Iqtisodiyot
O‘zbekistonlik eksportyorlarni ishonchsiz xorijiy hamkorlardan ogohlantirish tizimi ishga tushdi
Bojxona qo‘mitasi eksportyorlarni xorijdagi ishonchsiz hamkorlardan ogohlantirish tizimini ishga tushirdi. Endilikda «Elektron kontrakt» tashqi savdo axborot tizimi orqali xorijiy hamkorlarning ishonchliligini oldindan tekshirish imkoniyati yaratilgan.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, xorijdagi hamkor bilan mahsulotlarni eksport qilish uchun shartnoma tuzib, mahsulot yetib borganidan so‘ng eksportyorlar oylab pulini ololmayotgan holatlar uchramoqda.
Ma’lum qilinishicha, tizimda ishonchsiz xorijiy hamkorlar reyestri shakllantirilgan bo‘lib, u har kuni yangilanib boriladi. Reyestrga O‘zbekistondagi hamkorlari oldidagi 100 ming AQSh dollari va undan ortiq eksport to‘lovlarini amalga oshirmagan xorijiy kompaniyalar kiritiladi.
Shuningdek, eksport shartnomasini elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida xorijiy hamkor O‘zbekiston rezidentlari bilan avval tuzgan shartnomalar bo‘yicha valyuta mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lamagan bo‘lsa, tizim bu haqda avtomatik ravishda ogohlantiradi.
Bojxona qo‘mitasi bunday holatlarda eksport operatsiyalarini oldindan to‘lov asosida amalga oshirishni tavsiya qilmoqda. Bu tadbirkorlarning eksportdan tushadigan mablag‘larini o‘z vaqtida olishini ta’minlash va moliyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda konditsioner importi 11,5 foizga oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonga xorijdan 19,7 million AQSh dollari qiymatidagi 132 691 dona konditsioner import qilingan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 13,7 ming donaga yoki 11,5 foizga ko‘paygan.
Hisobot davrida O‘zbekistonga eng ko‘p konditsioner quyidagi davlatlardan import qilingan:
Xitoy — 128 021 dona;
Qozog‘iston — 4 644 dona;
Turkiya — 17 dona;
Boshqa davlatlar — 9 dona.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda har 100 ta uy xo‘jaligi hisobiga o‘rtacha 67 ta konditsioner to‘g‘ri kelgani haqida xabar qilgandik.
Iqtisodiyot
2025 yilda uy-joy narxlari pasaydi, oldi-sotdi ko‘paydi
Markaziy bank ko‘chmas mulk bozoridagi asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi. 2025 yil uchun Moliyaviy barqarorlik sharhiga ko‘ra, O‘zbekistonda uy-joy bozorida narxlar o‘sishi sezilarli darajada sekinlashgan. Shunga qaramay, bozordagi faollik pasaymagan – aksincha, uy-joy oldi-sotdi bitimlari ko‘paygan, aholining uy-joy xarid qilish imkoniyati yaxshilangan.
Sharhda qayd etilishicha, 2025 yil yakunida uy-joylarning so‘mdagi bozor narxi yillik hisobda 4,8 foizga pasaygan, AQSh dollaridagi ekvivalentda esa 1,5 foizga oshgan. Markaziy bank buni ko‘chmas mulk bozorida narxlarning tobora ko‘proq fundamental omillar asosida shakllanayotgani bilan izohlaydi.
Narxlardagi tuzatish bozorga bo‘lgan qiziqishni pasaytirmagan. Aksincha, notarial tartibda rasmiylashtirilgan turar joy oldi-sotdi shartnomalari soni 15 foizga oshib, 295,4 mingtaga yetgan. Bu uy-joyga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
Regulyator bunga aholining moliyaviy imkoniyatlari kengaygani ham sabab bo‘lganini qayd etadi. Xususan, 2025 yilda nominal ish haqi 19 foizga oshgan, ipoteka kreditlari shartlarining yaxshilanishi esa uy-joy xarid qilishni yanada qulaylashtirgan.
Natijada, aholining uy-joy xarid qilish qobiliyati indeksi yil davomida 115 foizdan 126 foizgacha oshgan. Markaziy bank baholashicha, xarid qobiliyatining yaxshilangani 2025 yilda shaxsiy uy-joyga ega bo‘lmagan uy xo‘jaliklari soni 2024 yilga nisbatan 34,7 mingtaga kamayishida ham o‘z aksini topgan.
Shu bilan birga, regulyator uy-joy bozorida talabni faqat daromadlar va ipoteka imkoniyatlari bilan izohlab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Demografik o‘sish, yangi oilalar sonining ortishi hamda uy-joyga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligi ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy omillar bo‘lib qolmoqda. Shu sababli narxlar o‘sishi sekinlashganiga qaramay, bozorda talab yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Iqtisodiyot
Homiladorlik va kasallik nafaqalari endi qanday to‘lanadi?
O‘zbekistonda homiladorlik va kasallik nafaqalarini tayinlash hamda to‘lashning yangi tartibi joriy etildi. Endilikda to‘lovlar “Baraka” ijtimoiy kartasi orqali amalga oshiriladi. Kun.uz yangi tizimning asosiy o‘zgarishlari, nafaqa olish shartlari va to‘lov mexanizmini tushuntiradi.
“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 796-son qaroriga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va to‘lashning yangi mexanizmi joriy etildi. Bunda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘liq, kasallik nafaqasi esa 6-kundan boshlab Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi .
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi nima?
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi — sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urtalangan shaxslarning daromadlari yo‘qolishi oldini olishga qaratilgan davlat kafolatlari tizimidir. U majburiy va ixtiyoriy asoslarda amalga oshiriladi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish kabi sug‘urta hodisalari yuz berganda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishni ta’minlaydi.
Quyidagilar majburiy asosda qamrab olinadi:
mehnat faoliyatini mehnat shartnomalari asosida amalga oshirayotgan fuqarolar;
fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida xizmat ko‘rsatayotgan (ish bajarayotgan) fuqarolar;
yuridik shaxslarning rahbarlari sifatida faoliyatni amalga oshiradigan fuqarolar.
Ixtiyoriy asosda sug‘urtalanadigan shaxslar esa quyidagilar:
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;
dehqon xo‘jaligida band bo‘lgan shaxslar;
shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band bo‘lgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalari yoki ularning oila a’zolari;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan tashkilotlarda ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
chet elda yollanib ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida daromad keltiradigan faoliyatni amalga oshiradigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
ishlamaydigan fuqarolar, ular uchun sug‘urta badali eri (xotini) tomonidan to‘langanda;
yuridik shaxslarning muassislari (ishtirokchilari) sifatida daromadlar oladigan fuqarolar;
yakka tartibdagi tadbirkorlar, shu jumladan, “Hunarmand” uyushmasining a’zolari bo‘lgan hunarmandchilik faoliyati sub’yektlari;
faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiradigan oila a’zolari;
dehqon xo‘jaligining boshlig‘i.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi (dekret puli) qanday to‘lanadi?
2026 yil 1 yanvardan boshlab sug‘urtalangan shaxslarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanmoqda. Avval ushbu nafaqani ish beruvchi to‘lab kelgan edi.
Nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasi (kasallik varaqasi) asosida tayinlanadi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi (dekret) puli qanday hisoblanadi?
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi ayolning o‘rtacha oylik ish haqi hamda sug‘urta staji asosida hisoblanadi. Sug‘urta stajiga qarab o‘rtacha ish haqining quyidagi ulushi qo‘llanadi:
10 oydan 24 oygacha staj uchun — 75 foiz;
25 oydan 60 oygacha staj uchun — 85 foiz;
61 oy va undan ortiq staj uchun — 100 foiz.
Bunda nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining (MHTeKM) 10 baravaridan oshmagan qismi inobatga olinadi.
Nafaqa miqdorini Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining axborot tizimi mavjud ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblaydi va ayoldan alohida ariza topshirish talab etilmaydi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi 126 kalendar kun uchun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilganda — 140 kalendar kun uchun) biryo‘la hisoblanadi va bir martalik to‘lov sifatida to‘lab beriladi.
Rasmiy ishlamaydigan ayollar ham dekret puli olishi mumkinmi?
Ha. Biroq buning uchun ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta tizimida ishtirok etish talab qilinadi. Nafaqa quyidagi holatlarda tayinlanishi mumkin:
ayol o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lab kelayotgan bo‘lsa;
yoki ayol ishlamasa, uning uchun ishlovchi turmush o‘rtog‘i ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lab kelayotgan bo‘lsa.
Bunda badallar kamida 10 oy davomida to‘langan bo‘lishi, shundan oxirgi 6 oy uzluksiz bo‘lishi shart. Nafaqa miqdori to‘langan badallar muddati va hajmiga bog‘liq.
Shu bilan birga, ixtiyoriy asosda sug‘urtalangan shaxslar uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravaridan oshmaydi. Hozirgi kunda bu 6 million 355 ming so‘mni tashkil etadi.
Ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badalining eng kam oylik miqdori esa MHTeKMning 5 foizi bo‘lib, hozir 63 ming 550 so‘m etib belgilangan. Ixtiyoriy badallarni “Baraka” ilovasi orqali to‘lash mumkin.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi nima?
Bu xodim kasalligi yoki boshqa qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar sabab vaqtincha ishlay olmagan davr uchun to‘lanadigan nafaqadir.
Kasallik nafaqasi elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida tayinlanadi. Nafaqani tayinlash, hisoblash va to‘lash Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining axborot tizimlari orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, kasallik nafaqasi kalendar yilidagi dastlabki 5 kalendar kun uchun ish beruvchi (ish beruvchi mavjud bo‘lmaganda — shaxsning o‘zi) hisobidan, 6-kundan boshlab esa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.
Nafaqa miqdori sug‘urta stajiga qarab belgilanadi:
Bunda nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTeKM) 10 baravaridan oshmagan qismi inobatga olinadi.
Kasallik nafaqasi bir kalendar yilida jami 182 kalendar kungacha to‘lanadi.
Bunda kasallangan bolani parvarish qilish zarur bo‘lganda nafaqa to‘lanadigan muddat:
Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, 18 yoshga to‘lmagan to‘rt nafar va undan ortiq farzandi bor shaxslar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan shaxslar uchun kasallik nafaqasi miqdori yana 20 foiz bandga oshiriladi.
Nafaqalar qanday tayinlanadi?
Yangi tizim proaktiv shaklda ishlaydi, ya’ni nafaqani tayinlash uchun fuqarodan ariza yoki alohida murojaat talab etilmaydi.
1-bosqich. Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtiriladi
Fuqaro kasallanganda yoki homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqishda tibbiyot muassasasiga murojaat qiladi. Shifokor “Yagona tibbiy” axborot tizimi orqali elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtiradi.
Nafaqa tayinlanishi bo‘yicha xabarnomalarni olish uchun elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasida fuqaroning amaldagi telefon raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Chet elda kasallangan O‘zbekiston fuqarolari xorijda berilgan tibbiy hujjatlarni notarial tasdiqlangan tarjimasi bilan O‘zbekistondagi yashash joyi bo‘yicha poliklinikaning vrachlik-maslahat komissiyasiga taqdim etadi.
2-bosqich. Nafaqa avtomatik hisoblanadi
Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgach, ma’lumotlar avtomatik ravishda “Ijtimoiy sug‘urta” axborot moduliga yuboriladi. Tizim fuqaroning sug‘urta staji va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshiradi hamda nafaqa miqdorini avtomatik hisoblaydi.
3-bosqich. Fuqaroga xabarnoma yuboriladi
Nafaqa tayinlangani yoki uni tayinlash rad etilgani haqida fuqaro SMS, “Baraka” mobil ilovasi hamda my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
4-bosqich. Nafaqa to‘lanadi
Tayinlangan nafaqa qonunchilikda belgilangan muddatlarda fuqaroning “Baraka” ijtimoiy kartasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkaziladi.
“Baraka” kartasi bo‘lmasa nima bo‘ladi?
Fuqarodan alohida murojaat talab etilmaydi. Nafaqa tayinlangach, “Baraka” mobil ilovasida avtomatik ravishda virtual ijtimoiy karta ochiladi va mablag‘ aynan shu kartaga o‘tkaziladi. Agar plastik karta kerak bo‘lsa, uni mobil ilova orqali buyurtma qilish mumkin. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi tayinlangan fuqarolarga “Baraka” ijtimoiy kartasi bepul rasmiylashtirib beriladi. Shuningdek, nafaqa tayinlangani va mablag‘ tushgani haqidagi ma’lumotlarni ham “Baraka” mobil ilovasi orqali kuzatish mumkin.
Iqtisodiyot
«Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yana takomillashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan innovatsion infratuzilma subyektlari uchun startaplarni qo‘llab-quvvatlashning qonunchilik asoslarini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha ekspertlari hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi. Unda Prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi qaroriga muvofiq, startap loyihalarini moliyalashtirish, infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash va huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish vazifasi belgilangani qayd etildi.
Shu asosda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh tomonidan «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Davra suhbatida startap subyektlarining huquqiy maqomini belgilash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay huquqiy muhit yaratishga oid takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, startap ekotizimi ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni samarali huquqiy tartibga solish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yoshlar parlamenti a’zolari va soha ekspertlari tomonidan bildirilgan amaliy taklif va tavsiyalarni qonun loyihasini yanada takomillashtirish jarayonida inobatga olish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 33 moddadan iborat «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ilk bor 2020-yil aprel oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda o‘tgan yili 70 mingdan ortiq ipoteka kreditlari ajratilgan – MB
2025-yilda O‘zbekistonda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi va soni sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahlilida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida banklar tomonidan aholiga 70,4 mingta ipoteka krediti ajratilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 20 foizga yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, mehnatga layoqatli doimiy aholining har 1000 nafariga to‘g‘ri keladigan ipoteka kreditlari oluvchilari soni 18 nafardan 20 nafarga yetgan.
Ipoteka kreditlarining o‘rtacha hajmi ham oshgan. Xususan, 2024-yilda o‘rtacha bir kredit 290,5 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 301,3 million so‘mga yetgan.
Tahlilda qayd etilishicha, ipoteka kreditlash shartlari ham ancha yengillashgan. 2025-yilda ipoteka kreditlarining o‘rtacha qaytarish muddati 17,2 yilni tashkil etib, bir yil oldingiga nisbatan 0,6 yilga uzaygan. Shu bilan birga, o‘rtacha foiz stavkasi 19,8 foizdan 19,2 foizga tushgan.
-
Dunyodan5 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Jamiyat4 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollarning bir necha kunlik ko‘tarilishi to‘xtadi
-
Dunyodan4 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport2 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
