Iqtisodiyot
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 6 oy ichida ilk marta kamaydi
Iyun oyida zaxiralar qiymati 1,15 mlrd dollarga kamayib, 48,55 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxira oltinning fizik hajmi o‘tgan oyga nisbatan 290 ming unsiyaga oshdi. “Xavfsizlik yostiqchasi”ning 2,2 foizga “puchayishi” jahon bozorida oltin narxi biroz pasaygani fonida yuz beryapti.
2025 yil 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 48,55 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati o‘tgan oyga nisbatan 1,15 mlrd dollar yoki 2,2 foizga kamaygan. Bu haqdagi ma’lumotni Markaziy bank taqdim etdi.
Iyun oyi davomida zaxiralarning valuta qismi 1,9 mlrd dollarga, 9,6 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, oltin qismi 0,8 mlrd dollarga, 38,4 mlrd dollargacha ko‘paygan.
Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi 11,7 troya unsiyani tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 290 ming unsiyaga oshgan.
Jahon bozorida oltin narxlarining oshib borishi fonida o‘tgan yilning dekabr oyidan beri O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari faqat oshib kelayotgandi. 1 iyun holatiga qayd etilgan 49 mlrd 665 mln dollarlik zaxiralar – mamlakat uchun tarixiy rekord bo‘lgandi.
Goldprice ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi yakunlari bo‘yicha 1 unsiya oltin narxi 3264 dollarni tashkil etib, 9,5 dollarga yoki 0,2 foizga arzonlagan. 8 iyul holatiga, 1 unsiya oltin narxi 3323 dollarni tashkil qilmoqda.
Dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp 14 ta mamlakat rahbariga yuqori tarif stavkalari bilan tahdid qilgan bayonotlarni e’lon qilgandi. Lekin u 9 iyuldan 1 avgustga qadar bu tariflarni, shuningdek, ko‘pchilik savdo hamkorlari uchun keng o‘zaro tariflarni amalga oshirishni kechiktirish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganida, bozorning xavotirlari biroz yumshadi.
Iqtisodiyot
British Petroleum O‘zbekiston energetika bozoriga qiziqish bildirmoqda
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov British Petroleum transmilliy kompaniyasining xalqaro rivojlanish departamenti rahbari Maykl Denison bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, muloqot davomida Britaniya kompaniyasi vakili joriy yilning 26 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya hamda BP rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalarini yuqori baholadi.
Qayd etilishicha, mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, keng ko‘lamli investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratgan.
Britaniya tomoni energetika sohasida, xususan, uglevodorod resurslarini qidirish va qazib olish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlarida O‘zbekiston bilan tizimli va uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, bunday hamkorlik O‘zbekistonning investitsiya muhitini yanada yaxshilash va mamlakat energetika salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida BP delegatsiyasining V Toshkent xalqaro investitsiya forumida yuqori darajada ishtirok etishga tayyorligi ma’lum qilindi. Tomonlar ushbu maydon ikki tomonlama aloqalarni yanada faollashtirish va yangi investitsiya kelishuvlarini ilgari surish uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Olmaliqdagi 3-mis boyitish fabrikasi dunyodagi yirik korxonalar qatoridan joy oldi
Germaniyaning Deutsche Allgemeine Zeitung nashrida O‘zbekistondagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ochilishiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Dunyo” AA xabar berishicha, maqolada prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ramziy tugmani bosish orqali ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan, 196 gektar maydonda barpo etilgan zavod yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bilan u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi eng yirik korxonalar qatoridan joy olgani qayd etilgan.
Nashrda misning energetika, elektrotexnika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyotdagi ahamiyati alohida urg‘u bilan yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda xomashyoni eksport qilishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlashga o‘tish maqsad qilingani ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda misni qayta ishlash quvvatini 240 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaning texnologik ustunligi sifatida ishlab chiqarish jarayonlarining raqamli nazorat ostida ekani va sun’iy intellekt yordamida boshqarilishi qayd etilgan. Bu esa energiya sarfini 10 foizga, ishlab chiqarish xarajatlarini esa 15 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, “Yoshlik-1” va “Qalmoqir” konlarida qariyb 45 million tonna mis va 5000 tonnadan ortiq oltin zaxiralari mavjud ekani, bu resurslar kamida 100 yilga yetishi ta’kidlangan. Molibden, selen, tellur va reniy kabi nodir metallar esa kelgusidagi innovatsion loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Deutsche Allgemeine Zeitung ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston uchun nafaqat sanoat yutug‘i, balki texnologik modernizatsiya va barqaror iqtisodiy o‘sish sari yo‘naltirilgan muhim qadam hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Toshkent va Ashxobod o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi
O‘zbekiston elchisi Ravshan Alimov Ashxobod shahri hokimi Rahim Gandimov bilan uchrashdi.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, suhbat chog‘ida o‘zbek-turkman munosabatlari so‘nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida tomonlar shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar tadbirlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Ashxoboddagi “Toshkent” va Toshkentdagi “Ashxobod” istirohat bog‘lari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi ekani qayd etildi. Joriy yilda ikki davlatning muhim sanalariga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xalqaro tadbirlarda o‘zaro ishtirokni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Iqtisodiyot
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szisze va «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda eskirgan shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu loyiha doirasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning amalga oshirilishini izchil rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
«Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi kimyoviy injiniring, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya texnik uglerod yo‘nalishida 80 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
Iqtisodiyot
Eron 10 million riyollik banknotni muomilaga chiqardi
Eron markaziy banki 10 million riyollik banknotga murojaat qildi – bu mamlakat tarixidagi eng yirik nominaldir, deya yozadi Financial Times.
10 million riyol – 7 dollardan sal ko‘proq degani.
Markaziy bank yangi kupyura chiqarishdan maqsad «jamoatchilikning naqd pulga ega bo‘lishini ta’minlash»ga qaratilgani, mamlakatda elektron to‘lov tizimlari va internet-banking hali ham barqaror ishlayotganini ta’kidlagan.
Financial Times’ning qayd etishicha, yangi banknot Eronda naqd pulga bo‘lgan katta talab fonida muomalaga chiqarilgan. Eronliklar elektron to‘lov tizimlari ishlamay qolishidan xavotirda, ular hisob raqamlaridan pul yechish uchun banklarda soatlab navbatda turishmoqda. Shu bilan birga, Markaziy bank kredit tashkilotlariga yetarli miqdorda kupyuralar taqdim etayotganini aytayotgan bo‘lsa-da, banklar naqd pul berishda cheklovlar joriy qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida, ya’ni urush boshlanishidan oldinroq, Eronda inflatsiya yillik hisobda 47,5 foizni tashkil etayotgandi.
10 million riyollik banknotlar muomilaga chiqarilgunicha Erondagi eng yirik kupyura 5 million riyol bo‘lib turgandi. Markaziy bank uni fevral oyi boshida muomilaga chiqargan.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot5 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
