Jamiyat
O‘zbekistonda ish joyidagi baxtsiz hodisalar oqibatida olti oyda 140 nafarga yaqin inson vafot etdi
O‘tgan olti oy davomida 447ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Eng ko‘p baxtsiz hodisalar sanoat (144 ta) va qurilish (127 ta) sohalarida yuz bergan.
Davlat mehnat inspeksiyasi 2026 yilning 1-yarim yilida mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar statistikasini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan olti oy davomida 447ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 21 tasi guruhiy, 311 tasi og‘ir oqibatli, 113 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.
Baxtsiz hodisalar oqibatida 494 nafar fuqaro jabrlangan bo‘lib, ulardan 337 nafari og‘ir, 20 nafari yengil tan jarohati olgan, 137 nafari esa halok bo‘lgan.
Eng ko‘p baxtsiz hodisalar sanoat (144 ta) va qurilish (127 ta) sohalarida yuz bergan. Shuningdek, boshqa sohalarda 87 ta, transport va logistika sohasida 17 ta, savdo va xizmatlarda 16 ta, sog‘liqni saqlash hamda qishloq va suv xo‘jaligida 14 tadan, ta’limda 13 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan.
Eng kam baxtsiz hodisalar madaniyat va sport (2ta) hamda axborot texnologiyalari (3ta) sohasida sodir bo‘lgan.
Eng ko‘p baxtsiz hodisalar Toshkent shahri (95 ta), Toshkent (58 ta) va Qashqadaryo (38 ta) viloyatlarida qayd etilgan. Eng kam baxtsiz hodisalar esa Jizzax (16 ta), Surxondaryo (16 ta) va Xorazm (13 ta) viloyatlarida kuzatilgan.
Qolgan hududlar bo‘yicha statistika quyidagicha:
Buxoro — 34 ta
Samarqand — 33 ta
Andijon — 33 ta
Navoiy — 31 ta
Farg‘ona — 23 ta
Qoraqalpog‘iston — 20 ta
Sirdaryo — 19 ta
Namangan — 18 ta
Jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga 10 mlrd 376 mln so‘m miqdorida bir martalik hamda oylik zarar pullari undirib berilgan.
Jamiyat
Sergelida ko‘p qavatli turarjoy qurilishi to‘xtatildi
Obektning bir nechta qismlarida bajarilgan temir-beton o‘zaklar sifatsiz hamda loyiha talablariga muvofiq bo‘lmagan holda bitkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahri hududidagi qurilish obektlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli turarjoy obektida qurilish materiallarini saqlash qoidalari buzilganligi, qurilish maydoni va uning atrofi tez yonuvchan chiqindilardan tozalanmaganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, obektning bir nechta qismlarida bajarilgan temir-beton o‘zaklar sifatsiz hamda loyiha talablariga muvofiq bo‘lmagan holda bitkazilgani ma’lum bo‘ldi va obektdagi barcha turdagi qurilish-montaj ishlari to‘xtatildi.
Mas’ullarga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Loyiha talablariga muvofiq bo‘lmagan ishlarni buzdirish boshlandi.
Jamiyat
Bektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
Tezkor tadbirlar davomida ikki nafar fuqaroda giyohvand modda qadoqlangan 43 dona, yana bir fuqaroda 15 dona paketcha borligi aniqlandi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar doirasida giyohvand moddalarni yashirin joylarga qoldirib ketuvchi («zakladchik») shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, Bektemir tumanining Iyk-ota mahallasi hududida xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati xodimlari ikki nafar fuqaroning xatti-harakatlaridan shubhalanib, ularni tekshirishgan.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik davomida ularning yonidan giyohvand modda qadoqlangan sotuvga tayyor 43 dona paketcha chiqdi.
Maxsus tadbirlar davomida tuman IIB tezkor xodimlari yana bir shaxsni qo‘lga oldi. Uning yonida giyohvand modda qadoqlangan 15 dona paketcha borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Jamiyat
“Och qolmaslik uchun vayner bo‘ldik” – “Turtki” podkastida bir dard birlashtirgan uchlik
Fotima Nazarova, Shahzoda Albayeva va Komila Murodovani nafaqat vaynlar, balki og‘ir hayot sinovlari ham birlashtirgan. Biri sahnada tan olinmagan, biri to‘rt nafar farzandini katta qilish uchun kurashgan, yana biri bolalikdagi bullinglar sabab aktrisalik orzusiga yetishishni maqsad qilgan. Ular qiyinchiliklarni yumorga aylantirib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z auditoriyasini topdi. Ammo daromadga muhtoj bo‘lsa ham, dori, klinika va ishonchsiz qurilishlar reklamasidan voz kechishini aytmoqda.
Kun.uz xalq orasida o‘z auditoriyasiga ega bo‘layotgan uchlik Sohiba qalpoq, Komilalolo va Shahzoda Zarifjonovna taxallusi bilan faoliyat yuritayotgan vaynerlar bilan suhbatlashdi.
“Uch qismat – bir dard!”
Dard! Ko‘zyoshlar va yashab qolish uchun kurash! Ba’zan hayot sinovlari kimningdir qaddini egib qo‘ysa, ba’zilar esa qayta oyoqqa turish uchun tinimsiz mehnat qiladi. Bizning oramizda shunday insonlar borki, ularning yo‘llarini dard birlashtirgan. Har qanday qayg‘uni kulgi bilan yenga olgan. Tanlagan kasbida ishlash uchun judayam ko‘p eshiklar oldida sarg‘aygan bo‘lsa-da, ammo sahna ularni tanlamadi. Ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi ularning iste’dodlarini yuzaga chiqarish uchun maydon bo‘la oldi. Hatto ular bilan gaplashishni istamagan, qadrini yerga urganlar bugun ich-ichidan ularning qayta oyoqqa turganiga jimgina tan berishgani haqiqat!
Bugungi suhbatdoshlarimiz shak-shubhasiz yuqoridagi e’tiroflarga loyiqdir. Vaynerlar Fotima Nazarova, Shahzoda Albayeva, Komila Murodova. Bu uchlik birlashishdagi oliy maqsadlari yashab qolish uchun kurash ekanligini berkitishmadi. Oddiy sodda o‘zbegim ayollari. Gardanidagi mas’uliyat o‘laroq dardni yumorga almashtira olgan bu opa-singillarimiz, pulsiz qolsak-da “biz 3 turdagi reklamalarni ommaga olib chiqmaymiz” – deyishmoqda. Prinsipli ular.
Tan olish kerak bugungi kunda vaynlarga ko‘pchilikning munosabati yaxshi emas. Qabul qilisholmaydi. Bir zamonlar odamlar mahallada, choyxonada, to‘y-tomoshalarda yig‘ilib qolganda aytiladigan maishiy muammolar, bugun zamon zayli bilan internetga ko‘chdi. Kimdir bachkanalik qilsa, yana kimdir ba’zi muammolarni kulgiga aylantirib tarmoqqa joylamoqda. Aslida internet janrlaridan biriga aylangan vaynlar dastlab Fransiyada 1895 yildan, bundan 131 yil oldin ilk marta bor-yo‘g‘i 45 soniyalik “L’Arroseur arrosé” (“Suv sepuvchi”) nomli komedik film ko‘rinishida tasvirga olingan. Voqeasi quyidagicha. Bog‘bon suv sepmoqda bir bola kelib, bog‘bonning shlangini bosib turib, suv kelishini to‘xtatmoqda. Bir qarashda u qadar kulgili emasdek. Ammo o‘sha davr uchun bu ham yangilik o‘laroq, san’atda yangi janr paydo qilgan. Tomoshabinlar esa buni kulgili deb hisoblagan va zavqlanishgan. Davomiyligi nuqtai nazaridan hozirgi vaynlarga o‘xshashroq, sezgandirsi?.. Ya’ni kino tarixidagi ilk komediyalardan biri hozirgi vayn bilan deyarli teng bo‘lgan.
Biz vaynlar yaxshi yoki yomon degan fikrni muhokama qilishdan yiroqmiz. Tomoshabinning o‘z munosabati bor va vayn tomosha qilib katta bo‘layotgan avlod shakllandi. Nima bo‘lsa-da hayotimizning bir bo‘lagidir vaynlar. E’tiboringizni tan olinmagan iqtidorlilar vaynlar orqali iste’dodini namoyon etib, oiladagi mas’uliyatini ado etayotgan uchlik Fotima Nazarova, Shahzoda Albayeva, Komila Murodovaga qaratmoqchimiz.
Fotima Nazarova asli hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Musiqali drama yo‘nalishida tahsil olgan. Shahzoda Albayevaning asl kasbi iqtisodchi. Komila Murodova esa hamshira bo‘lib ishlagan. Jamoa tasvirchisi va montaj ustasi Fotima opaning 17 yoshli o‘g‘li Mahmud. Ssenariy muallifi va ma’mur Shahzoda. U “Fotima opaning tajribasiga suyanaman” – demoqda. San’at sohasida ta’lim olmagan Shahzoda va Komilada aktrisa bo‘lib mashhurlikka erishish istagi bolaligidanoq paydo bo‘lgan ekan. Jamoani jam qilgan sardor bu Fotima opa Nazarova.
“Bobur Mansurovga borib yurganimda, birinchi Shahzodani ko‘rganman. Mana shu qiz zo‘r dedim ularga aytdim-da. “Yomon” tipaj dedim. Shunaqa qilib, keyin Komila biz bilan ishlaysanmi desam, Rahmiddin bilan ishlardi. Ha, dedi. Shu bilan Boburlar, mayli, sizga bo‘lsa mayli opa dedi. Keyin Shahzodani ham Bobur Mansurovda ko‘rdim. Voy, opa, sizning muxlisingizman dedi keyin. Voy, aylanay dedim-da, keyin, Shahzoda, ssenariy yozasan-ku, bizga o‘t deb, shunaqa qilib birlashib ketdik.” – deb xotiralarni esladi Fotima Nazarova.
“Biz dori reklama qilmaymiz”
Jamoadan reklamalarni saralash masalasida o‘z munosabatlarini so‘radik. Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ular 3 turdagi reklamalarni ommaga e’lon qilishmas ekan.
“Biz dorini hech qachon reklama qilmaymiz. Umuman olmaymiz dori reklamasini. Keyin klinikalarni reklama qilmaymiz. Sababchi bo‘lib qolishdan qo‘rqamiz. Chunki hammani organizmi har xil. Eng oxirgisi qurilishlarni o‘ylab qilamiz, qilsak agar. Qarg‘ishga qolmaylik deb qurilishni ham o‘ylab ko‘ramiz.”
“Rizqimiz albatta keladi”…
Hech o‘ylab ko‘rganmisizlar, YouTube, Instagram platformasi bor hozir. Agar shu platformalarga cheklovlar bo‘lib qolsa yoki to‘xtatilsa yoki yo‘qolib qolsa-da. Nima bo‘ladi keyin? Shu haqida o‘ylaganmisizlar deb so‘radik ulardan.
“O‘ylaganman”, – deydi Shahzoda. “Aytaman-ku, birxillikdan zerikaman deb. Bu yo‘nalishdan ham zerikib qolmayman deb javob bera olmayman o‘zimga. Izlaganga yo‘l ko‘p. Xavotir olmaymiz. Rizq berguvchi Alloh. Bizning shiorimiz shu. Rizq Allohdan. Biz bu yo‘nalishda bo‘lamizmi, boshqa yo‘nalishda bo‘lamizmi, mana shu nonimiz keladi baribir. Qo‘rquv yo‘q. Yo‘q, yo‘q, umuman qo‘rqmaslik kerak”.
“Vaynlar vaqtinchalik!”
Fotima opa Siz nima deb o‘ylaysiz, vaynlarning umri qancha, qancha vaqtdan keyin vaynlarni xalq qabul qilmay qo‘yadi, sizningcha?
“Menimcha, tegirmon navbati bilan deydi-ku. Bir mahallar kino zo‘r edi. Undan keyin seriallar zo‘r bo‘ldi. Serialdan keyin sekin-sekin komediya rivojlandi. Mana eng qisqasi vaynlar, endi odamlarning boshqasiga sabri qolmadi. Hozircha o‘sha Instagram. Bu ham bir kun yo‘q bo‘ladi. Hamma narsa aylanib kelaveradi. Endi qachon yo‘q bo‘ladi, uni Alloh biladi. O‘sha qo‘rqmaslik kerak. Allohning aytganini qilish kerak. Rizqni beraveradi. Vayndan keyin. O‘zi shunaqa chevar, shunaqa yo‘lini qilib qo‘yadi. Men oldin qo‘rqardim. Rostdan ham Allohni tanimasdan oldin men qo‘rqardim. Ertaga nima bo‘ladi, nima qilaman, och qolsak-chi, unaqa qilsak-chi, qayg‘uga botar edim. Hozir bitta ham qayg‘urmayman. Chunki Allohim bor. Mehribon.”
“To‘rtta chaqaloq. To‘rt quti bo‘tqa”
Fotima Nazarovaning fikrlariga Shahzoda Albayeva qo‘shimcha qildi.
“Bizni hayot shunaqa tarbiyalab qo‘ydi-da. Biz och qolishdan yoki rizqimiz kelmay qolishidan qo‘rqmaydigan bo‘lib qoldik. Qo‘rqmayman. Qiyinchiliklar shunaqa qilib qo‘ydi desak ham bo‘ladi. Vaqtida, aytaman, to‘rtta chaqaloq. To‘rt o‘ram taglik, to‘rt quti bo‘tqa deganida bu arzon narsa emas. Buni boshga tushganlar biladi. Bitta bo‘tqa va taglik olsak, ikki kunga yetadi. Mana bugun olsam, bugun xursand bo‘laman, ertaga yediraman, indiniga yana o‘ylanishim kerak. U bo‘tqa qurg‘ur ham arzon narsa emas. O‘sha paytlar Fotima opa aytmoqchi, ertaga nima qilaman degan qo‘rquv bor edi. Keyin o‘zimni o‘zim kasal qilaman qarasam. O‘sha qo‘rquvni qo‘yib yuborganimdan keyin hayotim shunaqa yaxshilanib ketdi, ishoning. Insonlar o‘sha qo‘rquvni qo‘yib yuborish kerak o‘zidan.”
“5000 dollar yig‘ildi”
Fotima Nazarova uzoq yillar davomida o‘z uyi bo‘lishini orzu qilib yashagan. Xalqning yordami bilan bugun vatanli bo‘ldim demoqda suhbatdoshimiz.
“Allohga shukur, 30 yil deganda mana shu uyni qurib oldim. Hali kamchiliklari rosa ko‘p. Men bo‘lmasa, karta qo‘yinglar, menga yordam beringlar deganim yo‘q xalqqa. Shunchaki hayotimni gapirib berdim, xolos. Rahmi kelib, shunaqa yaxshi insonlar bor ekan. Keyin 5000 dollar yig‘ildi. Shu sabab bo‘ldi. 5000 dollarga betonini quydim. Keyin bu yog‘i yana xayr-ehson, reklamalar, barterlar, xullas uy bitdi. Men haqimda, mening oilam, bolalarim haqida yaxshi duoda bo‘lganlardan ilohim, Alloh rozi bo‘lsin, ikki dunyo saodatini bersin.”
“Bir tiyinga olishmagan”
“Xalqqa tanilmasimdan oldin, lekin rosa yerga urishgan, uni bilaman. Endi uni aytib o‘tirishim shart emas. Muqimiy teatrida ishlaganman. Ko‘p joylarda bo‘lganman. Bir tiyinga olishmagan. Ana endi hozir yuzaga chiqqandan keyin olishyapti, mayli. Shunaqa. Lekin o‘sha hech kim bo‘lmagan paytimda ham Foti-Foti, Fotima deb qo‘llaganlar bor, san’atkorlar ichida.” – deya qadrsizlantirganlardan ranjiganini berkitmadi qahramonimiz.
“Kontent fikrlarni o‘zgartirishi mumkin”
Oila va turmushdagi ba’zi muammolar sabab, 4 nafar egizak farzandlarni katta qilish uchun yanada kurashishga bel bog‘lagan Shahzoda Albayevaning Instagram sahifasidagi kontentlar asosan xotin-qizlarga motivatsiya berishga qaratilgan. Shahzodaning kuzatuvchilari asosan 20-35 yosh oralig‘idagi ekan. Va biz suhbatdoshimizga sahifangizga joylayotgan kontentlarni saralaysizmi, hech o‘ylaganmisiz, kimgadir ta’sir qilib qo‘ymadimmi, misol uchun kimningdir hayotini o‘zgartirib yubormayapmanmi deb xavotir bo‘ladimi deb savol berdik.
“O‘ylaganman, chunki juda ko‘p odamni boshqa taraflama, yomon tarafga ham burib yuborishi mumkin kontentimiz. Fikrini o‘zgartirishi mumkin-da. O‘shanda kommentariyaga yozadi, shaxsiy direktimga yozishadi, ayol-qizlar juda ko‘p muammolari bilan. Aytaman, har kimning hayotidagi vaziyat har xil. Holatlar o‘xshash bo‘lishi mumkin, lekin vaziyat boshqacha. Agar oilani ushlab qoladigan vaziyat bo‘lsa, u vaziyatda imkon boricha ushlab qolish kerak deyman.”
To‘liq intervyuni quyidagi havola orqali tomosha qiling.
Jamiyat
O‘zbekistondagi 200dan ortiq suv havzalarining nomlari o‘zgardi
“Akkol” nomi “Oqko‘l”, “Rybatskiy zaliv” – “Baliqchiko‘l”, “Tubakol” – “Tubako‘l” ko‘rinishida rasmiylashtirildi.
Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimizdagi ayrim daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, qonunchilik talablari asosida nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilayotgan hamda yangi nom berilgan 216 ta daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar va sharsharalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Masalan, “Akkol” nomi “Oqko‘l”, “Rybatskiy zaliv” — “Baliqchiko‘l”, “Tubakol” — “Tubako‘l” ko‘rinishida rasmiylashtirildi.
Qarorda Suv xo‘jaligi vazirligiga ikki oy muddatda Kadastr agentligi, Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda daryolar, soylar, buloqlar, sharsharalar nomlarining davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi hamda ularga yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga o‘zgartishlar kiritish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, vazirlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar va sharsharalarda o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoidalari va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishini ta’minlaydi.
Jamiyat
Sertifikatga ega qariyb 13 ming nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.
2026/2027-o‘quv yili uchun jami 677 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi, deb xabar berdi Bilim va malakalarni baholash agentligi. Shundan 451 744 nafarini (66,6 %) joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari (33,4 foiz)ni ta’lim muassasalarini avvalgi yillarda tamomlagan fuqarolar tashkil etgan.
Abituriyentlarning 365 196 nafari (53,9 foiz)ni ayollar, 312 711 nafari (46,1 foiz)ni esa erkaklar tashkil etadi. Qayd etilishicha, test sinovlarida 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Ro‘yxatdan o‘tishda abituriyentlar tomonidan yuklangan xalqaro sertifikatlar tekshirilib, ularning 24 526 tasi tasdiqlangan. Umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan edi.
Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkaziladi.
-
Iqtisodiyot5 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
-
Sport5 days ago«Portugaliyaga uchta sovrin olib keldim»
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
-
Dunyodan3 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Jamiyat5 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin ko‘tarilish yuz berdi
