Jamiyat
O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida yangi jangovar qo‘mondonlik tashkil etildi
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida havo sarhadlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim tashkiliy o‘zgarish amalga oshirildi.
Bu haqda mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xalmuhammedov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi negizida Qurolli Kuchlar Harbiy havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror qo‘shinlarni boshqarish tizimini soddalashtirish va tezkorligini oshirish imkonini bergan. Shuningdek, havo hujumidan mudofaa vositalari hamda aviatsiya kuchlarini yagona markazlashgan boshqaruv ostida muvofiqlashtirib qo‘llash uchun sharoit yaratilgan.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda qo‘mondonlik tarkibidagi harbiy qismlar jangovar shayligi oshirilib, ular uchuvchisiz uchish apparatlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va zamonaviy radiolokatsiya stansiyalari bilan ta’minlangan.
Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar, jumladan uchuvchilar, muhandis-texniklar va havo hujumidan mudofaa mutaxassislarining malakasini oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
Davlat soliq qo‘mitasi 2026-yil 1-iyun holatiga «Soliq» mobil ilovasidan foydalanish statistikasini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tizimda 17,4 million nafardan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 16,3 millioni faol hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Android qurilmalari orqali foydalanuvchilar ulushi 60,3 foizni, iOS qurilmalari esa 39,7 foizni tashkil etgan.
Android platformasida eng ommabop fintex ilova sifatida «Soliq» birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda «Alif», «Payme» va «Click SuperApp» joylashgan. Top-10 reyting quyidagicha shakllangan:
«Soliq»
«Alif»
«Payme»
«Click SuperApp»
«Uzum Bank»
«Tez»
«TBC UZ»
«Paynet»
«AVO»
«Xazna»
Apple qurilmalari foydalanuvchilari orasida ham «Soliq» birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Biroq keyingi pozitsiyalarda Android reytingiga nisbatan ayrim farqlar kuzatiladi. Jumladan, iOS platformasidagi reyting quyidagicha:
«Soliq»
«Click SuperApp»
«Uzum Bank»
«Payme»
«Paynet»
«Tez»
«Hamkor»
«AVO»
«Korona»
«TBC UZ»
Jamiyat
Farg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
18 yoshli ayol haydovchi “Lasetti-2” rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, quvib o‘tish qoidasiga amal qilmasdan qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan va “FAW TIGER“ rusumli avtomobil bilan to‘qnashuv sodir etgan.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yuk mashinasi va yengil avtomobil to‘qnashishi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi.
Xabar qilinishicha, 14 iyun kuni soat 13:30 larda O‘zbekiston tumani hududidan o‘tgan D-098 “Qo‘qon-Yaypan-Isfara” avtomobil yo‘lida 2008 yilda tug‘ilgan haydovchi R.N (ayol) “Lasetti-2” rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, quvib o‘tish qoidasiga amal qilmasdan qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan.
Oqibatda u o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan 1973 yilda tug‘ilgan R.O boshqaruvidagi “FAW TIGER“ rusumli avtomobil bilan to‘qnashib ketgan.
To‘qnashuv natijasida “Lasetti-2“haydovchisi va avtomobilda bo‘lgan 2007 yilda tug‘ilgan yo‘lovchi Z.Sh shifoxonada vafot etgan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar egalari ekologik kompensatsiya to‘lashi mumkin
Qonun loyihasiga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobil egalari yiliga bir marta bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (12 mln 360 ming so‘m) miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashlari kerak bo‘ladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ekspluatatsiya muddati tugagan avtomobillarni utilizatsiya qilish va ularning butlovchi qismlarini qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Hujjat atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini asrash, transport vositalaridan chiqadigan zararli moddalar miqdorini kamaytirish, shuningdek, eskirgan avtomobillarni utilizatsiya qilish va ularning qismlarini qayta ishlashning samarali tizimini yaratishga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobil egalari yiliga bir marta bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (12 mln 360 ming so‘m) miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashlari kerak bo‘ladi.
Tizim bosqichma-bosqich: 2026 yildan boshlab M1 toifasidagi transport vositalari (yengil avtomobillar), 2027 yildan boshlab M2, M3, N1, N2 va N3 toifalaridagi mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillari, 2030 yildan esa barcha turdagi g‘ildirakli transport vositalari uchun joriy etiladi.
Shuningdek, «zararli» ekologik toifaga kiritilgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlash taklif etilmoqda. Bunday avtomobillar (antikvar avtotransport vositalari bundan mustasno) davlat ro‘yxatidan chiqariladi.
Loyiha muhokamasi 28 iyungacha davom etadi.
Jamiyat
Buxoroda joriy yil salkam 27 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan
Buxoro viloyati hududida o‘tkazilgan monitoringlar davomida 1180 ta holatda 26,7 gektar yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu maydonlarda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari aniqlangan.
Bu haqda Kadastr agentligining Buxoro viloyati Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanidan ochiqlandi.
Kadastr agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan 2026 yilning o‘tgan 5 oyi davomida yer nazorati, ko‘chmas mulklarni xatlovdan o‘tkazish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishlarida qator ishlar amalga oshirilgan. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida yerlarni noqonuniy egallagan shaxslarga yozma ko‘rsatmalar berilgan. Profilaktik tadbirlar natijasida 677 ta holat bo‘yicha 11,3 gektar yer maydonidagi qonunbuzilishlar joyning o‘zida bartaraf etilgan.
Shuningdek, 6,6 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni buzish va yerlarni avvalgi holatiga qaytarish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 183 ta da’vo arizasi kiritilgan.
Kadastr agentligi axborot siyosati masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi Ne’matjon Atamuratovning so‘ziga ko‘ra, Buxoroda 78 mingdan ortiq obyekt xatlovdan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, 2024–2026 yillar davomida 287 ta mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 99 ta mahallada mazkur ishlar joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan.
Joriy yilning 5 iyun holatiga ko‘ra, reja-grafik asosida 78 265 ta obyekt xatlovdan o‘tkazilgan. 30 167 tasi «E’tirof» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan bo‘lsa, yana 19 434 ta obyekt muhokama jarayonida turibdi.
Afsuski, qayd etish joizki, Buxoroda 5 963 nafar fuqaroning mulkiy huquqi hujjatlashtirilgan bo‘lsa-da, shundan 3 489 nafari hozirga qadar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan.
Aholi o‘rtasida o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirish va yetarlicha huquqiy bilimga ega bo‘lmaganlik oqibatida birgina Buxoro viloyatining o‘zidan 5 oy ichida 1 101 ta murojaat kelib tushgan. 826 tasi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatini tashkil etsa, 499 tasi turli yuqori turuvchi organlarga yuborilgan murojaatlardan iborat.
Aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari kuchaytirilganiga qaramasdan, ular orasida o‘ta bamaylixotir va e’tiborsiz holatdagi shaxslar ham yo‘q emas.
Mutasaddilarning qayd etishicha, yer munosabatlari sohasida qonunbuzilishlarni bartaraf etish, mulk huquqlarini rasmiylashtirish va aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Shuning uchun «Kadastr kerak emas» degan xulosa to‘g‘ri bo‘lmaydi. Lekin, fuqarolarning tanqidi ham asosli: nazoratning o‘zi emas, natija muhim. Agar odam yerini oson rasmiylashtirolmasa yoki noqonuniy qurilishlar barham topmasa, statistika qancha yaxshi bo‘lmasin, aholida norozilik saqlanib qolaveradi.
«Kadastrning asosiy vazifasi yerlarning qonuniy hisobotini yuritish, mulk huquqni rasmiylashtirish, yer talon-tarojiga qarshi nazorat qilish, davlat reyestrini shakllantirish va kelajakda mulkiy nizolarning oldini olish. Lekin, shunga qaramasdan, odamlar ko‘pincha natijaga qarab baholaydi. Agar noqonuniy qurilishlar yillar davomida saqlanib qolsa, hujjatlashtirish jarayoni qiyin va uzoq bo‘lsa, murojaatlar ko‘payib ketsa, fuqarolar o‘z mulkini rasmiylashtirish uchun oylab yugursa, ularda tabiiy ravishda: «Kadastr nazorat qilayotgan bo‘lsa, nega yana muammolar shuncha ko‘p?»—degan savol tug‘iladi. Odamlar kadastrni hisobotlar va raqamlar orqali emas, o‘z muammosi qanchalik tez hal bo‘lgani orqali baholaydi. Agar fuqaro hujjatini bir necha kunda rasmiylashtirsa, murojaatiga tez javob olsa va yer bilan bog‘liq muammosi hal etilsa, «Kadastr nima qilyapti?» – degan savolning o‘zi tug‘ilmaydi. Shu nuqtai-nazardan qaraganda, kadastrning asosiy vazifasi qonunbuzilishlar sonini sanash emas, yer munosabatlarida tartib, shaffoflik va fuqarolar uchun qulaylikni ta’minlashdan iborat. Bundan targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishda hamkasblar hamkorligiga tayanamiz»,—dedi Ne’matjon Atamuratov jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar uchun Fransiyada mavsumiy ish taklif etilmoqda
Nomzodlar fransuz tilini muloqot darajasida bilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim. Ish haqi oyiga 1650 yevroni (qo‘lga tegadigan summa) tashkil etadi.
O‘zbekistonliklar Fransiyaning Men va Luara hamda va Rona hududlarida meva-sabzavot yetishtirish sohasidagi mavsumiy ishlarga borishlari mumkin.
Xabar qilinishicha, ish meva-sabzavot hosilini yig‘ib-terishdan iborat.
Tanlovda 25−45 yoshli, sudlanmagan erkaklar va ayollar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar fransuz tilini muloqot darajasida bilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
Meva dalalarida ish 17 avgustdan, sabzavot dalalarida 1 oktyabrdan boshlanadi.
Ish haqi oyiga 1650 yevroni (qo‘lga tegadigan summa) tashkil etadi.
Nomzodlar viza rasmiylashtirish, aviachipta, turar joy va transport hamda oziq-ovqat xarajatlarini o‘z hisobidan qoplaydi. Ishga joylashgandan so‘ng viza va aviachipta uchun sarflangan mablag‘larning bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab berilishi belgilangan.
Ish beruvchi vakillari tomonidan tanlov onlayn shaklda o‘tkaziladi. Nomzodlar «Xorijda ish» platformasida CV to‘ldirganlar orasidan saralab olinadi.
Arizalarni 20 iyunga qadar «Xorijda ish» platformasida shakllantirish mumkin.
-
Dunyodan3 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Iqtisodiyot3 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Jamiyat5 days agoTerrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
-
Jamiyat3 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot3 days agoMevalar nega qimmat?
-
Jamiyat4 days agoYo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yevro keskin «quladi», dollar ham pasaydi
-
Iqtisodiyot3 days ago11:55 Namanganda “chempion” tadbirkorlar va yirik investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi
