Siyosat
O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi komissarlari tashrif buyurmoqda
25-27 noyabr kunlari Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela hamda kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos O‘zbekistonda mehmon bo‘ladi.
YeIning yurtimizdagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berishicha, komissarlar tashrif davomida Yevropa va Markaziy Osiyoni tezkor bog‘lashga qaratilgan Trans-Kaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirishga e’tibor qaratadi.
Ushbu yo‘lak YeIning “Global darvoza” (Global Gateway) investitsiya strategiyasi doirasidagi asosiy tashabbus bo‘lib, Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya, Yevropa va yo‘lak bo‘ylab joylashgan boshqa davlatlarda farovonlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
YeIning yuqori martabali mulozimlari 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Trans-Kaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumida ishtirok etadilar.
Komissar Yozef Sikela esa 26 noyabr kuni o‘tkaziladigan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo 3-iqtisodiy forumida qatnashib, mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratadi.
Har ikki yuqori darajadagi anjuman O‘zbekiston hukumati hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan Toshkentda tashkil etiladi.
Tashrif davomida Yevropa komissarlari bir qator muhim ikki tomonlama va mintaqaviy shartnomalarni imzolaydi, hamkor davlatlarning yuqori darajadagi rasmiylari bilan uchrashadi.
“Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik bugun har qachongidan ham mustahkam bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Birinchi bor bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo sammitida e’lon qilingan 12 milliard yevrolik “Global darvoza” investitsiya paketi va mening joriy yilgi tashrifimdan so‘ng biz endi natijaga yo‘naltirilgan amaliy ishlarga kirishdik. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘shma ravishda tashkil etilayotgan bu ikki forum davlat va xususiy sektor investorlarini birlashtirib, aniq natijalarga erishish, iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlarga kengroq kirish va barqarorlikni oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi”, – deydi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela.
“Yirik mintaqaviy va global muammolar mavjud transport yo‘llariga bosim o‘tkazmoqda. Birgalikda yangi infratuzilma qurish orqali biz o‘zimizga harakat erkinligini oshirishimiz mumkin. Ko‘proq imkoniyatlar – hammamiz uchun ko‘proq mustaqillik demakdir. Xitoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Qora dengizni Yevropa bilan bog‘laydigan temiryo‘l va portlar orqali konteyner tashish hajmi 2030 yilga borib uch baravarga, 2040 yilga kelib esa besh baravarga oshirilishi mumkin. Biroq islohotsiz investitsiyalar bo‘lmaydi. Toshkentdagi forum ana shu yo‘nalishdagi bir qadamdir: barchamizga tez harakatlanadigan temir va avtomobil yo‘llari, chegaralarda qisqa kutish vaqti, xarajatlarning kamaytirilishi hamda hujjat aylanishining soddalashtirilishi zarur”, – deydi Kengayish masalalari bo‘yicha komissar Marta Kos.
Trans-Kaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik investorlar forumi Yevropa Ittifoqi, Qora dengiz bo‘yi va Markaziy Osiyo davlatlarini bir maydonga to‘plab, bog‘liqlik kun tartibini ilgari surishga xizmat qiladi. Anjumanda 2024 yil yanvar oyida Bryusselda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo transport o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha birinchi investorlar forumida davrida erishilgan natijalarni ko‘rib chiqiladi.
Dasturda transport va logistika bo‘yicha sessiyalar bo‘lib, unda normativ uyg‘unlashtirish, infratuzilmaga investitsiyalar va savdo yo‘laklarini raqamlashtirish kabi o‘zaro bog‘liqlik jihatlari muhokama qilinadi.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi esa ikki mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. U 2025 yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo sammitining mantiqiy davomidir. Forum biznes va investitsiya muhiti, savdoni yengillashtirish, normativ-huquqiy uyg‘unlashtirish, investitsiya imkoniyatlari, davlat-xususiy sherikliklarini ko‘paytirish va muhim xomashyo bo‘yicha barqaror ta’minot zanjirlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Siyosat
Baxtiyor Saidov Eron TIV rahbari bilan gaplashdi: tafsilotlar
TIV rahbari Baxtiyor Saidov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi ziddiyatni yakunlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonining so‘nggi bosqichlari yuzasidan ma’lumot olingan hamda mintaqadagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonning mintaqadagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, muloqotni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish muhimligini qayd etildi.
«Shuningdek, O‘zbekiston–Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilib, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldik», deya ta’kidlaydi Saidov.
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni AQSh Savdo vakili Jeymison Greerni qabul qildi va ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Uchrashuv avvalida AQSH delegatsiyasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va tabriklarini yetkazdi.
Muhokamalarda asosiy e’tibor o‘zaro savdo va sarmoyalarning barqaror o‘sishiga qaratildi, har ikki tomon ham ishbilarmonlar o‘rtasidagi qoniqarli aloqalar ko‘payib borayotganini ta’kidladilar. Davlat rahbarlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida yaqinda AQSH ishbilarmonlari bilan oʻtkazilgan davra suhbatlarining amaliy natijalarini koʻrib chiqdilar.
Muzokaralarda asosiy e’tibor O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoniga qaratildi. Prezident Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Savdo vakili idorasi mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini ragʻbatlantirishda Qoʻshma Shtatlarning doimiy qoʻllab-quvvatlashi va hamkorligini muhokama qildi.
Shuningdek, tomonlar Amerika-O‘zbekiston biznes va sarmoyaviy kengash imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish muhimligini ta’kidladilar. Bu mexanizm endilikda Amerika kompaniyalari va Oʻzbekiston hamkorlari oʻrtasida yangi loyiha tashabbuslarini aniqlash, ishlab chiqish va ilgari surish uchun asosiy platforma boʻlib xizmat qiladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Britaniya sobiq bosh vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toni Bler Yangi O‘zbekistondagi izchil va keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlariga yuksak baho berdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon bo‘lgani e’tirof etildi.
Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar va yirik strategik investorlarni jalb etish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan, ilg‘or innovatsion yechimlarni joriy qilish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan muloqot o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladilar.
Amaliy hamkorlik, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida yuqori sur’at bilan rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajadagi faol almashinuvlar alohida e’tirof qilindi. Yetakchilar ikki mamlakat Prezidentlari Administratsiyalari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda sheriklik kun tartibini yangi loyiha va tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qilayotgan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini olqishladilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Siyosat
Prezident bugun Namanganga tashrif buyuradi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrif buyuradi.
Davlat rahbari joylarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda turli sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar va joriy qilingan ilg‘or yechimlar bilan tanishadi.
Shuningdek, Xalqaro maqom festivalining ochilish marosimida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport5 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
