Jamiyat
O‘zbek alifbosi zamon talabiga moslashtirilmoqda
O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu tashabbus yangi alifboga o‘tish emas, balki amaldagi alifbodagi ayrim texnik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Amalda qo‘llanilayotgan Oʻ, Gʻ, Sh, Ch kabi harflarni kompyuter va axborot tizimlarida yozish, qidirish va qayta ishlash jarayonida qator qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Apostrofning turli ko‘rinishlarda qo‘llanilishi, ikki belgidan iborat harflarning dasturlar tomonidan yaxlit qabul qilinmasligi raqamli muhitda noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.
Shu bois olimlar tomonidan Ş, Ç, Ğ, Ö kabi yaxlit harflarni joriy etish taklif etilmoqda. Bu yondashuv turkiy davlatlar tajribasiga ham, zamonaviy raqamli texnologiyalar talablariga ham mos keladi. Eng muhimi, harflarning talaffuzi yoki tilning fonetik tizimi o‘zgarmaydi — faqat ularning grafik ko‘rinishi takomillashtiriladi.
Ushbu o‘zgarishlar natijasida o‘zbek tili raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, elektron davlat xizmatlari va axborot tizimlari bilan yanada samarali integratsiyalashadi. Bu esa o‘zbek tilining xalqaro raqamli makondagi raqobatbardoshligini oshirib, fuqarolar uchun yanada qulay va zamonaviy yozuv muhitini yaratadi.
Jamiyat
Andijonda «Hududiy elektr tarmoqlari»ning 12 xodimi qamoqqa olindi
Andijonda HETning 12 nafar xodimi qamoqqa olindi. Bu haqda AJ matbuot xizmati xabar berdi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining topshirig‘iga muvofiq, Jamiyatning Ichki audit xizmati hamda Komplayens nazorati xizmati tomonidan Andijon va Samarqand filiallarida elektr energiyasi hisoblagichlarining iste’molchilarga qonunchilik talablariga muvofiq o‘rnatilishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida Jamiyatning Andijon filialida iste’molchilarga elektr hisoblagichlarini o‘rnatish jarayonida qonunbuzilish holatlari, shuningdek, hisoblagichlar kamomadi aniqlandi.
Mazkur holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli tartibda xabar berildi. Natijada qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan korxonaning 12 nafar xodimiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda Jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Samarqand shahar bo‘linmasida elektr hisoblagichlarining iste’molchilarga jamiyat mablag‘lari hisobidan noqonuniy ravishda o‘rnatilgani aniqlanib, ushbu holat yuzasidan ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berildi. Ayni paytda jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash choralari amalga oshirilmoqda.
Hozirda Samarqand viloyatining boshqa shahar va tumanlarida ham elektr hisoblagichlarining iste’molchilarga qonunchilik talablari asosida o‘rnatilishi hamda ularning maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Jamiyat
Bir kunda 1200 ta g‘isht quyadigan toshloqlik “temir xotin” hikoyasi
Gulbahor Ortiqova Farg‘ona viloyati Toshloq tumani Arabmozor qishlog‘idan. U yoshligidan g‘isht quyib keladi va hozirgacha shu kasb ortidan ro‘zg‘or tebratadi. “Oilada uch qizmiz, to‘ng‘ich farzandman, ota-onamga o‘g‘il farzand o‘rnidaman. Bahordan to kuzgacha g‘isht quyib topgan pulimga qishga zahira sifatida oziq-ovqat g‘amlayman. Bir kunda 1200 ta g‘isht quya olaman”, – deydi u.
Gulbahor Ortiqova 7-sinfda o‘qiyotgan paytidayoq g‘isht quya boshlagan.
“36 yoshdaman. Yoshligimdan beri g‘isht quyaman. 7-sinfda o‘qiyotganim kezlarimdayoq to‘rttalik qolipda otamga yordam berardim. O‘shanda bir kunda 200-300 tagacha g‘isht quyardim. Otam loy qilib berardi. Hozir loyimga qarab bir kunda 1000-1200 ta g‘isht quyaman. 1200 ta g‘isht bo‘lmagunicha dam olmayman.
Tushlikkacha 600-700 ta, tushdan keyin 400-500 ta g‘isht tashlab qo‘yaman. Uyda to‘planib qolsa, xaridorlarga telefon qilaman darrov kelishib yuklashib olib ketishadi. Ayni kunlarda bir dona g‘ishtni 400 so‘mdan sotyapman.
Aslida menga og‘ir yumush bilan shug‘ullanish mumkin emas. Tutqanog‘im bor. Ilojsizlikdan, ota-onam, ro‘zg‘or uchun ishlaymanda. Ota-onam kasalikkka chalingan. Onamning ko‘zi ko‘rmaydi. Ularga o‘zim qarayman-da. Mening boyliklarim ular.
Bahordan sovuq tushgunicha tinimsiz g‘isht quyaman. Oilamiz katta, singlimning turmush o‘rtog‘i vafot etib, bir etak farzandlari bilan ota uyiga qaytib kelgan. Qish uchun to‘plagan pulimga 10 ta yelim idishda yog‘, 10-15 qop un, ko‘mir, kartoshka, piyoz sotib olib g‘amlab qo‘yaman.
Bir kamaz tuproqni 400-500 ming so‘mga sotib olaman. Undan 5000 tagacha g‘isht chiqadi.
Ko‘pchilik qilayotgan ishimni ko‘rib erkak kishi qiladigan ish, og‘ir emasmi deyishadi. Yo‘q, ishimdan faxrlanaman. Chunki shu kasb orqasidan ota-onamni, farzandlarimni boqyapman”, – deydi g‘isht quyuvchi opa.
Jamiyat
Tanzila Norboyeva: Xalqaro reyting va indekslarda munosib o‘rin egallash
Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida mamlakatning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash to‘g‘risidagi Milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi. Hujjatda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi, investitsiyaviy jozibadorligi va davlat boshqaruvi samaradorligini baholovchi ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.
10 iyul kuni o‘tkazilgan majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva xalqaro reytinglardagi o‘sishlar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro bahosi ekanini ta’kidladi.
«Xalqaro reyting va indekslarda munosib o‘rin egallash — bu shunchaki raqam yoki statistika emas. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, investitsiyaviy jozibadorlik va eng muhimi, inson manfaatlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarning xalqaro e’tirofidir», dedi Tanzila Norboyeva.
Milliy ma’ruzada keltirilishicha, eng katta o‘sishlardan biri Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida qayd etildi. O‘zbekiston bir yilda 19 pog‘onaga yuqorilab, 167 mamlakat orasida 62-o‘rinni egalladi. Shuningdek, mamlakat 2015 yildan buyon barqaror rivojlanish sohasida eng katta taraqqiyotga erishgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yuqori o‘sish sur’atini namoyon etayotgan mamlakat sifatida qayd etildi.
Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida ham O‘zbekiston olti pog‘onaga ko‘tarilib, 193 davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, respublika elektron davlat xizmatlari rivoji bo‘yicha «yuqori» toifadan «juda yuqori» toifaga o‘tgan dunyodagi atigi 17 mamlakatdan biriga aylandi.
Iqtisodiy erkinlik indeksida uch pog‘onalik o‘sish qayd etildi. Xalqaro moliya bozorlari uchun muhim ko‘rsatkich sanaladigan suveren kredit reytingida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Fitch Ratings va S&P agentliklari 2018 yildan beri ilk bor O‘zbekistonning reytingini bir pog‘onaga ko‘tarib, uni «BB» darajasida tasdiqladi. Joriy yilda esa mamlakatning kredit reytingi prognozi «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirildi.
Senat yalpi majlisida qayd etilishicha, bu natijalar xorijiy investorlar uchun muhim ishonch signali bo‘lib, mamlakatga investitsiyalar oqimini oshirish, tashqi moliya bozorlaridan arzonroq resurslar jalb qilish hamda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Milliy ma’ruzada ayrim xalqaro reytinglardagi pasayishga korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etish amaliyotidagi kamchiliklar va matbuot erkinligi bilan bog‘liq muammolar ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Muhokamalar yakunida Senat ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qaror qabul qildi. Hujjatda mas’ul davlat organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, reytinglarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish hamda har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq islohotlarni izchil davom ettirish vazifalari belgilandi.
Mutaxassislar fikricha, xalqaro reytinglardagi o‘sish mamlakat imijini shakllantirishdan tashqari, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi, investorlar ishonchi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bois bu sohadagi har bir ijobiy natija ortida davlat boshqaruvini takomillashtirish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy islohotlar turibdi.
Jamiyat
Qashqadaryoda eshak go‘shti savdogari ozodlikdan mahrum qilindi
44 yoshli erkak Qarshi tumanidagi xonadonida eshak so‘yib, go‘shtini turli bozorlarda sotib kelgan. U shunday qilmishi uchun 3 oyda ikki bor sudlangan. Birinchi instansiya sudi ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazo tayinlab, uni ochiqda qoldirgandi. Prokuratura sud hukmi ustidan protest kiritdi. Kassatsiya sudi erkakka 4,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Qashqadaryoda xonadonida eshak so‘yib, go‘shtini turli bozorlarda sotib kelgan erkak qilmishi kassatsiya sudida ko‘rib chiqildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
44 yoshli I.X. eshak so‘yib sotgani uchun uch oyda ikki marta sudlangan. 2025 yil 22 oktyabr kuni tezkor tadbirda uning yashash xonadonidan iste’molga yaroqsiz bo‘lgan 61 kg go‘sht, 112 ta eshak terisi va 15 ta eshak qovurg‘alari topilgan. Ushbu holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Kasbi tuman sudida ko‘rib chiqilib, I.X.ga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
2025 yil 28 dekabrda ichki ishlar xodimlari I.X.ning xonadonida yana tezkor tadbir o‘tkazgan. Bu safar iste’molga yaroqsiz 247 kg go‘sht, eshak suyaklari va 99 ta teri topilgan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Qarshi tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning 2026 yil 13 maydagi hukmi bilan I.X.ga bu safar ham ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Kun.uz’ning ushbu holatga oid surishtiruvidan so‘ng Qashqadaryo viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari sud hukmi ustidan protest kiritdi. Protestda I.X.ga nisbatan yengil jazo tayinlangani keltirilib, sud hukmini bekor qilgan holda unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash so‘ralgan.
Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2026 yil 15 iyundagi hukmi bilan dastlabki sud hukmi bekor qilindi va yangi ayblov hukmi chiqarildi.
I.X. Jinoyat kodeksining 186-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topildi. Unga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JIB Kasbi tuman sudi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li orqali ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati 4,5 yilga keltirilgan.
Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. I.X. darhol sud zalidan qamoqqa olingan.
Kun.uz avvalroq I.X.ga oid jinoyat ishini yoritib, unga tayinlangan jazo bahsli ekaniga e’tibor qaratgandi.
Jamiyat
Og‘ir vaziyatga tushgan ayollar davlat ularning qismatiga befarq emasligini his qilishi kerak
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Dilnozaxon Kattaxanovani bosh vazirning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlanganini olqishladi.
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
«19 milliondan ziyod ayollarimiz — bu ulkan kuch va ayni paytda katta mas’uliyat demakdir. Davlat xotin-qizlarning ehtiyoj va muammolarini qanchalik teran anglasa, har bir oilaning farovonligi shunchalik barqaror bo‘ladi. Aynan shu sababli bandlikni ta’minlash, xorijdagi hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash hamda zo‘ravonlikning oldini olish kabi masalalar vaqtinchalik choralar emas, balki puxta ishlab chiqilgan tizimli yondashuvni talab etadi.
Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollar: jazo muddatini o‘tayotgan, uyi va farzandlaridan uzoqda mehnat qilayotgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Ular yolg‘izlanib qolmaganlarini, davlat ularning qismatiga befarq emasligini his qilishlari kerak», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
«Dilnozaxon, Sizga bu yo‘lda oqilalik, qat’iyat, ishingizga omad va yurtimizdagi har bir ayolning hayotida aks etadigan ulkan natijalar tilayman!», deb qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
-
Turk dunyosi3 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Iqtisodiyot3 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp Turkiyadagi NATO sammiti oldidan Ukraina urushining yakunlanishi haqida optimistik fikr bildirdi
-
Jamiyat4 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp, Anqaradagi NATO sammitiga Prezident Erdog’an tufayli qatnashayotganini aytdi
-
Sport5 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Jamiyat4 days agoHaydovchi YPX xodimiga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart
-
Dunyodan2 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
