Siyosat
O‘zbekiston prezidentining AQShga tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tarixiy tashrifi yakunlandi.
Davlatimiz rahbari AQShga tashrifi chog‘ida Bosh Assambleyaning umumsiyosiy munozaralarda so‘zga chiqib, BMTning eng dolzarb global muammolarni hal etish uchun asosiy platforma sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston yetakchisi xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik eng dolzarb masalalarni hal etish, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston rahbarining AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning markaziy voqeasi bo‘ldi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn, Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, shuningdek, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga va Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Prezidenti AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni, AQSh Kongressidagi «O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus» raisi, kongressmen Trent Kellini qabul qildi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi ham sermazmun bo‘ldi. O‘zbekiston yetakchisi AQSh ishbilarmonlari ishtirokida davra suhbati, shuningdek, qator yetakchi transmilliy kompaniyalar, korporatsiyalar, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlar — «Traxys», «FLSmidth», «McKinsey», «Go Green Partners», Kolorado geologiya maktabi, «BlackRock», «Boeing Global», «Franklin Templeton», «Citigroup», «Air Products», «BNY», «Jefferies», «NASDAQ», «Oppenheimer» va boshqa ko‘plab kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv va muzokaralar natijasida o‘rta muddatli loyihalar dasturi shakllantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va AQSh Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida muhim minerallar, fuqaro aviatsiyasi, kimyo sanoati, energetika va boshqa ustuvor sohalarda imzolangan ikki tomonlama savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi yakunida davlatimiz rahbari, an’anaga ko‘ra, AQShda ishlayotgan va yashayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, shuningdek, Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat20 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat19 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
