Siyosat
O‘zbekiston AQSh tovarlari uchun tariflarni pasaytiradi
O‘zbekiston va AQSh o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, tomonlar so‘nggi bir yilda ikki tomonlama munosabatlarda salmoqli natijalarga erishgan va kelishuv yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda. Saida Mirziyoyeva bu jarayon ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.
AQSh Savdo vakili idorasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash, savdoda o‘zaro manfaatdorlik, muvozanat va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan savdo majburiyatlarining dastlabki to‘plami bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston AQShning sanoat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tovarlarining keng ro‘yxati uchun bojxona tariflarini bekor qilish yoki pasaytirish majburiyatini oldi.
AQSh esa o‘z navbatida, Amerika qonunchiligi doirasida va bu o‘rinli deb topilgan hollarda O‘zbekistondan import qilinadigan sanoat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan tarif choralarini ijobiy ko‘rib chiqish niyatini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki tomonlama investitsiyalarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga kelishib oldi.
AQSh Savdo vakili idorasiga ko‘ra, ushbu kelishuvlar prezidentlar Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Idoraning eslatishicha, ikki davlat avvalroq umumiy qiymati 32 milliard dollarlik tijorat bitimlari, jumladan, «Boeing» bilan 8,5 milliard dollarlik shartnoma, shuningdek, muhim minerallar, tog‘-kon sanoati, energetika, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida investitsiyalar bo‘yicha kelishuvlarni e’lon qilgan.
AQSh, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlab, dastlabki kelishuvlar yaqin haftalarda rasman qayd etilishini ma’lum qildi.