Iqtisodiyot
O‘zbekistonda quriladigan AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmaydi
“O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda quriladigan integratsiyalashgan AES qiymati 9,5 mlrd dollargacha yetishi mumkin. Umumiy summaga mahalliylashtirish xarajatlari kiritilmagan. Lokalizatsiya darajasini 30 foizgacha yetkazish rejalashtirilyapti. Qurilishda bitta maydonchada ikkita kichik va ikkita katta reaktorni joylashtirish formati tanlangan.
O‘zbekistonda quriladigan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qiymati 9,5 milliard dollargacha yetishi mumkin. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Ahmadxo‘jayevga tayanib, Spot xabar berdi.
“O‘zatom” rahbarining ta’kidlashicha, yagona infratuzilmadan foydalangan holda, bitta maydonchada ikkita kichik va ikkita katta reaktorni joylashtirish formati tanlangan. Bunday yondashuv xarajatlarni optimallashtirish imkonini beradi.
“Biz [2026 yil 24 martda] imzolagan shartnomaga muvofiq, bazaviy narximiz 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Bu umumiy, maksimal summadir”, — degan Ahmadxo‘jayev.
«O‘zatom» rahbarining qo‘shimcha qilishicha, umumiy qiymatda mahalliylashtirish darajasi hisobga olinmagan bo‘lib, uni 30 foizgacha yetkazish rejalashtirilyapti. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilishni nazarda tutadi va loyiha qiymatini pasaytirishi kerak.
“Biz 85−90 foizini [kredit mablag‘lari shaklida] jalb qilmoqchimiz. „Katta to‘rtlik“ tarkibidagi xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda olib borgan hisob-kitoblarimizga ko‘ra, agar loyihaga shuncha miqdorda mablag‘ kiritilsa, uning budjetga keltiradigan samarasi 165 milliard dollardan oshib ketadi. Turdosh xizmatlar paydo bo‘ladi, shuningdek, soliq ajratmalari tusha boshlaydi. Shu jihatdan loyiha o‘ta samarali hisoblanadi”, — degan Ahmadxo‘jayev.
AES loyihasi xronologiyasi
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish haqidagi gap-so‘zlar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu masala 2017 yildan beri turli davralarda muhokama qilib kelinadi. Xususan, 2018 yilning iyul oyida Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan hamkorlikda har biri 1200 megavatt quvvatga ega 2 ta energoblokdan iborat AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. O‘shanda stansiyani 2028 yilgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.
2018 yilning oktyabr oyida AES uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l suv ombori hududi tanlab olingani haqida xabarlar chiqdi. Bir muddat o‘tib, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistondagi AES loyihasining taxminiy qiymati 11 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qildi. “O‘zatom” loyiha to‘liq ishga tushirilsa, mamlakat energiya ehtiyojlarining 15 foizgacha qismini qoplashini aytgandi.
2020-2023 yillar oralig‘ida pandemiya va Ukrainadagi urush fonida O‘zbekistonda AES qurish masalasi faol kun tartibida bo‘lmadi. 2024 yilga kelib, bu mavzu yana muzokara stoliga qo‘yildi. Jizzaxdagi tanlangan maydonda 6 reaktorli quvvati 330 megavattlik kam quvvatli stansiya qurish bo‘yicha bitim imzolandi. Keyinchalik, loyiha konfiguratsiyasi yana o‘zgardi: kichik stansiya quvvati 330 MW emas, 110 MW bo‘ladigan bo‘ldi. Ya’ni AESda har biri 55 MW quvvat beradigan oltita emas, ikkita RITM-200N reaktorlari bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2025 yilning yozida katta AES masalasida ham bitim imzolandi. Kelishuv kichik stansiyaning yonida an’anaviy o‘lchamdagi katta AESni ham qurishni ko‘zda tutadi. Katta stansiya har biri 1 GW quvvatli ikkita energoblokni o‘z ichiga oladi, energiya bloklari sonini keyinchalik to‘rttaga oshirish imkoniyati nazarda tutilardi.
Shu tariqa, Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan ham kam quvvatli, ham an’anaviy katta quvvatli atom elektr stansiyalari quriladigan bo‘ldi. Bu – O‘zbekistonni ikki xil stansiya loyihasini bitta maydonga joylashtirgan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi. Integratsiyalashgan AESlar majmuasining umumiy quvvati 2,1 GW bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Qariyb 525 gektarlik maydondagi qo‘shma stansiya 2035 yilga borib yiliga 15,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu – O‘zbekistondagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng, deya ma’lum qilgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.
2026 yilning 24-mart kuni atom elektr stansiyasi qurilishining beton quyish bosqichiga o‘tildi. Shu kuni Toshkentda o‘tgan tadbirda “O‘zatom” va “Rosatom” mazkur loyiha bo‘yicha yana ikkita kelishuv tuzdi. Ulardan biriga asosan, stansiyaning yangilangan noyob konfiguratsiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, integratsiyalashgan AES majmuasi – har biri 55 MW quvvatga ega ikkita kam quvvatli, va har biri 1 GW’lik ikkita an’anaviy energoblokdan iborat bo‘ladi.