga oshiriladi

Published

on


Bu yil «O‘zbekneftgaz» tarixidagi eng katta hajmda burg‘ilash ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati tomonidan o‘tkazilgan brifing davomida batafsil ma’lumot berildi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, joriy yilda 103 ta quduq, shu jumladan, 58 ta izlov-qidiruv qudug‘i, 45 ta ishlatish qudug‘ini burg‘ilash reja qilingan.

Geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish maqsadida 20 ta investitsiya bloki uchun ruxsatnomalar olindi.

Geologiya-qidiruv asbob-uskuna parkini modernizatsiya qilish hamda ularga zamonaviy uskunalarni jalb qilish maqsadida 12 ta burg‘ilash dastgohi, 2 ta 3D seysmik majmua va 100 dan ortiq karotaj asbobini xarid qilish yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borildi.

Jamiyatda shuningdek, tovar-moddiy resurslar narxlarini maqbullashtirish, yuqori foizli kreditlar bo‘yicha stavkalarni pasaytirish, qo‘riqlash tizimini raqamlashtirish orqali xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Debitor qarzdorliklarni undirish, ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida tovar moddiy resurslar va xizmatlar narxlari pasaytirish orqali 766 mlrd so‘m iqtisod qilindi. Bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar 2,5 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.

Shuningdek, sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish orqali saqlash xarajatlari dastlabki ikki oyda 3 mlrd so‘mga qisqartirildi, yil oxirigacha qo‘shimcha 33 mlrd so‘m iqtisod qilish rejalashtirilgan. Qurilish va burg‘ilash loyihalari qiymatini optimallashtirish hisobiga esa yil boshidan 154 mlrd so‘m tejaldi va yil yakunida mazkur ko‘rsatkich 1,7 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.

Bundan tashqari Markaziy apparatda xodimlar funksiyalarini qayta taqsimlash, takrorlanayotgan vazifalarni birlashtirish orqali xodimlar soni 875 nafardan 610 nafar (29 foiz)ga optimallashtirildi. Qo‘riqlash xizmatini raqamlashtirilishi va laboratoriyalarning yangicha tizimda ishlashi natijasida 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratishi belgilandi.

Jamiyatda inson kapitaliga ustuvor ahamiyat qaratilib, xodimlar manfaati alohida muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. Chunki, tarmoqda barqaror rivojlanish avvalo, inson kapitaliga bog‘liq. Yuqorida qayd etgan iqtisodiy samaraning ma’lum bir qismi quyidagi muhim ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga qaratiladi.

Xususan, xodimlarning oylik maoshlarini oshirish, issiq ovqat, mavsumiy oyoq kiyim bilan ta’minlash, talabga javob bermaydigan eski avtobuslar o‘rniga xavfsiz va qulay bo‘lgan, zamonaviy avtobuslar sotib olish, 200 o‘rinli yotoqxona, 160 o‘rinli oshxona va konferens zali qurilishi uchun 280 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, kon va ob’yektlarda mavjud ishchilar shaharchasidagi yotoqxona, xojatxona, yuvinish va oshxonalarning bosqichma-bosqich kapital ta’mirlanishi, gigiyenik anjomlarni yangilash hamda zarur maishiy jihozlarni xarid qilish va kiryuvish xonalarini tashkillashtirishga ham mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Dasturning yana bir asosiy maqsadi — tabiiy gaz va neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida Jamiyat tomonidan


tozalangan tabiiy gaz 2,276 mlrd m3 (rejaga nisbatan 109,4%),
gaz kondensati 78,2 ming tonna (rejaga nisbatan 109,1%),
suyultirilgan gaz 85,7 ming tonna (rejaga nisbatan 108,2%),
oltingugurt 28 ming tonna (rejaga nisbatan 124%),
poliyetilen mahsuloti 21 ming tonna (rejaga nisbatan 104,2%) ishlab chiqarildi.

Ijtimoiy soha talabini qondirish maqsadida aholi va xususiy tadbirkorlarga 88,8 ming tonna (rejaga nisbatan 111,6%) suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

Bugungi kunda “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan sintetik neft mahsulotlarini barqaror ishlab chiqarish ta’minlanmoqda. Belgilangan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida zavodda o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 33 ming tonna ko‘p sintetik neft mahsuloti ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 318 foizni tashkil etdi.

Qayd etish joizki, 50 kunlik natijalar tizimda belgilangan qisqa muddatdagi taktik choralar emas, balki tarmoqni tubdan yangi bosqichga olib chiqish, transformatsiya qilishga qaratilgan muhim, strategik ahamiyatga ega islohotlar natijasidir.

«O‘zbekneftgaz» AJ Axborot xizmati



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version