Mahalliy
O‘zbekistonda beshta sel suv ombori quriladi
O‘zbekistonda 2027 yildan boshlab sel suvlarini to‘plash uchun mo‘ljallangan beshta sel suv ombori qurilishi boshlanadi. Bu prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjat bilan 2027-2030 yillarda sel suv omborlarini qurish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlandi.
Sel suv omborlari qurilishi orqali Samarqand viloyatidagi 7 ming gektar, Toshkent viloyatidagi 2 ming gektar va Jizzax viloyatidagi 300 gektar yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash rejalashtirilgan.
Shuningdek, Samarqand viloyatida 3,3 ming gektar, Toshkent viloyatida esa 300 gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Ilmiy tavsiya va xulosalar asosida respublika bo‘yicha kichik suv zaxiralarini yaratish imkoniyati mavjud bo‘lgan 60 ta hudud aniqlangan.
Qaror bilan Oqtepasoy sel suv omborini loyihalashtirish uchun 2 mlrd so‘m ajratish topshirildi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi Tangatopdisoy hamda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Oqsoqotasoy sel suv omborlarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish vazifasi yuklatildi.
Xususiy sherik sel suv omborini qurib, uni 49 yilga muddatni qo‘shimcha to‘lovlarsiz uzaytirish sharti bilan davlatga topshiradi. Xususiy sherikka sel suv omborlari muhofaza hududlarida turistik-rekreatsion zonalar tashkil etish, suv havzalarida baliqchilik xo‘jaliklarini yo‘lga qo‘yish yoki inshootlar xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan boshqa faoliyat orqali daromad olishga ruxsat beriladi.
Avvalroq davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda mamlakatimizda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketayotgani aytilgandi. Undan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati borligi ta’kidlangandi.