Sport
O‘zbekiston oktyabr oyida Kuvayt va Urugvay bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi
O‘yinlardan birinchisi 9 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi oktyabr oyida Kuvayt va Urugvay milliy jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushadi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, Kuvaytga qarshi o‘yin 9 oktyabr kuni soat 18:00 da Toshkentdagi «Olimpiya» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Oldinroq O‘FA milliy jamoa 13 oktyabr kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Urugvayga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi haqida xabar bergandi.
O‘yinlar milliy jamoaning FIFA Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JCh-2026 saralashi doirasida guruhda Erondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab, o‘z tarixida ilk bor mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.
FIFAning sentabr oyida e’lon qilingan reytingida O‘zbekiston milliy jamoasi bir pog‘onaga yuqorilab, 1453,31 ochko bilan 54-o‘rinda qayd etilgan. Milliy jamoa Osiyoda Yaponiya (19-o‘rin, iyuldagi reytingdan 2 pog‘ona pastlagan), Eron (21, -1), Janubiy Koreya (23, o‘zgarishsiz), Avstraliya (25, -1) va Qatardan (53, o‘zgarishsiz) keyin 6-o‘rinda joylashgan.