Siyosat
O‘zbekiston Lesoto Qirolligi bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi
2026-yil 27-mart kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Lesoto o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi.
«Dunyo» AA xabariga ko‘ra, Lesoto Qirolligi O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 166-mamlakat bo‘ldi. Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Lesotoning BMTdagi missiyasi rahbari Matete Nena imzoladi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan idoralari doirasida yaqin hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish, birinchi navbatda, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini izlab topish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Afrika qit’asi mamlakatlari bilan har tomonlama hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 26-sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Palau davlat vaziri Gustav Aytaro Nyu-York shahrida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolagan edi. Tinch okeanining g‘arbiy qismida joylashgan ushbu arxipelag-davlat O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 165-mamlakat bo‘lgan edi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
