Iqtisodiyot
O‘zbekistonning qurilish materiallarida importga deyarli ehtiyoji qolmadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sohasini quruvchilar ishonchiga sazovor bo‘lgan, sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadigan tarmoqqa aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, o‘n yil avval mahalliy qurilish materiallari deganda asosan qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilgan. Bu mahsulotlar qurilishda foydalaniladigan materiallarning bor-yo‘g‘i 35–40 foizini tashkil etar edi.
So‘nggi o‘n yil davomida sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirildi. Natijada qurilish materiallari sanoati mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi.
O‘tgan yillar davomida sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok va quruq qorishmalar kabi 20 dan ortiq asosiy mahsulot turlari bo‘yicha ichki talabni to‘liq qoplaydigan ishlab chiqarish quvvatlari shakllantirildi.
Shu bilan birga, issiqlik saqlovchi materiallar, kompozit mahsulotlar, ekologik pardozlash vositalari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi yo‘nalishlar ham jadal rivojlanmoqda.
Bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat obyektlari qurilishi uchun zarur bo‘lgan materiallarning 98 foizi mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Bu ko‘rsatkich sohada mahalliylashtirish darajasi sezilarli oshganini ko‘rsatadi.
Mahalliy ishlab chiqarishning kengayishi sohaning iqtisodiy ko‘rsatkichlarida ham aks etdi. Oxirgi o‘n yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mgacha oshdi. Tarmoq eksporti esa o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 1,2 milliard dollarga yetdi.