Sport
O‘zbekistonning yosh taekvondochilari jahon chempionatida uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi
Yosinbek Odilov, Asadbek Samandarov va Mohidil O‘ktamjonova O‘zbekistonga oltin medallarni keltirdi.
Toshkentda 12-17 aprel kunlari Taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati o‘tkazildi.
Nufuzli musobaqada O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Dastlabki oltin medalga -48 kg vazn toifasida Yosinbek Odilov ega chiqdi. U finalda o‘monlik Dovud Al-Yusufiyni mag‘lub etdi.
-51 kg vazn toifasida Asadbek Samandarov finalda tunislik Malik Mukroniy ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
-63 kg vazn toifasida Mohidil O‘ktamjonova finalda italiyalik Sofiya Frassikani yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, -68 kg vazn toifasida Ayubxon Nabiyev, +78 kg vazn toifasida Alisher Pak kumush medalga sazovor bo‘ldi.
-45 kg vazn toifasida Shohjahon Xolmurodov bronza medalini qo‘lga kiritdi.