Iqtisodiyot
O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston 185 ta davlat bilan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda mamlakatning eng yirik savdo hamkori Xitoy bo‘lib qoldi. Undan keyin Rossiya va Qozog‘iston joylashgan.
Milliy statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, yilning dastlabki besh oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan:
Xitoy — 7,7 mlrd AQSh dollari;
Rossiya — 5,8 mlrd AQSh dollari;
Qozog‘iston — 2,3 mlrd AQSh dollari;
Turkiya — 1,2 mlrd AQSh dollari;
Afg‘oniston — 915,8 mln AQSh dollari;
Fransiya — 771,9 mln AQSh dollari;
Koreya Respublikasi — 747,8 mln AQSh dollari;
Birlashgan Arab Amirliklari — 746,6 mln AQSh dollari;
Germaniya — 501,9 mln AQSh dollari;
Qirg‘iziston — 469 mln AQSh dollari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy va Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida yetakchi o‘rinlarni saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan ham savdo aloqalari faol rivojlanishda davom etmoqda.
Statistikaga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston jahonning jami 185 ta mamlakati bilan tashqi savdo munosabatlarini amalga oshirgan.
Iqtisodiyot
Jahon banki O‘zbekiston uchun eng istiqbolli uch sohani sanadi
Jahon bankining yangi tahliliy hisobotiga ko‘ra, logistika, turizm va farmatsevtika O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yuqori salohiyatga ega tarmoqlari hisoblanadi. Ushbu sohalarda maqsadli islohotlar amalga oshirilsa, mamlakatda 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va milliardlab dollar xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Jahon banki tahlilchilari fikricha, mazkur uch tarmoq xususiy kapitalni jalb etish, bandlikni oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan eng istiqbolli yo‘nalishlar sanaladi. Bu sohalarni rivojlantirish raqobatbardosh va xususiy sektor yetakchilik qiladigan iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2017 yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilgan bozor islohotlari ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va aholi daromadlarini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun raqobatni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, malakali kadrlar tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish va tartibga solish tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlangan.
Logistika sohasida avtomobil yuk tashuvlari va ombor infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida baholangan. Yer ajratish va qurilish jarayonlarini soddalashtirish, xalqaro yuk tashish ruxsatnomalarini raqamlashtirish orqali 950 million dollardan 1,05 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda 108 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etilgan.
Turizm sohasida esa madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan. Yer ijarasi mexanizmlarini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va turistik obektlarni samarali boshqarish hisobiga 3,1 milliard dollardan 4,2 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish mumkin. Bu esa 120–180 ming yangi ish o‘rni yaratish, turistik oqimlarni diversifikatsiya qilish va sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Hisobotda farmatsevtika ham yuqori o‘sish salohiyatiga ega strategik tarmoq sifatida qayd etilgan. Jahon banki ushbu sohada ham xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
O‘zbekiston va Kuvayt kompaniyalar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlar savdosini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi yo‘lga qo‘yildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Kelishuvga ko‘ra, mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi ko‘magida mahalliy «Expo Orient Fruits» o‘zbek kompaniyasi tomonidan Kuvaytning «Star Fruit Co.» korxonasiga O‘zbekistondan 1 tonna hajmdagi ho‘l mevalar (o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, tarvuz va qovun) eksport qilindi.
Mazkur yetkazib berish ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini diversifikatsiya qilish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri sifatida qayd etildi.
Yaqin Sharqdagi mavjud logistikadagi murakkab vaziyat hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar mavjud emasligi sababli, mahsulotlar Kuvaytga O‘mon sultonligi orqali, «Oman Air» aviakompaniyasi ko‘magida tranzit yo‘li bilan yetkazib berildi. Eksport jarayonida sovutilgan tashish (cold chain) talablariga qat’iy rioya etilgani mahsulotlarning sifati va yangi holda yetib borishini ta’minladi.
Ma’lumot uchun, 1991 yilda tashkil etilgan «Star Fruit Co.» kompaniyasi Kuvaytdagi yirik restoranlar va besh yulduzli mehmonxonalarni yangi meva-sabzavotlar bilan uzluksiz ta’minlovchi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘istonga Pokistondan zotdor qoramol olib kelinadi
Pokistondan Qoraqalpog‘istonga 200 bosh zotdor qoramol olib kelinadi. Mazkur kelishuvga respublika Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev hamda «Abdin International Pvt. Ltd.» kompaniyasi bosh direktori Navaz Hassan uchrashuvida erishildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Lahor shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, kompaniyaga zotdor yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish va yem-xashak yetishtirish loyihalarini amalga oshirish maqsadida yer maydonlari ajratish taklifi bildirildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv chog‘ida pilot loyiha doirasida «Nukus Delisha» kompaniyasi bilan sheriklik asosida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Pokistondan 200 bosh zotdor yirik shoxli qoramolni O‘zbekistonga olib kelish hamda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya shartnomasi imzolandi.
«Mazkur kelishuvlar Qoraqalpog‘istonda chorvachilik sohasining raqobatbardoshligini oshirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir», – deyiladi xabarda.
2001 yilda tashkil etilgan «Abdin International Pvt. Ltd.» bugungi kunda Pokistonning yetakchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya mahsulotlari dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlariga eksport qilinadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlarida O‘zbekistonda pensiya oluvchilarning umumiy soni 4 million 433 ming nafarni tashkil etgan.
2024-yilga nisbatan pensiya oluvchilar soni 186,6 ming nafarga yoki 4,4 foizga oshgan.
So‘nggi besh yillik ma’lumotlar ham pensiya oluvchilar soni izchil o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Statistikaga ko‘ra, 2021-yilda mamlakatda 3 million 713,1 ming nafar pensiya oluvchi qayd etilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 3 million 896,9 ming nafarga yetgan.
2023-yilda pensiya oluvchilar soni 4 million 66,2 ming nafarni tashkil etgan. 2024-yilda esa ushbu raqam 4 million 246,4 ming nafargacha oshgan.
2025-yil yakuniga kelib esa pensiya oluvchilar soni 4 million 433 ming nafarga yetib, so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.
Iqtisodiyot
BYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi BYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
8 iyul kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda BYD kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Cao Shuang o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda BYD elektromobillarini ishlab chiqarish loyihasining joriy natijalarini sarhisob qildi. Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va korxonaning eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Muloqotda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, eksport hajmlarini ko‘paytirish hamda respublika bo‘ylab elektromobillar uchun tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda O‘zbekistonda BYD loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
BYD elektromobillar va yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning o‘nlab mamlakatlarida faoliyat yuritadi.
BYD O‘zbekistonda Jizzax viloyatidagi qo‘shma korxonada gibrid va elektromobillar ishlab chiqarmoqda.
Kompaniya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, eksportni rivojlantirish, muhandislik va servis infratuzilmasini yaratish, shuningdek, kelgusida elektromobillar uchun Blade akkumulyatorlari hamda elektr avtobuslarini ishlab chiqarish loyihalarini ham ilgari surmoqda.
-
Iqtisodiyot3 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Dunyodan1 day ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp Turkiyadagi NATO sammiti oldidan Ukraina urushining yakunlanishi haqida optimistik fikr bildirdi
-
Turk dunyosi3 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Sport4 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Turk dunyosi2 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp, Anqaradagi NATO sammitiga Prezident Erdog’an tufayli qatnashayotganini aytdi
-
Jamiyat4 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
