Sport

O‘zbekistonda «shaxmat mafiyasi» qanday yaratildi?

Published

on


O‘zbekiston jahon shaxmatidagi bunday ustunlikka qanday qilib erishdi? Shaxmatga ixtisoslashgan «e2e4» kanali ushbu savolga javob izlab ko‘rdi.

O‘ttiz sakkiz million aholiga ega mamlakat 2022-yildan beri gigantlar uddalay olmagan ishni qilmoqda. Ular shunchaki olimpiadani yutibgina qolmay, konveyer kabi vunderkindlarni yetishtiradigan tizimni yaratdilar. Bugun biz bu tizimni ipidan ignasigacha ko‘rib chiqamiz. Uch qahramon, uch taqdir, bir maqsad – shaxmat toji!

Agar O‘zbekistonning bugungi oltin avlodini tasodif deb o‘ylasangiz, qattiq adashasiz. Buni tushunish uchun o‘tmishni bilish kerak. O‘zbekistonda 2004-yili aqlbovar qilmas voqea yuz berdi. Toshkentlik Rustam Qosimjonov ismli yosh yigitga hech kim jiddiy qaramagan edi, ammo u Tripolidagi jahon chempionatiga borib, g‘olib bo‘ldi. Bu G‘arb uchun shok holat edi. O‘shanda bu boshqa hech qachon takrorlanmaydigan bir martalik chaqnash, yagona holatdek tuyulgandi. Ammo o‘sha paytda O‘zbekiston hukumati haqiqiy shaxmat saltanatini qurishga qat’iy qaror qildi.

Toshkentda davlat rahbari tashabbusi bilan respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar shaxmat maktabi ochiladi. Bu oddiy to‘garak emas, elektron doskalar, kompyuterlar va dunyoning istalgan raqibi bilan onlayn o‘yinlar o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lgan yuzlab o‘rinli saroy edi.

2017-yili FIDE bu maktabni mintaqadagi eng yaxshisi deb tan oladi. «Bu sport emas, davlat siyosati», — deya ta’riflagan edi Rossiya shaxmat federatsiyasi prezidenti Andrey Filatov maktabga tashrifidan so‘ng. Yevropada shaxmat boy ota-onalarning farzandlari uchun shunchaki xobbiga aylanib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonda istalgan mahalladan chiqqan bolakayni bu intellekt maskaniga yetaklab kelishadi. U yerda ovqatlantirishadi, mashq qildirishadi va buning hammasi bepul. Mana, poydevor. Endi esa bu poydevor qanday natijalarga asos bo‘lganini ko‘ring.

Nodirbek Abdusattorov. U eng kattasi va hozirgi kunda eng sovrindori. 8 yoshida maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempioni. 17 yoshida esa haqiqiy tarix yaratadi: rapid bo‘yicha Jahon chempionatida g‘olib chiqadi. Yarim finalda u bir necha yildan so‘ng shaxmat toji uchun kurashadigan Yan Nepomnyashiyni mag‘lub etadi. Eng muhimi, guruhda u Magnus Karlsenni ham dog‘da qoldiradi. O‘shanda shaxmat olami hayratda qolgandi. Kim bu o‘zbek yigiti?!

Javohir Sindarov. Da’vogarlar turnirida barcha nomdor raqiblarini ko‘rdim demasdan, jahon chempionligi sari shahdam qadam tashlayotgan yigit.

Nodirbek Yoqubboyev. Uni ko‘pincha uchlikdagi ortiqcha shaxmatchi deb atashadi, ammo bu noto‘g‘ri, chunki aynan Yoqubboyev bu jamoadagi favoritlarning bosh kushandasi. Bosiq, sovuqqon, hissiyotlarga berilmaydi. Reytingda u, to‘g‘ri, biroz pastroqda, lekin bu uning kuchsiz ekanini anglatmaydi.

Aynan shu uchlik 2022-yili imkonsiz tuyulgan ishni amalga oshirgan jamoaning asosiy o‘zagiga aylanishgandi.

2022-yil avgust. Hindiston, Chennay, 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi. 188 jamoa, jahon darajasidagi yulduzlar. O‘zbekiston – turnirdagi eng yosh terma jamoa. O‘rtacha yosh – 19. Ularning juda bo‘lsa o‘nlikdan joy egallashini bashorat qilishadi, undan ortig‘ini emas. Lekin ular nima qilishadi? Butun turnir davomida birorta ham o‘yinda yutqazishmaydi! Sakkizta g‘alaba, uchta durang va haqli chempionlik!

Prezident Shavkat Mirziyoyev ularga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, shunday deydi: «Sizlar – bizning eng katta boyligimiz, xalqimizning oltin fondisiz».

Keling, bir narsani qayd etib qo‘yaylik: hech kim jiddiy qabul qilmagan jamoa barcha favoritlarni mag‘lub etdi. Ammo raqiblar uchun eng dahshatlisi hali oldinda, chunki bu tasodif emas, bu faqat boshlanishi edi.

2025-yil. Jahon kubogi. Sayyoramizning 206 nafar eng kuchli shaxmatchisi jamlangan. Biz qanday manzaraga guvoh bo‘lyapmiz? Yarim finalda O‘zbekistonning ikki vakili: Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev da’vogarlar turniriga ulardan qaysi biri borishini hal qilishyapti!

«Bu aqlbovar qilmas holat. Bir mamlakatdan, bir shahardan chiqqan ikki yigit butun jahon elitasini turnirdan chiqarib yubordi», – deya izoh berishgandi ekspertlar jonli efirda. Yarim finalda Sindarov kuchliroq chiqdi. Finalda uni xitoylik tajribali Vey I kutib turardi, biroq u ham Sindarovni to‘xtata olmaydi.

Javohir Sindarov shaxmat tarixidagi Jahon kubogining eng yosh g‘olibi. O‘sha paytda u bor-yo‘g‘i 19 yoshda edi va u 2026-yilgi da’vogarlar turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Ayni damda u ushbu turnirda muddatidan oldin g‘alaba qozonib, Gukesh bilan jang qilishga tayyorlanayapti. Qolganlar-chi? Nodirbek Yoqubboyev elitada. Abdusattorov-chi? Ha, u Jahon kubogidan erta chiqib ketdi, ammo darhol London Chess Classic  superturnirida 7 imkoniyatdan 6,5 ochko to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Bu tendensiyani his qilyapsizmi?

Kimdir bitta turnirda yutib, soyaga chekinayotgan bir paytda, o‘zbeklar shunchaki o‘rin almashishmoqda. Bugun Sindarov qirol, ertaga Abdusattorov, indinga Yoqubboyev. Bu jamoa emas, bu haqiqiy «shaxmat mafiyasi». Albatta, bu yaxshi ma’noda. Mamlakat ichidagi raqobat shu qadar kuchliki, ularning bo‘shashishga haqlari yo‘q.

Xo‘sh, nega O‘zbekiston maktabi eng yaxshisi? Chunki davlat har bir bola uchun ochiq bo‘lgan jahon darajasidagi infratuzilmani yaratib qo‘ygan. Shuningdek, o‘zbekistonliklar g‘alabalarga juda tashna. Ular juda uzoq vaqt soyada bo‘lishdi va hozir bu yigitlar butun dunyoga isbotlashni xohlashadi: biz ruslardan yomon emasmiz, biz hindlardan yomon emasmiz, biz hammadan yaxshiroqmiz. Albatta, yuqorida nomi tilga olingan uchlikning muvaffaqiyatlari butun mamlakat darajasini ko‘tarmoqda. Shaxmatga yangi bolalar kirib kelmoqda. Qancha ko‘p bola o‘ynasa, shuncha ko‘p kuchli shaxmatchilar yetishib chiqadi.

Shuningdek, bu borada xarakter ham muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonliklar yulduz shaxmatchilardan qo‘rqishmaydi. Karlsen, Firuzja, Fabi – bular ular uchun shunchaki nomlar. Doskada barcha donalar bir teriladi va barchaning imkoniyati teng. O‘zbek shaxmatchilari buni yaxshi tushunishadi. Da’vogarlar turniri Sindarov hozirda yaqqol favoritlardan biri ekanini isbotladi. Ammo, men esa sizga bundan ham ko‘prog‘ini ayta olaman: katta ehtimol bilan, kelajakdagi jahon chempioni aynan u bo‘ladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version