Mahalliy
O‘zbekistonda ilmiy daraja olishdagi ayrim tartiblar bekor qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, ilmiy darajalar berishda 2027 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi tartiblar bekor qilinadi:
chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish, mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno;
Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida e’lon berish;
dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish;
ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya e’lon qilish;
dissertatsiya avtoreferatini chop etish;
dissertatsiya ilmiy natijasi amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida xulosa olish;
Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan o‘tkazish;
himoya qilingan dissertatsiya bo‘yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash;
ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun jalb qilingan chet ellik fuqaroning xorijda olgan ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiya qilish.
Bunda ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjat uning O‘zbekistondagi faoliyati davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.
2027 yil 1 yanvarga qadar Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida e’lon berilgan va dissertatsiya himoyasini o‘tkazgan izlanuvchilarga ilmiy darajalar mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar amalda bo‘lgan tartibga muvofiq beriladi.