Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 715 ming so‘m deb belgilandi
Statistika qo‘mitasi 2026 yil uchun jon boshiga oylik minimal iste’mol xarajatlari miqdorini 715 ming so‘m deb e’lon qildi. Bu – o‘tgan yilgidan 6,9 foizga yuqori. 2025 yilgi rasmiy inflatsiya esa 7,3 foizga baholangan edi.
O‘zbekistonda 2026 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etdi, deya e’lon qildi Milliy statistika qo‘mitasi.
Bu – 2025 yilda amal qilgan qiymat (669 ming so‘m)dan 6,9 foizga yuqori.
Qayd etish lozim, Statqo‘m 2025 yilni inflatsiyani 7,3 foizga baholagan edi.
Minimal iste’mol xarajatlari (MIX) – O‘zbekistonda kambag‘allikning rasmiy chegarasi hisoblanadi. Qaysiki oilada jon boshiga daromad MIXdan past bo‘lsa, o‘sha oila rasman kambag‘al hisoblanadi va davlat u oilani kambag‘allikdan chiqarish mas’uliyatini oladi.
Statistika qo‘mitasining qayd etishicha, 2026 yil uchun MIXning 715 ming so‘mlik qiymati – 2025 yilgi inflatsiyaning “oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar bo‘yicha narx indekslarini asosida alohida indeksatsiya qilish natijasi”da kelib chiqqan.
Qonunchilikka ko‘ra, Milliy statistika qo‘mitasi minimal iste’mol xarajatlari va kambag‘allik darajasini har yilgi hisobot yilida inflatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20 yanvariga qadar e’lon qilib borishi kerak.
Biroq qo‘mita yangi qiymatlarni kechikib: o‘tgan yili 4 fevralda, joriy yilda esa 4 martda e’lon qildi.
Iqtisodiyot
Barcha hududlarda Invest kompaniyalari tashkil etiladi
Prezident farmoniga ko‘ra, Toshkent Invest kompaniyasi AJ va Samarqand Invest kompaniyasi AJ tajribasi asosida respublika bo‘ylab aksiyadorlik jamiyati shaklida investitsiya kompaniyalari tashkil etiladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur Invest kompaniyalari tadbirkorlik sub’yektlari va davlat organlari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi. Ularning asosiy maqsadi investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda hududlarda iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishdan iborat.
Shuningdek, hujjatda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini takomillashtirish bo‘yicha qator yangi mexanizmlar ham nazarda tutilgan.
Xususan, ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni sotib olish uchun subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini baholash jarayoni subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda, inson omilisiz amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 apreldan budjet resurslari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega fuqarolarga, shuningdek ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lab kelayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ajratiladi.
Qayd etilishicha, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq to‘lash davri bosqichma-bosqich oshiriladi: 2026 yilda — oxirgi 1 yil, 2027 yilda — oxirgi 2 yil, 2028 yildan boshlab — oxirgi 3 yil davomida ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lagan bo‘lishi talab etiladi.
Iqtisodiyot
Xitoy 1991 yildan beri eng past YaIM o‘sishi maqsadini belgiladi
Xitoy Eron va Ukrainadagi urushlar, shuningdek Vashington bilan savdo tortishuvlari fonida YaIM o‘sishi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichni 4,5 foiz darajasiga tushirdi. Oxirgi uch yilda prognoz izchil ravishda “taxminan 5 foiz” deb baholangan edi.
Xitoy 2026 yil uchun YaIM o‘sishi maqsadli ko‘rsatkichini 4,5 foizdan 5 foizgacha bo‘lgan oraliqda belgiladi. Bu 1991 yildan beri eng past ko‘rsatkich, deb xabar berdi dpa agentligi payshanba kuni, 5 martda. Oxirgi uch yilda XXR hokimiyati ushbu maqsadni izchil ravishda “taxminan 5 foiz” deb baholab kelgan.
Pekinda prognozning pasaytirilishi global beqarorlik sharoiti bilan izohlandi, aniqrog‘i — Ukraina va Erondagi urushlar oqibatlari hamda AQSh prezidenti Donald Tramp davrida AQSh bilan savdo urushi (trade war) bilan.
Dpa yozishicha, XXR ichidagi muammolar ham prognozga ta’sir qilgan. Mamlakatda jadal ishlab chiqarish bilan zaif talab o‘rtasida nomutanosiblik saqlanib qolmoqda, ishsizlik muammosi keskin, ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz davom etmoqda.
Shu bilan birga, ekspertlar qayd etishicha, Xitoyning iqtisodiy modeli hali ham sanoat va eksportga yo‘naltirilgan. Yangi besh yillik budjet rejasida ham texnologik taraqqiyotni tezlashtirish va sun’iy intellektni aholi hamda korxonalarning kundalik hayotiga joriy etishga urg‘u berilishi kutilmoqda.
Harbiy sohada Xitoy avvalgi yo‘nalishini saqlab qolmoqda. XXR hukumati 2026 yilda mudofaa xarajatlari 1,7 trln yuan (taxminan 236 mlrd yevro)ni tashkil etishini bildirdi, bu esa qariyb 7 foiz o‘sishni anglatadi. Shu tarzda, AQShdan keyin Xitoy dunyodagi ikkinchi eng katta harbiy budjetga ega mamlakat bo‘lib qolmoqda. Pekin mudofaa xarajatlari oshirilishini doimiy ravishda qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish va milliy manfaatlarni himoya qilish zarurati bilan asoslab keladi.
Iqtisodiyot
AQSh “Rosneft”ning Germaniyadagi shu’ba kompaniyasini sanksiyalardan chiqaradi
Bloomberg xabar berishicha, AQSh Moliya vazirligi Rossiya neft konserni “Rosneft”ning Germaniyadagi bo‘linmasini sanksiyalar rejimiga kiritmaslik bo‘yicha qaror tayyorlamoqda. Bu Germaniyadagi neftni qayta ishlash korxonalari uchun xavf-xatarlarni kamaytiradi.
Foto: Patrick Pleul / Reuters
Bloomberg agentligi xabardor manbaga tayanib 4 mart, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, AQSh ma’muriyati Rossiyaning “Rosneft” neft konserniga qarashli Germaniyadagi shu’ba kompaniyani sanksiyalardan muddatsiz ozod etish niyatida. Manba aytishicha, AQSh Moliya vazirligining qarori 6 mart kuni kutilmoqda, biroq muddatlar o‘zgarishi ham mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya konsernining Germaniyadagi shu’ba kompaniyasiga nisbatan amaldagi istisno (ya’ni sanksiyalardan chiqarish)ni uzaytirish GFRdagi neftni qayta ishlash korxonalari ishida uzilishlar bo‘lishi xavfini kamaytiradi. Hozir Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashuvi jahon energetika bozorlarini beqarorlashtirmoqda.
Germaniya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida “Rosneft”ning mahalliy shu’ba kompaniyalarini ishonchli boshqaruvchi nazoratiga o‘tkazgan. Aktivlar qatorida Germaniya sharqidagi Shvedt shahrida joylashgan PCK neftni qayta ishlash zavodidagi ulush ham bor — u poytaxt hududi uchun yonilg‘i yetkazib berishda muhim ta’minotchi hisoblanadi.
Oktyabr oyida Reuters agentligi Vashington Berlinni yozma ravishda “Rosneft”ning Germaniyadagi aktivlarini AQShning yangi energetika sanksiyalaridan istisno etgani haqida xabardor qilganini bildirgan edi.
GFR Iqtisodiyot vazirligi 4 mart kuni bayonot berib, AQSh tomonidan kuzda joriy etilgan sanksiyalar Germaniyadagi shu’ba kompaniyalarga qaratilmaganini ma’lum qildi — chunki ular ishonchli boshqaruvga topshirilgani natijasida Rossiyadagi tuzilmadan ajratilgan. Vazirlik bayonotida: “Tegishli Amerika ruxsatnomasini imkoni boricha ertaroq uzaytirish maqsadida, biz AQShning vakolatli idoralari bilan yaqin va juda konstruktiv muloqot olib bormoqdamiz”, — deyiladi.
AQShning tegishli idorasi OFAC ushbu vaziyatni inobatga olgan holda, kuzdayoq tezkor javob qaytarib, General License deb ataladigan umumiy litsenziyani e’lon qilgan. Bu litsenziya Germaniyadagi shu’ba kompaniyalar AQSh sanksiyalariga tushib qolmasligini kafolatlaydi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston xalqaro turizm hamkorligini kengaytirmoqda
Berlin shahrida (Germaniya) “ITB Berlin” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan UN Tourism turizm vazirlari sammitida ishtirok etgan Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimiz turizm salohiyatini xalqaro maydonlarda keng targ‘ib qilish va turistik oqimni oshirish masalalarini muhokama qilish maqsadida xalqaro tashkilotlar va biznes vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ozarbayjon Respublikasi Davlat turizm agentligi raisi o‘rinbosari Azada Guseynova bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish, yangilangan O‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga tayyorgarlik hamda qo‘shma marketing tashabbuslarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar o‘zaro FAM-turlar va blogerlar tashriflarini tashkil etish, tur operatorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan qo‘shma turistik marshrutlarni shakllantirish imkoniyatlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Trip.com Group kompaniyasining global destinatsiyalar marketingi bo‘yicha vitse-prezidenti Edison Chen bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonning turistik salohiyatini kompaniyaning raqamli platformalari orqali keng targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar qo‘shma marketing kampaniyalarini amalga oshirish, shuningdek mamlakat uchun maxsus onlayn sahifa yaratish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Muzokaralar yakunida Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga qaratilgan qo‘shma marketing tashabbusini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
ICCA (International Congress and Convention Association) bosh direktori Sentxil Gopinat bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekistonda MICE-turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, “Convention Bureau” modelini joriy etish, xalqaro assotsiatsiyalar tadbirlarini jalb qilish hamda ICCA’ning tahliliy instrumentlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xiva shahridagi “Arda Khiva” majmuasini yangi MICE-destinatsiya sifatida ilgari surish hamda yirik xalqaro kongresslarni jalb etish bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Shuningdek, “SHL (Schweizerische Hotelfachschule Luzern)” Shveysariya mehmonxona boshqaruvi maktabi Strategik hamkorlik va xalqaro biznes bo‘yicha direktori Martin Bart bilan uchrashuvda mehmondo‘stlik sanoati uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash, amaliy ta’lim dasturlarini joriy etish hamda Samarqand shahridagi “UN Tourism Academy” bilan akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlik formatlarini aniqlashtirish bo‘yicha ishchi muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro turizm maydonidagi faolligini yanada oshirish, mamlakatni jozibador va raqobatbardosh destinatsiya sifatida ilgari surishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qaysi xizmat turlari eng tez o‘smoqda?
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar oyida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 80,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Xizmat turlari bo‘yicha o‘sish sur’atlari quyidagicha:
Ta’lim sohasidagi xizmatlar — 122,8 %;
Moliyaviy xizmatlar — 120,2 %;
Yashash va ovqatlanish xizmatlari — 117,3 %;
Savdo xizmatlari — 116,8 %;
Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 113,3 %;
Boshqa xizmatlar — 112,7 %;
Ijara xizmatlari — 110,9 %;
Kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 110,6 %;
Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 110,5 %;
Transport xizmatlari — 109,4 %;
Shaxsiy xizmatlar — 109,0 %;
Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 107,2 %;
Me’morchilik va muhandislik sohasidagi xizmatlar — 105,8 %.
-
Iqtisodiyot3 days agoYanvarda tashqi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollarga oshdi
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiya Eron chegarasida bir kunlik sayohatlar toʻxtatilganini eʼlon qildi
-
Siyosat3 days agoEnergetika vazirligi 1 martdan tabiiy gaz narxi oshishi haqidagi mish-mishlarni rad etadi
-
Iqtisodiyot3 days agoTaxiatosh IES davlat ixtiyoriga qaytariladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning hukmron partiyasi 10% virtual valyuta daromad solig’ini taklif qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoToshkent viloyatida suvga oqizib yuborilgan jasad 80 kunda topildi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Eron oliy yetakchisi Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
