Jamiyat

O‘zbekistondagi yagona ovchi ayol yoki Buxoro cho‘lidagi «dunyo»

Published

on


Buxoroda hali qish uyquga ketmay turib, har yili turistik mavsum erta boshlanishi ko‘pchilikka ayon. Aprel oyi kirmasdanoq, Buxoro shahrining eski shahar ko‘chalari xorijlik sayohlar bilan gavjumlashib qoladi. Xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi har jihatdan izchil rivojlangan, sharoitlar kengaygan.

Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi sayyohlarning asosiy e’tibor markazida, ayniqsa, qadim tarixiy obidalaru, buyuk shaxslar tomonidan bino bo‘lgan inshootlarga talab yuqori.

Bugun esa shahar markazidagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining hayratlanarli darajada bo‘y ko‘rsatayotganiga emas,  turizm salohiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan G‘ijduvon tumanining Qizilqum bag‘irlariga yondosh «Oltinsoy» maskani haqida so‘z yuritsak. Eslatib o‘tamiz, cho‘l bag‘rida barpo etilgan bu yashil maskan dam olish manzili emas, balki, yangi turizm o‘chog‘idir.

Tuman markazidan, qariyb, 20 kilometrcha uzoqlikda joylashgan «Baraka» cho‘l massivida joylashgan bu maskanning umumiy maydoni 28 gektardan iborat. Bir qarashda, «cho‘l», deganda, ko‘z o‘ngingizda quruq va sukutga cho‘mgan manzara paydo bo‘ladi. Ushbu manzil esa bu tasavvuriningizni mutlaqo o‘zgartiradi.

Cho‘lning ushbu ko‘ngilochar maskanida ov qilish, kamondan va miltiqdan otish, otda sayr, gastronomik turizm yuqori. Ovul hayotiga oid milliy namunada qurilgan o‘tovlar va ulardagi tuya suti, hududda tuyaqush parvarishi yo‘lga qo‘yilgani kishini befarq  qoldirmaydi. 

Ayniqsa, cho‘l hududidagi 5 gektar maydonda suv havzasining bunyod etilayotgani,  unda baliq ovlash, xushmanzara joylarni tomosha qilish, ot va tuyalarda sayr etish mumkinligi odamni shoshirib qo‘yadi.

Cho‘l bag‘ridagi yashil olamning had-hududsizligi ko‘zlaringiz qirida qoladi. «Kimning mehnati ekan?»-deysiz beixtiyor.

– O‘zbekistondagi yagona ovchi ayol haqida eshitganmisiz?

– Ha, albatta, Iqlima Jo‘rayeva-da!-deymiz o‘ylab turmay, qiziqishimiz ortib.

– Yashang!-deydi hamkasb suhbatdoshimiz Ramazon Bekmurodov. So‘ng yana so‘zida davom etib: – bu manzil shu ovchi ayolning amalga oshirgan loyihasi mevasi. Bundan bir necha yil ilgari qiymati 1 milliard so‘m va USAID homiyligida ajratilgan 31 ming AQSh dollari evaziga boshlangan ushbu loyihani opa yillar davomida izchil rivojlantirdi. Uzoq cho‘l massividagi haqiqiy ekoturizm markazi – «Oltinsoy»ning barpo etilishida shu ovchi ayol bosh-qosh bo‘ldi.  Milliy va zamonaviy turizm imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirdi. Xullas, opa halol peshona teri evaziga mehnat qildi.

Mazkur cho‘l zonasida 40 mingga yaqin turli-tuman ko‘chatlar o‘tqazilgan. Ko‘chatlar ham vodiyning eng serhosil  viloyatlaridan keltirilgan ekan. Shu yashil olam orasida yurtalarning o‘rnatilgani xuddi sizni ertaklar olamiga boshlaydi.

– Buxoroni ko‘pincha huu-uv, dunyoning chekkasidan kelganlar ham «cho‘l va issiq, tuprog‘i sho‘r», deyishadi. Yo‘q. Men Buxoroning farzandi sifatida o‘sha cho‘lda yam-yashil dunyo yaratdim. Kuch-quvvatim bilan harakat qildim. Toki, Buxoroni dunyo bilsin va tanisin: bu yurt tomirlari yashil olamga tutashligini,-deydi ekomaskanga tikilib Iqlima Jo‘rayeva.

O‘z hayotini tabiat qo‘ynida, tog‘ va cho‘llar bag‘rida o‘tkazgan yagona mohir ovchi ayol, tadbirkor va «Shuhrat» medali sohibasi Iqlima Jo‘rayeva bilan qisqa suhbatda bo‘ldik.

– Cho‘l bag‘ridagi yashil olam kishini befarq qoldirmaydi. Bu loyihani boshlash g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?

– Bolaligimdan tabiatga mehrim baland edi. Quruq, jim-jit cho‘lga qarab: «nega bu yerda hayot qaynamasligi kerak?» degan savol ko‘nglimda ko‘p bor uyg‘ongan. Keyinchalik tushundimki, tabiatga mehr bilan yondashsangiz, u sizga, albatta, javob qaytaradi. Shu fikr menga kuch berdi. Bu loyihani o‘zimning orzu va sabrlarimning natijasi, desam ham bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘pchilik odamlar cho‘lga qarab,  «cho‘lda hech narsa bo‘lmaydi», deyishadi. Men esa aksincha, imkoniyatni ko‘rdim. Tabiatni asrab, shu bilan birga odamlarga uni his qilish imkonini berishni istadim.

 – Eng katta qiyinchilik nimada bo‘ldi?

– Bilasizmi, eng katta qiyinchilik nimada? Avvalo, odamlarni «Cho‘lni yashnataman», degan shijoatingizga  ularning ishonmasligida. Keyinchalik qiyinchilik esa suv masalasi va iqlim. Daraxt ekish, uni parvarishlash masalasi bu yerda juda katta mehnat talab qiladi. Lekin, o‘ziga ishongan inson uchun esa to‘siq yo‘q. Men hammasini qiyinchilik emas, sinov, deb qabul qilganman.

– Siz O‘zbekistondagi yagona ovchi ayolsiz!  Ovchilik sizning-cha, bu tanlovmi yoki taqdir yo‘limi?

– Men tutgan yo‘l ham taqdir, ham tanlov yo‘li.   Tanlov deganim,  har kim ham bunday yo‘lni tanlamaydi. Lekin, shu bilan birga, taqdir ham bor. Agar qalbingizda tabiatga yaqinlik, jasorat va sabr bo‘lmasa, bu yo‘lda yura olmaysiz. Men o‘zimni shu sohada topdim, shuning uchun bu men uchun ham tanlov, ham taqdir.

Iqlima Jo‘rayevaning aytishicha, so‘nggi yillarda tabiatdagi muvozanat sezilarli darajada o‘zgargan. Qishlar yumshoqlashgan, yozlar esa yanada issiq va quruq bo‘lib bormoqda. Bu esa hayvonot dunyosiga ham, o‘simliklarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

– Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash har bir insonning kundalik hayotidan boshlanishi kerak. «Hech narsa bo‘lmaydi», degan joyda hayot qaynaydi,- deydi u.

Tabiat bilan hamnafas, yashil olam bilan o‘zini egiz bilgan tadbirkor tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ekomaskan bugun minglab sayyohlarni bag‘riga chorlab, mahalliy aholi uchun ham daromad manbai bo‘lmoqda. Ayni  paytda bunda 20 nafarga yaqin ishchi doimiy bandlikka ega.

Kelgusidagi rejalarida cho‘l  hududini xalqaro darajadagi ekoturizm nuqtasiga aylantirishni, O‘zbek cho‘lining go‘zalligini dunyo ahli ko‘rishini istagan ovchi ayol bilan qizg‘in suhbatni keyinga qoldirdik.

Bilganimiz shu:  cho‘l, deb atalgan makon  faqat quruqlik emas, sabr va mehnat bilan yashillikka aylanishi mumkin bo‘lgan had-hududsiz manzil ekan. «Oltinsoy» esa ana shu ishonchning tirik isboti, inson irodasi tabiat bilan uyg‘unlashsa, mo‘’jiza yaratish mumkinligining yorqin namunasidir.

Mavzuga qaytamiz.

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version