Iqtisodiyot
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 6 mln so‘mdan oshdi. Sohalar kesimida daromadlar qanday?
Sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 6 mln 167 ming so‘mni tashkil etdi. Eng katta oyliklar Toshkent shahri (10,4 mln so‘m) va Navoiyda (7,6 mln so‘m), eng kami esa Qashqadaryo (4,2 mln so‘m) va Surxondaryoda (4,3 mln so‘m). Sohalar bo‘yicha eng baland ish haqi sug‘urta sohasida (20,9 mln so‘m), eng kami esa maktabgacha ta’limda (2,7 mln so‘m).
2025 yil yanvar-sentabr oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 167 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga o‘sgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (10 mln 379 ming), Navoiy (7 mln 612 ming) va Toshkent viloyatida (5 mln 803 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (4 mln 270 ming), Surxondaryo (4 mln 347 ming) va Namangan (4 mln 543 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Samarqand (+24,8 foiz), Namangan (+20,9 foiz) va Sirdaryo (+20,7 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.
Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi kattaligicha qolyapti. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqi o‘rtasidagi tafovut 2,43 barobarga yetgan.
2020-2023 yillarda yilda eng ko‘p va eng kam o‘rtacha oylik to‘lanuvchi hududlardagi tafovutlar:
● 2020 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 96 foiz;
● 2021 yilda: (Toshkent/Surxondaryo). Farq – 2,03 barobar;
● 2022 yilda: (Toshkent/Samarqand). Farq – 2,17 barobar;
● 2023 yilda: (Toshkent/Namangan). Farq – 2,25 barobar.
Hisobot yakunlariga ko‘ra, sohalar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:
● bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 16 mln 829 ming so‘m;
● axborot va aloqa sohasida – 14 mln 985 ming so‘m;
● tashish va saqlash sohasida – 9 mln 382 ming so‘m;
● sanoat sohasida – 7 mln 301 ming so‘m;
● savdo sohasida – 6 mln 875 ming so‘m;
● qurilish sohasida – 6 mln 342 ming so‘m;
● yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 5 mln 122 ming so‘m;
● san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 5 mln 114 ming so‘m;
● ta’lim sohasida – 4 mln 188 ming so‘m;
● sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 3 mln 765 ming so‘m.
O‘qituvchi va shifokorlar ish haqining o‘sish sur’ati tezlashgan bo‘lsa-da, respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (mos ravishda 32,1 foiz va 39 foizga) pastligicha qolyapti.
Sanoat sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln 301 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdori tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sohasida 9 mln 646 ming so‘m, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasida 8 mln 979 ming so‘m, ishlab chiqarish sanoati sohasida 6 mln 987 ming so‘m, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sohasida 4 mln 721 ming so‘m bo‘lgan.
Savdo sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 875 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdori avtomobil va mototsikllarning ulgurji va chakana savdosi va ularni ta’mirlash tarmog‘ida 9 mln 15 ming so‘mni, avtomobil va mototsikllar savdosidan tashqari ulgurji savdo sohasida 7 mln 165,7 ming so‘mni, avtomobil va mototsikllar savdosidan tashqari chakana savdo sohasida 6 mln 324 ming so‘mni tashkil etgan.
Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 14 mln 985 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning ayrim sohalari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar sohasida 19 mln 995 ming so‘mni, axborot xizmati ko‘rsatish sohasida 18 mln 643 ming so‘mni, aloqa sohasida 11 mln 758 ming so‘mni tashkil etgan.
Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 16 mln 829 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari sohasida 20 mln 973 ming so‘m, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish va sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyat sohasida 18 mln 143 ming so‘m, sug‘urtalash va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlar sohasida 16 mln 456 ming so‘m bo‘lgan.
Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 188 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi oliy ta’lim sohasida 9 mln 513 ming so‘mni, texnik va professional ta’lim sohasida 4 mln 259 ming so‘mni, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 4 mln 136 ming so‘mni, maktabgacha ta’lim sohasida esa 2 mln 771 ming so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot4 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
