Iqtisodiyot
Toshkent yarim yilda 1,5 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlarni eksport qildi
2026 yilning birinchi yarmida Toshkent shahri investitsiyalarni jalb etish hamda iqtisodiy rivojlanish sur’atlari bo‘yicha mamlakatning yetakchi hududlaridan biri bo‘ldi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida Toshkent shahrining yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) 226,0 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,3 foizlik o‘sish demakdir.
Belgilangan 11,2 foizlik prognoz ortig‘i bilan bajarildi, natijada Toshkent shahri respublikada YaHM o‘sish sur’ati bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etdi.
Shuningdek, 2026 yilning olti oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 109,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,0 foizga oshdi. Belgilangan 8,0 foizlik prognoz to‘liq bajarildi.
Investitsiyalar yo‘nalishida esa hisobot davrida 4,3 mlrd AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p bo‘lib, poytaxt iqtisodiyotiga xorijiy investorlar ishonchi mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek:
249 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi;
umumiy qiymati 657,5 mln AQSh dollari bo‘lgan yangi loyihalar foydalanishga topshirildi;
9,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi va minglab oilalar uchun barqaror daromad manbai ta’minlandi;
1 mlrd 546,9 mln AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 foizlik o‘sish qayd etildi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida 77 ta loyiha amalga oshirilib, 4,9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Belgilangan ko‘rsatkichlar 148 foizga bajarildi.
«Mazkur loyihalar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va yangi kooperatsiya aloqalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda», — deyiladi xabarda.
Mahalliylashtirish loyihalari hisobidan 121,6 mln AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirildi.