Iqtisodiyot
O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetdi. Pullar nimaga ishlatilgan?
2025 yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetdi. Davlat qarzining 36,7 mlrd dollari – tashqi qarz, 7,2 mlrd dollari esa – ichki qarz. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 mlrd dollarga oshgan. O‘zbekistonning eng yirik kreditorlari – Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bo‘lib qolyapti. Qarzning 63 foizi dollarda, 12 foizi so‘mda, 8 foizi yevroda jalb qilingan.
2025 yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 969 mln dollarni tashkil etdi. Davlat qarzining 36,7 mlrd dollari – tashqi qarz, 7,2 mlrd dollari esa ichki qarz.
Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlrd 884 mln dollarga ko‘paygan. YaIMga nisbatan ulushi esa 32,3 foizga yetgan.
Davlat tashqi qarzining umumiy qarzdagi ulushi – 84 foiz, ichki qarz ulushi esa –16 foiz. Uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha aholi jon boshiga davlat qarzi 1154 dollarni tashkil etdi.
Jalb qilingan qarz mablag‘lari nimaga ishlatilgan?
Hisobot davri yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 47 foizi (17,4 mlrd dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 16 foizi (5,8 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (3,2 mlrd dollar), 8 foizi (2,8 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 8 foizi uy-joy kommunal xo‘jaligiga (3 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?
1 oktyabr holatiga davlat tashqi qarzining asosiy qismi quyidagi tashkilotlardan jalb qilingan:
Jahon banki — 8 mlrd dollar;
Osiyo taraqqiyot banki — 7,5 mlrd dollar;
Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 5,8 mlrd dollar;
Xitoy moliya tashkilotlari – 3,7 mlrd dollar;
Yaponiya moliya tashkilotlari — 3,1 mlrd dollar;
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,7 mlrd dollar;
Fransiya moliya tashkilotlari – 1,2 mlrd dollar;
Islom taraqqiyot banki — 932 mln dollar;
Koreya moliya tashkilotlari — 740 mln dollar;
Xalqaro valuta jamg‘armasi — 638 mln dollar;
Germaniya davlat banki — 491 mln dollar;
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 426 mln dollar;
Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 2,5 mlrd dollar.
Tashqi qarzning valuta tarkibi quyidagicha: dollardagi kreditlar — 63 foiz, o‘zbek so‘midagi — 12 foiz, yevrodagi – 8 foiz, yapon iyenasidagi — 6 foiz, yuandagi — 2 foiz.
Avvalroq, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotganini aytib, bu masalaga quyidagicha izoh bergandi.
“Davlat qarzi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lyapti. O‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz ko‘p mablag‘ga muhtoj. Tashqi investitsiyalar, DXSh asosidagi loyihalardan ham mablag‘lar kirib kelyapti. Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar, ichimlik suv, yo‘l, infrastruktura, shuningdek, mudofaa qobiliyati, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini tashqi qarz evaziga qoplashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning istalgan eng chekka hududlarida ham uy-joylarni tadbirkorlar quryapti. Tadbirkorlarda odamlar ipoteka olib, uyni sotib oladi, degan ishonch bor. Ipoteka muddati uzoq va banklarni ipoteka bilan qoplash mablag‘lari ham chet eldan olib kelinadi. Bu tashqi qarz mablag‘larimiz oshishiga olib keladi”, – degandi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar bo‘lishi kutilyapti. Shundan 3 mlrd dollari davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, qolgan qismi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.
Umumiy tashqi qarz – 72 mlrd dollar
Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarz. Ayni paytda O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollar, bu haqda yuqorida batafsil yozdik. O‘z navbatida, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan sub’yektlar davlat kafolatisiz tashqi qarz olsa, bu xususiy tashqi qarz deya qayd etiladi. Shunday bo‘ls-ada, bunday «xususiy» qarzlarning katta qismi davlatga tegishli kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank va Aloqabank Xitoy banklaridan kredit olib, yangi binolar qurdi.
Agar O‘zbekistondagi davlat banki yoki korxonasi o‘z nomidan va davlatning rasmiy kafolatisiz qarz olsa, bu xususiy qarz hisoblanadi. Lekin bu qarz davlat banki tomonidan olinayotgani sababli uni “yarim davlat” yoki «kvazi-davlat» qarzi sifatida ham tasniflash mumkin, chunki qarz oluvchi – davlatga tegishli yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan tashkilot. Bu qarz davlat qarziga kirmaydi, lekin davlatning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin, ayniqsa, davlat korxonasi olgan qarzini qoplashda qiyinchilikka duch kelgan paytda.
2025 yil birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning mana shu umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil qilyapti.
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,7 foizga oshgan.
Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi asosiy turlar bo‘yicha quyidagicha:
savdo xizmatlari — 202,0 trln so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari — 149,7 trln so‘m;
moliyaviy xizmatlar — 125,8 trln so‘m;
transport xizmatlari — 121,5 trln so‘m;
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 61,6 trln so‘m;
ta’lim sohasidagi xizmatlar — 27,2 trln so‘m;
ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 19,4 trln so‘m;
shaxsiy xizmatlar — 14,1 trln so‘m;
sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 13,9 trln so‘m;
me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar — 10,7 trln so‘m;
kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 9,2 trln so‘m;
ijara xizmatlari — 9,0 trln so‘m;
boshqa xizmatlar — 38,3 trln so‘m.
-
Siyosat4 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Jamiyat4 days ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
-
Jamiyat4 days ago
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
-
Sport5 days ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
-
Jamiyat3 days ago
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
