Jamiyat
O‘zbekiston xalqaro firibgarlar uchun “ov maydoni”ga aylanib qolmoqda
“Xavotir olmang, biz qonuniy va rasmiy kompaniyamiz” – O‘zbekistonda Seven jade nomi ostida yangi moliyaviy piramida paydo bo‘ldi. Seven jade xodimlari shu nomdagi MChJ va unga soliq qo‘mitasi tomonidan berilgan guvohnomani ko‘rsatgan holda odamlarni barchasi qonuniy ekaniga ishontirishmoqda. Uning tashkilotchisi Xitoy fuqarosi bo‘lishi mumkin.
“Bosh qarorgohimiz Gonkongda”
2026 yil 20 yanvar kuni “Seven jade manufacturing” MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Faoliyat turi ixtisoslashgan ulgurji savdo bo‘lgan MChJning yagona ta’sischisi Lin Nanzhou hisoblanadi.
MChJga soliq qo‘mitasi tomonidan QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnoma ham berilgan.
Ayni mana shu ikki hujjat Seven jade nomi ostidagi moliyaviy piramida tashkilotchilariga odamlarni go‘yoki faoliyatlari qonuniy ekaniga ishontirishda yetarli bo‘lmoqda.
O‘zbekiston uchun ishlab chiqilgan “biznes reja”da “Seven jade manufacturing” bosh qarorgohi Gonkongda joylashgan qayta ishlash korxonasi ekani aytiladi. Bu “biznes reja”ni sun’iy intellekt tayyorlaganini anglash qiyin emas.
Qolaversa, internetda Gonkongdagi ushbu kompaniya va Lin Nanzhou shaxsiga hech qanday ma’lumot yo‘q.
“Boy kelajakni birga quramiz”
Ko‘plab moliyaviy piramidalar kabi Seven jade ham odamlar qulog‘iga yoqadigan balandparvoz gaplar orqali maqsadni ulkan olmoqda.
Telegram’dagi rasmiy kanalida Seven jade xalqaro darajada zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniya sifatida tanishtirilgan. Kompaniyaning savdo tarmog‘i butun dunyoga yoyilgani, O‘zbekistonda ham yangi zavodlar qurib, buyurtmalarni tez va sifatli yetkazib berishni ta’minlayotgani aytiladi.
Qayd etilishicha, kompaniya “uch tomon uchun foyda” modeli asosida ishlaydi: kompaniya ishlab chiqarishni kengaytiradi, chet el buyurtmalarini bajaradi va foydani oshiradi, xodimlar barqaror ish o‘rni hamda yaxshi daromadga ega bo‘lib, hayot sifatini yaxshilaydi, hamkorlar investitsiya va yordam orqali kompaniya o‘sishidan ulush oladi.
Hamkor bo‘lish uchun investitsiya kiritish zarurligi Seven jade aslida moliyaviy piramida ekanini anglatadi. Qolaversa, Seven jade’da boshqalarni taklif qilish orqali daromad olish va’dasi ham bor. Bu moliyaviy piramidalarning asosiy to‘rt ustunidan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, taklif qilingan odam sotib oladigan paketdan ham bonus va’da qilingan. Bu moliyaviy piramidaning navbatdagi ustuni.
Kunlik daromad va’dasi
Seven jade nomi bilan maxsus platforma tashkil qilingan. Unda ushbu moliyaviy piramidaning pul tikish paketlari, hisobni to‘ldirish va kunlik daromadni yechib olish usullari haqida ma’lumotlar bor. Paketlar munchoqdan yasalgan taqinchoq mahsulotlari bilan niqoblangan.
Masalan, Azure glow bracelet mahsuloti narxi 200 ming so‘m qilib belgilangan. Ushbu paket 30 kun davomida faol bo‘ladi. Uni sotib olish orqali kuniga 10 ming so‘mdan bir oyda 300 ming so‘m daromad olish va’da qilingan.
Yoki 600 ming so‘mga Vintage amethyst bracelet mahsulotini sotib olib, 30 kunda 900 ming so‘m daromad olish mumkinligi keltirilgan.
Shu tariqa narxlar va undan keladigan daromad miqdori oshirib borilgan.
Pul kimga ketmoqda?
Paket sotib olish uchun platformada ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinet ochish kerak bo‘ladi. So‘ngra balans to‘ldiriladi. Bu jarayonda pul o‘tkazish P2P shaklida amalga oshiriladi. Platformada buning uchun Lazokat Nasriddinova nomiga ochilgan bank kartasi raqami kiritib qo‘yilgan.
Savdo tarmog‘i butun dunyoga yoyilgani, O‘zbekistonda ham yangi zavodlar qurgani aytilayotgan kompaniya odamlardan P2P orqali pul yig‘ishiga qanday qarash mumkin?
Bir manzil, bir nom
Seven jade moliyaviy piramidasi “Seven jade manufacturing” MChJga tegishlimi? Bunga amin bo‘lish uchun Seven jade’ning O‘zbekistondagi rasmiy ofisi sifatida ko‘rsatilgan manzil – Shota Rustavelli ko‘chasi 104-uyga bordik.
Davlat reyestrida “Seven jade manufacturing” MChJ manzili sifatida ham ayni shu joy ko‘rsatilgan. Qolaversa, moliyaviy piramida platformasining “mijozlarga xizmat ko‘rsatish xodimi” lokatsiya orqali shu manzilni qoldirdi. Shuningdek, u “xotirjam bo‘lishimizni, hammasi qonuniy ekanini” eslatib o‘tdi.
“Golden cash” ishi takrorlanmasin
O‘zbekistonda MChJ ochib, odamlarni chuv tushirish holati yangilik emas. Masalan, 10 oyda 2 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlikning qariyb 6 mln dollarini qo‘lga kiritgan “Golden cash” ishi.
O‘shanda Ukraina fuqarosi bo‘lgan Maksim Muntyan nomiga “Golden cash store” MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, so‘ngra odamlar ixtisoslashgan do‘konlarda soatlar va zargarlik buyumlari chakana savdosi niqobi ostida chuv tushirilgandi.
Seven jade ham ayni shu holatga o‘xshash: odamlar pulini ochiqchasiga moliyaviy piramida ko‘rinishida jalb qilmoqda.
“Golden cash” ishi qayta takrorlanmasligi uchun tegishli organlar, jumladan, kiberxavfsizlik tezkor ravishda Seven jade faoliyatini o‘rganib, bu sxema ortida turganlarni aniqlashi zarur. Ularning “mushugiga hech kim pisht demasligi” ko‘plab odamlarning aldanishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 188-1-moddasiga ko‘ra, pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday qilmish uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Jinoyat protsessual kodeksi talabiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun jabrlanuvchining arizasi talab qilinmaydi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
