Siyosat
O‘zbekiston prezidenti Xitoy bosh vaziri bilan uchrashdi
Pekin shahriga rasmiy tashrif doirasida 2-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashdi.
Ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari XXR Davlat kengashi Bosh vaziri va butun Xitoy xalqini buyuk G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yangi davrda barcha sharoitlarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali «yetuk» hamkorlik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi va barqaror o‘sishda davom etmoqda. Bu ko‘rsatkichni mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash orqali 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Shu maqsadda O‘zbekistonda standartlarni uyg‘unlashtirish va mahsulotlarni Xitoy talablari asosida sertifikatsiyalash uchun qo‘shma Kvant metrologiya markazi va Mintaqaviy sanoat standartlashtirish markazini ochish taklif qilindi.
Qo‘shma loyihalar portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Bu galgi tashrifga tayyorgarlik doirasida «yashil» energetika, geologiya, kimyo, noyob metallarni chuqur qayta ishlash, ko‘mir kimyosi, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi, urug‘chilik, agrovoltaika sohalarida yangi loyiha takliflari shakllantirildi.
Ilmiy tadqiqotlar va istiqbolli startaplarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston – Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus quyi qo‘mita yig‘ilishi va joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ikkinchi Hududlar forumi yakunlariga yuqori baho berildi.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston pudrat tashkilotlarini jalb etgan holda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bu galgi tashrif doirasida Madaniyat markazlarini o‘zaro ochish to‘g‘risida bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi bo‘lib o‘tadi. Chunsin shahrida ilk bor Kasb-hunar ta’limi forumi o‘tkazildi, ushbu yo‘nalishda «O‘zbekiston – Xitoy alyansi» tuzildi. O‘zbekiston hududlarida «Lu Ban ustaxonalari» ochiladi.
Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutlari samarali faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar aviaqatnovlar sonini yanada ko‘paytirish va sayyohlar almashinuvini faollashtirish muhimligini qayd etdilar.
Yakunda Prezidentimiz XXR Davlat kengashi Bosh vazirini rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
