Jamiyat
O‘zbekiston prezidenti quruvchilarni bayram bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston quruvchilariga bayram tabrigini yo‘lladi.
Hurmatli quruvchilar, muhandis va mutaxassislar, soha faxriylari!
Avvalo, siz, azizlarni bugungi qutlug‘ kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Sizlar kabi ming-minglab mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va mutaxassislarning mashaqqatli mehnati bilan Yangi O‘zbekistonning yangi, obod va ko‘rkam qiyofasi shakllanmoqda, xalqimizning hayoti tobora farovon bo‘lib bormoqda. Buning uchun barchangizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Keyingi yillarda qurilish industriyasi rivoji yangi bosqichga ko‘tarilib, ushbu soha milliy iqtisodiyotimizning drayverlaridan biriga aylandi. So‘nggi sakkiz yil davomida qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016-yildagi 30 trillion so‘mdan 2024-yilda qariyb 234 trillion so‘mga yetgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
O‘tgan yili yurtimizda jami 40 million 500 ming kvadrat metr bino va inshoot qurilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.
Xalqimizning o‘sib borayotgan talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2024-yili 100 mingdan ziyod xonadonga ega bo‘lgan 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Bugungi kunda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020-yildagi 16 kvadrat metrdan 19 kvadrat metrga yetganini alohida ta’kidlash lozim.
E’tiborlisi, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, 56 ta hududdagi «Yangi O‘zbekiston» massivlarida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Joriy yilda xalqimiz ixtiyoriga 135 mingta xonadon topshiriladi. 2030-yilgacha «Yangi O‘zbekiston» massivlari sonini 100 taga yetkazish maqsad qilingan, bu esa 250 mingta xonadon degani.
Dunyoning ilg‘or kompaniyalari bilan hamkorlikda «Yangi Toshkent» loyihasi doirasida 20 ming gektar maydonda 2 million aholi uchun qulay infratuzilma yaratilmoqda.
Ayni vaqtda Yangi Toshkent shahri qurilishining birinchi bosqichida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Yangi O‘zbekiston universiteti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, muzeyi, ixtisoslashtirilgan maktab va maqom markazi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kabi yirik bino va inshootlar qad rostlamoqda.
Bularning barchasi qo‘ligul bunyodkorlarimiz qanday ulkan marralarga erishayotganini yaqqol namoyon etadi.
Qadrli do‘stlar!
Boshqa sohalar qatori qurilish tarmog‘ida ham davr talabi asosida raqamlashtirish jarayoni jadal rivojlanmoqda. Sohada 30 dan ortiq axborot tizimi joriy qilindi. «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida 22 ta davlat xizmati raqamlashtirilgani natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Tender platformasi joriy etilishi tufayli inson omilining aralashuviga barham berildi, shaffoflik, ochiq raqobat muhiti shakllantirildi.
Uy-joy qurilishida ulushdor sifatida ishtirok etadigan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish maqsadida «Eskrou» tizimi tatbiq etilmoqda. Shu asosda ishonchli developerlar bozori shakllantiriladi.
Bugungi kunda shaharsozlik sohasida ham yangi davr boshlandi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Endilikda bosh rejalar mutlaqo yangi mazmun va ko‘rinishda ishlab chiqilib, geoaxborot tizimiga joylashtirish uchun raqamlashtirilmoqda. Xususan, 2024-yilda 146 ta shaharsozlik hujjatlari raqamlashtirildi. 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 180 taga yetkaziladi.
Qurilish resurslari milliy klassifikatori yaratilib, narxlarni shakllantirish va obyektlar smeta qiymatini aniqlash ham elektron tizimga o‘tkazilmoqda.
Qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik fikrini inobatga olish, nazorat jarayonida ishtirokini ta’minlash hamda qurilish sifatini yaxshilash maqsadida nazorat mexanizmlari samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu borada nazorat faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, obyektlarda ishlarning borishini kunlik nazorat qilib borish hamda real vaqt rejimida kuzatish imkonini yaratgan holda kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish soha vakillari oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Aminmanki, sizlar bugungi zamonning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan ana shunday muhim talablarni chuqur anglab, yuksak natijadorlik bilan mehnat qilasizlar. Zahmatkash quruvchilarimizning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.
Har bir qurilgan bino — bu bizning kelajak avlodlarga qoldiradigan buyuk merosimiz, har bir ko‘cha va shaharchaning ko‘rinishida sizlarning qo‘l izingiz borligini, insonlar baxti va quvonchi aynan sizlarning mehnatingiz bilan bog‘liqligini hech qachon unutmang.
Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda oldimizda zamonaviy shaharlar, qulay turar-joy massivlari, insonlarga shodlik baxsh etuvchi betakror imoratlar qurish kabi ulkan vazifalar turibdi va buni amalga oshirishda biz sizdek – mo‘’jizakor, mohir va zahmatkash quruvchilarimizga ishonamiz hamda suyanamiz!
Hurmatli quruvchilar!
Sizlarni — mamlakatimizni har tomonlama go‘zal va betakror diyorga aylantirishdek sharafli ishga sidqidildan hissa qo‘shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi bayram bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.
El-yurtimiz ravnaqi va farovonligi yo‘lida siz, azizlarga yangi yutuq va omadlar yor bo‘lsin!
Jamiyat
AQShdagi mavsumiy ishlar: fuqarolarga muhim ogohlantirish berildi
Migratsiya agentligi AQShdagi mavsumiy ishlar dasturi yuzasidan fuqarolarni faqat rasmiy e’lonlarga ishonishga, vositachilar va asossiz takliflarga aldanmaslikka chaqirdi.
Migratsiya agentligi va AQShning USAFARMLABOR tashkiloti o‘rtasidagi dastur doirasida dastlabki talabnomalar qabul qilingan bo‘lib, ayni paytda jarayonlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qayd etilishicha, ish beruvchi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar hamkor tashkilot saytlari yoki uning tarkibidagi fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishga urinmoqda. Biroq bunday yo‘l bilan murojaat qilish hech qanday natija bermaydi.
Migratsiya agentligi ish beruvchining talabnomasi asosida tanlov e’lon qilinganidan keyingina fuqarolar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini eslatdi. Shu bois mustaqil ro‘yxatdan o‘tishga urinish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish foydasiz ekani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, fuqarolardan vositachilar va pulli “taklif”larga aldanmaslik, faqat rasmiy manbalarda e’lon qilinadigan ma’lumotlarga tayanish so‘raldi.
Jamiyat
Surxondaryoda pensionerlar ishtirokidagi narkoguruh fosh etildi
Surxondaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida pensionerlar ham ishtirok etgan narkoguruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududlarida yashovchi ayrim shaxslar, jumladan pensionerlar, afg‘on yetkazib beruvchilar bilan til biriktirib, opiy moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirish va uni Termiz shahri hamda atrof hududlarda tarqatish bilan shug‘ullangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolaridan biri — keksa yoshdagi kurer qo‘lga olingan va uning yonidan narkotik modda aniqlangan. Keyinchalik uning sheriklari ham fosh etilib, ulardan biriga tegishli pul mablag‘lari, yana biriga tegishli 5 gramm narkotik modda daliliy ashyo sifatida musodara qilingan.
Tergov harakatlari davomida guruh tashkilotchisiga tegishli xonadonda yirik miqdordagi narkotik zaxirasi aniqlangan. U yerdan umumiy og‘irligi 12 kilogrammdan ortiq bo‘lgan 12 ta o‘ram opiy va uni iste’mol qilishga mo‘ljallangan vositalar topilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Aprel oyida kutilayotgan ehtimoliy ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi
«O‘zgidromet» kelayotgan aprel oyida qanday ob-havo kutilishi mumkinligi haqida ma’lumot berdi.
Ushbu yilning aprel oyi bahor fasli uchun xos bo‘lgan beqaror ob-havo bilan boshlanadi.
Oyning birinchi o‘n kunligida respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Yog‘ingarchiliklar mahalliy (lokal) xususiyatga ega bo‘lib, ular hamma joyda va har kuni ham kuzatilmaydi.
Masalan, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 1-3-aprel kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Aprel oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida ayrim kunlarda, har bir o‘n kunlikda 1-3 kundan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Oy davomida havo harorati ancha yuqori fon ko‘rsatkichlarida: kechalari 12-17 daraja iliqdan 7-12 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 27-32 daraja iliqdan 15-20 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Aprel – yil davomida eng nam oylardan biridir. Yomg‘ir, odatda momaqaldiroq va kuchli shamollar bilan tez-tez kuzatiladi. Respublikaning shimolida, eng chekka janubida va cho‘l hududlarda o‘rtacha oyiga 5 kundan 8 kungacha yog‘ingarchilik qayd etiladi, tog‘larga yaqinroq hududlarda esa yog‘ingarchilik kuzatiladigan kunlar soni 9-13 gacha ko‘payadi.
Jamiyat
Shifokor tuxum tarkibidagi eng muhim xususiyatni oshkor qildi
Endokrinolog Margarita Belousova tuxum tarkibidagi muhim ozuqa moddalari haqida gapirdi. U bu haqda RIA «Novosti» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Shifokor tuxum tarkibida ko‘plab muhim ozuqa moddalari borligini tushuntirdi.«Masalan, tuxum oqsili tarkibida organizm o‘zi ishlab chiqara olmaydigan, ammo hujayralar qurilishi va yangilanishi uchun zarur bo‘lgan to‘qqizta muhim aminokislotaning barchasi mavjud», deb ta’kidladi endokrinolog.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tuxum tarkibida ko‘plab vitaminlar ham mavjud: teri va ko‘rish uchun muhim bo‘lgan A vitamini; asab tizimi uchun zarur bo‘lgan B vitamini; hujayralarni zararli omillardan himoya qiluvchi Ye vitamini va immunitet tizimi uchun zarur bo‘lgan D vitamini.
Bundan tashqari, tuxum tarkibida muhim mikroelementlar: xolin, selen, rux va temir mavjud. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bu ozuqa moddalari miya faoliyati, immunitet tizimi va gematopoetik tizim uchun zarurdir.
Jamiyat
Qurilish vazirligi va Statqo‘m ma’lumotlarida katta tafovut
O‘zbekistonda 2025-yilda foydalanishga topshirilgan xonadonlar soni bo‘yicha ikki tashkilot e’lon qilgan ma’lumotlar bir-biridan keskin farq qilmoqda.
27 mart kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda 135 ming 92 ta yangi xonadon foydalanishga topshirilgan.
Vazirlikka ko‘ra, bunda quyidagi hududlar yetakchi bo‘lgan:
Toshkent shahri — 37 183 ta;
Samarqand viloyati — 12 942 ta;
Farg‘ona viloyati — 10 605 ta.
Avvalroq, 24-mart kuni e’lon qilingan Milliy statistika qo‘mitasi xabarida esa 2025-yilda O‘zbekistonda jami 69,1 mingta xonadon foydalanishga topshirilgani qayd etilgan.
Qo‘mita ma’lumotida keltirilishicha, o‘tgan yili eng ko‘p foydalanishga topshirilgan xonadonlar quyida hududlarga to‘g‘ri kelgan:
Namangan viloyati — 10,8 mingta;
Toshkent viloyati — 6,7 mingta;
Surxondaryo viloyati — 6,1 mingta.
-
Siyosat5 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan5 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan2 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Dunyodan3 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago2026 yilda dunyodagi 50 ta eng yirik iqtisodiyot
