Iqtisodiyot
O‘zbekistonda ayni paytda 2,9 mingta ko‘p qavatli uy qurilish jarayonida
2026-yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda 2,9 mingta ko‘p qavatli turar-joy obyekti qurilish bosqichida bo‘lib, eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand viloyati, Toshkent shahri, Buxoro va Xorazm viloyatlarida qayd etildi.
Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori tahliliga ko‘ra, mamlakatda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi nafaqat poytaxtda, balki boshqa hududlarda ham jadallashmoqda. Bu esa shaharlashuv jarayonlari kuchayib, aholining uy-joyga bo‘lgan talabi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Tahlilga ko‘ra, 13 qavatdan yuqori bo‘lgan turar-joy binolarining eng katta ulushi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi — 36 foiz. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati (10 foiz) va Samarqand viloyati (9 foiz) qayd etilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2025 yillar oralig‘ida uy xo‘jaliklari soni Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida eng yuqori sur’atlarda o‘sgan.
Shu bilan birga, Buxoro, Namangan, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangi qurilgan xonadonlar soni aholi ehtiyojiga nisbatan yuqori bo‘lgani sababli mazkur hududlarda uy-joy narxlari nisbatan barqaror saqlangan.
Aksincha, Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi uy xo‘jaliklari soni uy-joy taklifidan yuqori bo‘lgani bois narxlar ham tezroq o‘sgan.
Toshkent shahri va viloyatida ko‘p sonli yangi uylar qurilganiga qaramay, uy-joy narxlari yuqori sur’atlarda o‘sishi kuzatilgan. Mutaxassislar bu holatni aholi migratsiyasi, investitsiya maqsadida uy-joy xarid qilish va aholi daromadlarining o‘sishi bilan izohlamoqda.