Iqtisodiyot
O‘zbekistonda AES qurilishi starti 2026 yil oxiriga qoldiriladi
Joriy yildagi davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi 2026 yil dekabr oyida boshlanishi ko‘zda tutilyapti. «O‘zatom»ning rasmiy tushuntirishiga ko‘ra, ko‘rsatilgan sana tayyorgarlik va litsenziyalashning barcha ko‘p sonli majburiy bosqichlari aynan shu muddatgacha yakunlanishini nazarda tutuvchi konservativ ssenariyni aks ettiradi.
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishini boshlash 2026 yil dekabriga qoldirildi. Bu haqda davlat dasturi loyihasida keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, 2026 yil davomida «Rosatom» bilan qo‘shimcha kelishuv ishlab chiqish, imzolash va ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu hujjat integratsiyalashgan AES loyihasining yangi konfiguratsiyasini, ya’ni katta quvvatli VVER-1000 reaktori va kichik quvvatli RITM-200N reaktorlarini qamrab oladi.
Holat yuzasidan «O‘zatom» rasmiy tushuntirish berdi va avval e’lon qilingan muddatlar amalda qolishini va hujjatda ularni kechiktirish haqida hech qanday ma’lumot ko‘zda tutilmaganini bildirdi.
«Loyihada ko‘rsatilgan sana tayyorgarlik va litsenziyalashning barcha ko‘p sonli majburiy bosqichlari aynan shu muddatgacha yakunlanishini nazarda tutuvchi konservativ ssenariyni aks ettiradi. «O‘zatom» agentligi milliy qonunchilik talablari hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro standartlarga qat’iy rioya qilgan holda barcha belgilangan tartib-taomillardan izchil va puxta o‘tmoqda. Birinchi beton quyish loyihasini amalga oshirish muhim voqea bo‘lib, u keng yoritib boriladi. Shu bilan birga, biz ushbu faoliyat qay darajada javobgarlik talab qilishini anglab yetamiz va ushbu bosqichga faqat vakolatli organlardan zarur ruxsatnomalar va roziliklarning to‘liq to‘plamini olganimizdan keyingina kirishamiz», deyiladi agentlik izohida.
AES qurish loyihasi
2025 yilning oktyabr oyida Markaziy Osiyo – Rossiya sammiti doirasida, Forish tumanida kam quvvatli atom elektr stansiyasi reaktorining binosi uchun kotlovan qazish ishlariga start berildi. Birinchi betonni quyish 2026 yil mart oyiga reja qilingandi. Shuningdek, o‘tgan yilda katta AES masalasi yana siyosiy kun tartibiga qaytdi va bu borada Moskvada bir nechta hujjatlar imzolandi. 26 sentabr kungi bitimga asosan, Jizzaxdagi tanlangan maydonda ham kam quvvatli, ham an’anaviy yirik AES quriladigan bo‘ldi. Agar loyiha amalga oshsa, O‘zbekiston katta va kichik atom stansiyalarini bitta maydonda integratsiya qilgan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi.