Iqtisodiyot

O‘zbekistonda mehnat ruxsatnomasisiz ishlagan xorijliklar javobgarlikka tortiladi

Published

on


Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatda viza berish va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibining soddalashtirilishi, shuningdek, turizm sohasida yaratilgan imtiyozlar natijasida O‘zbekistonga kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni ortib bormoqda.

Shu bilan birga, ayrim xorijiy fuqarolar hamda doimiy ravishda boshqa davlatlarda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmasdan ishlayotgani qayd etildi. Shuningdek, tasdiqnomada ko‘rsatilmagan mehnat turlari bilan shug‘ullanish holatlari ham uchramoqda.

Qonun loyihasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida tasdiqnomasiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, tasdiqnomada nazarda tutilmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga asosan, mazkur turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati Davlat mehnat inspeksiyasi, ichki ishlar organlari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilishi taklif qilinmoqda.

Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasi mehnat munosabatlari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, qonuniy mehnat bozorini shakllantirish hamda fuqarolarning mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version