Iqtisodiyot
O‘zbekistonda biznes kayfiyati qaysi sohalarda yaxshilandi?
2026-yil II choragida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida o‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlarning 65 foizi biznes yuritish shart-sharoitlari yaxshilanganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos choragiga nisbatan 9 foiz bandga oshgan.
Biznes muhiti yaxshilanganini bildirgan tadbirkorlar ulushi, ayniqsa, qurilish, tibbiyot, moliya va qishloq xo‘jaligi sohalarida sezilarli ko‘paygan.
So‘rov natijalarida bank xizmatlari sifati va kredit olish imkoniyatlari, raqobat muhiti hamda litsenziya olishdagi ijobiy o‘zgarishlar biznes sharoitiga ta’sir qilgan asosiy omillar sifatida qayd etilgan.
Tadbirkorlarning yonilg‘i va energiya iste’moli oshganini bildirganlar ulushi 6 foiz bandga ko‘paygan. Buyurtmalar hajmi bo‘yicha ham ijobiy dinamika qayd etilgan — mazkur ko‘rsatkich 4 foiz bandga yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, ishlab chiqarish hajmi oshganini bildirgan respondentlar ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foiz bandga ko‘paygan. Bu tadbirkorlik faolligidagi ijobiy o‘zgarishlar bir nechta ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘lganini ko‘rsatadi.
So‘rovda kelgusi chorak uchun ham tadbirkorlarning yonilg‘i va energiya iste’moli, yuk tashish, qo‘shimcha ishchi kuchiga talab, ishlab chiqarish va buyurtmalar hajmi, shuningdek kredit va qarz to‘lovlari bo‘yicha kutilmalari o‘rganilgan.
So‘rovda qatnashgan biznes vakillarining 81 foizi kelgusi uch yilda mamlakat iqtisodiyoti va biznes muhiti yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Bu ko‘rsatkich tadbirkorlarning uzoq muddatli iqtisodiy kutilmalari ijobiyligini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimidagi ma’lumotlarda aloqa va axborot, savdo, maishiy xizmat, hunarmandchilik, ishlab chiqarish, tibbiyot, turizm, tashish xizmati, qishloq xo‘jaligi, moliya, qurilish va boshqa sohalar bo‘yicha biznes kayfiyati o‘zgarishi alohida ko‘rsatilgan.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
