Iqtisodiyot
O‘tgan oyda 112 mingdan ortiq avtomobil oldi-sotdi qilindi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faollik bo‘yicha yangilangan tahlilni e’lon qildi.
Oktyabr oyi yakunlariga ko‘ra, respublikada barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 112,5 ming donaga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 11 foiz yuqori. Savdo faolligi barcha asosiy bozor segmentlarida oshgani qayd etildi.
Birlamchi va ikkilamchi bozorlarda yengil avtomobillar segmenti oylik 12,7 foiz o‘sishni ko‘rsatdi va 95,4 ming donani tashkil yetdi. Eng yuqori o‘sish Namangan, Jizzax va Buxoro viloyatlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda savdolar 20 foizdan ziyod oshgan. Shu bilan birga, Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faollik biroz pasaygani kuzatildi.
Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
Oktyabr oyi natijalariga ko‘ra, birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi qariyb 19 foizga oshdi, bu esa qo‘shimcha 6 ming dona avtomobil sotilganini ko‘rsatadi. Segment doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar toifasida sotuvlar 33,4 ming donaga yetdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 22 foizga o‘sdi.
Yangi xorijiy avtomobillar sotuvi biroz o‘sish (+1,1 foiz) bilan sentyabr oyi ko‘rsatkichlaridan oshib, 4,5 ming donani tashkil etdi.
Ikkilamchi avtomobil bozori o‘sish sur’atida
Oktyabr oyida yengi avtomobillarining ikkilamchi bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga oshib, 57,4 ming donani tashkil etdi.
Ikkilamchi bozorda elektromobillar sotuvi 3 ming donadan oshib, oylik hisobda 15,2 foiz o‘sish qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 barobar ko‘pdir.
Iqtisodiyot
Bojlar kamaytiriladi, lekin istisnolar ham bo‘ladi – JST bo‘yicha bosh muzokarachi
O‘zbekistonning JSTga a’zoligi bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov a’zolik kechikayotganini ayrim mamlakatlar hujjatlarni ko‘rish jarayonini cho‘zayotgani bilan izohladi. U JSTga a’zolik yo‘lida ayrim sohalar uchun 3 yildan 8 yilgacha o‘tish davriga kelishilayotganini ham ma’lum qilgan.
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish dunyo mamlakatlariga xalqaro savdoni osonlashtirish, erkin va raqobatbardosh bozor shakllantirish, buning ortidan esa iqtisodiy foyda olish uchun juda muhim. O‘zbekiston 1994 yildan beri shu tashkilotga kirishga urinib keladi.
O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar 2026 yil martigacha yakunlanishi kutilayotgandi. Ammo O‘zbekistonning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili – bosh muzokarachi Azizbek Urunovga ko‘ra, muddat kechikishi mumkin.
U jurnalistlar qarshisida a’zolik nega kechikayotgani, JSTga a’zolikdan keyin importchilarga bojlar pasaytirilishi ehtimoli, shuningdek, mahalliy bozor uchun imtiyozli davr olinishi borasidagi savollarga javob qaytardi.
Bojlar pasaytiriladimi yoki mahalliy bozor uchun imtiyozli davr olinadimi?
Azizbek Urunov JSTga a’zolikda har bir mamlakat mahalliy bozor uchun imtiyozli davr so‘rashi tabiiy ekanini ta’kidlaydi. Shu sabab O‘zbekiston ham sezgir sohalarda 3 yildan 8 yilgacha o‘tish davriga kelishayotgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, proteksionizmga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.
«JSTga a’zo bo‘lganda bu kelishiladigan majburiyatlar, demak, maksimal biz ishlatishimiz mumkin bo‘lgan daraja belgilab beriladi. O‘sha nuqtayi nazardan davlat o‘zida bu narsani iloji boricha ko‘proq saqlab qolishga harakat qiladi. Lekin bu degani, davlat proteksionizmni qiladi degani emas.
Agar katta davlatlar: Xitoyni, Hindistonni oladigan bo‘lsak ham, ulardagi JSTga a’zo bo‘lgandagi o‘rtacha bojlar biznikidan 4-5 barobarga ko‘proq. Shu nuqtayi nazardan, men hozir har bittasining tafsilotini yana ochiqlay olmayman, umumiy olib qaraydigan bo‘lsak, bojlar kamaytiriladi. Lekin biz uchun sezgir bo‘lgan sohalar bor. Ular bo‘yicha biz o‘sha muhokamalarda tariflarni erkinlashtirishda ham 3 yil, 5 yil, 7 yil, 8 yilgacha o‘tish davrini ham kelishgan joylarimiz bor.
Sezgir yo‘nalishlar deganda, bu qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, avtomobil sanoati ham bo‘lishi mumkin. Men chunki shunaqa gapirishga majburman, bugungi kunda ochiqlay olmayman. Lekin umumiy olib qaraganda, bizlarda, demak, o‘sha bozorga kirish sharoitlari ancha yengillashadi», – dedi u.
Qonunchilik qanchalik mutanosib, qayta ko‘rib chiqiladimi?
O‘zbekistonning bosh muzokarachisi ayrim sektorlarda mavjud eksklyuziv huquqlar, imtiyoz va preferensiyalar borligi inobatga olinib, qonunchilik bazasi qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan ham ma’lumot berdi.
«Albatta, ko‘rib chiqiladi. Endi bu muzokaralar jarayonida hech narsani yashira olmaysiz. Agar yashiradigan bo‘lsangiz, bu tashkilotga a’zoligingiz cho‘zilib ketaveradi. Chunki davlatlar ham bu narsani juda yaxshi bilishadi. Hatto o‘sha avtomobil sanoatini ham olib qaraydigan bo‘lsak, nechta davlat bizga eksport qiladi? Eksport qilayotgan davlatlarning kompaniyalari bizga bozorga kirish sharoitlarini juda ham yaxshi biladi-ku. Har bitta davlat biz bilan muzokaralarni yurgazganda o‘zining biznesi bilan bu narsalarni juda qattiq muhokama qilib oladi, sharoitlarni bilib olishadi. Shu asosda keyin biz bilan muzokaralarga kirishadi. Shuning uchun bu yerda nimanidir yashirish – juda ham qiyin masala», – deydi Urunov.
JSTning subsidiyalar bo‘yicha alohida talablari mavjudligi qayd etildi. Ya’ni a’zo davlatlar bunga oid har yillik ma’lumotlarni tashkilotga hisobot tarzida berib borishi talab qilinadi.
«Qaysi sohalarga qancha subsidiya berildi? O‘shandan kelib chiqqan holda, agar bu subsidiyalar darajasi JSTga a’zo bo‘lgandagi olingan majburiyatlardan oshadigan bo‘lsa, demak, JST bu narsani to‘g‘rilashga majbur qiladi. Demak, o‘sha kelishilgan majburiyatlar doirasida faqatgina subsidiya berish masalasi», – deydi rasmiy vakil.
JSTga a’zolik kechikishi mumkinmi?
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida 2025 yilda 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlab bo‘lgan. Bu yil Tayvan bilan muzokarani yakunlash va O‘zbekiston mart oyida JST a’zosi bo‘lishi reja qilingandi. Urunov bu muddat kechikishini aytdi.
«Martdan o‘tishi mumkin. Chunki dekabr oyida xavotirlar haqida gapirgandik, ayrim mamlakatlar bor, ular bizning hujjatlarni ko‘rish jarayonini cho‘zmoqda.
[Qaysi mamlakat ekanini] ochiqlasam noto‘g‘ri bo‘ladi. Bor shunaqa mamlakatlar. Ular bilan biz shu jarayonni tezlashtirish maqsadida bugungi kunda gaplashib, kelishishga harakat qilyapmiz», – dedi u.
O‘zbekistonning o‘ziga qo‘yib berilsa, mart oyidayoq JSTga a’zo bo‘lish mumkinligi qayd etilgan. «Lekin yuqorida ham aytib o‘tdim, bu faqatgina bir tomonlama emas. Buning ikkinchi tomoni ham bor. Bu – JSTga a’zo mamlakatlar. Chunki pirovardida faqatgina bu mamlakatlarning qarori asosida biz a’zo bo‘lishimiz mumkin», – deydi Urunov.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda benzin narxi jahondagi neft bahosiga qanchalik bog‘liq?
O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsa-da, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yilda yilga oshib boryapti. Xususan, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida qariyb 166 mln dollarlik 279 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 2 barobarga, qiymat jihatdan esa 2,1 barobarga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.
Joriy haftadagi birja savdolari boshlanishi bilan jahon energetika bozorida kuchli tebranish kuzatildi. Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashishi fonida neft narxi 2022 yildan beri ilk bor bir barrel uchun 100 dollardan oshdi. Keskin o‘sishning asosiy omillari nimalardan iborat va bu O‘zbekiston ichki bozoriga qanday ta’sir qiladi?
Nega neft narxi keskin oshdi?
O‘tgan dam olish kunlari Yaqin Sharqdagi vaziyat yana keskinlashdi. Isroil Erondagi yonilg‘i saqlash omborlari bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Eng kamida beshta energetika obekti hujumga uchragan. Ijtimoiy tarmoqlarda Tehron va atrofdagi hududlarda boshlangan yirik yong‘inlar videolari tarqaldi. Bunga javoban Eron ham Bahrayndagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. Kuvayt milliy neft kompaniyasi javob zarbalari fonida ehtiyot chorasi sifatida qazib olish hajmini qisqartirganini e’lon qildi.
Global neft tanqisligi haqidagi xavotirlar o‘tgan hafta oxirida Qatar energetika vazirining bayonotidan so‘ng kuchaygandi. U agar urush to‘xtamasa, Fors ko‘rfazi davlatlaridagi barcha energiya eksportchilari bir necha hafta ichida qazib olishni to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Bunday holatda neft narxi bir barrel uchun 150-200 dollargacha ko‘tarilish ehtimoli bor.
Shuningdek, Eron dunyodagi asosiy neft ta’minoti yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopdi. Taqiq barcha kemalarga, jumladan, tijorat kemalari va neft tankerlariga ta’sir qildi. Strategik yo‘lakda trafik deyarli to‘xtagan, kemalarning bir qismi raketa zarbalariga uchradi. Jahon neftining qariyb 20 foizi aynan ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Bu esa jahon bozorida taklifni qisqartirib, narxlarning keskin ko‘tarilishiga olib kelyapti. Saudiya Arabistoni, BAA va Kuvaytdagi neft omborlari deyarli to‘lib ketgan. Bu esa agar xom neft Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eksport qilinmasa, yirik neft konlarini vaqtincha yopishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini anglatadi.
Bundan tashqari, geosiyosiy xavf ortgan paytda investorlar energiya resurslarini “xavfsiz aktiv” sifatida sotib olishga harakat qiladi. Natijada fyuchers bozorida talab keskin oshadi va bu ham narxlarni yuqoriga ko‘taradi.
Benzin importiga qaramlik
O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsa-da, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yilda yilga oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida qariyb 166 mln dollarlik 279 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 2 barobarga, qiymat jihatdan esa 2,1 barobarga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.
O‘z navbatida ichki ishlab chiqarish hajmi ham oxirgi 2 yilda sezilarli darajada kamaydi. Masalan, 2023 yilda 1 mln 333 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilda 1 mln 200 ming tonnagacha yoki 10 foizga qisqargan.
O‘zbekiston xom neft hamda benzin mahsulotlarini asosan Rossiyadan import qiladi. Jahon bozorida neft qimmatlashganda, eksportyor davlatlar narxlarni oshiradi. Natijada, mamlakatdagi yonilg‘i quyish shoxobchalariga kirib kelayotgan benzinning tannarxi avtomatik ravishda ko‘tariladi va bu chakana narxlarda ham aks etishi mumkin. O‘zbekistonda avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan. Narxlar bozordagi erkin talab va taklif qonuniyati natijasida shakllanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, 2022 yil yanvar-iyun oylarida global neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4 foizga ko‘tarilishiga olib kelgan. 2022 yil iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foizga tushishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3 foizga arzonlashishiga sabab bo‘lgan. Bu esa ichki bozordagi benzin narxi global narxlarga sezuvchan ekanini ko‘rsatadi.
Alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda benzin iste’molchilarga yetib borgunga qadar turli ko‘rinishlarda eng ko‘p soliq qo‘shiladigan tovarlardan biri hisoblanadi. Yuqori benzin narxi iqtisodiyot uchun juda ham xatarli. Chunki benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste’molni kamaytirmaydi va barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi. Yonilg‘i energetika resurslari narxlari o‘sishi bilan birinchi navbatda oziq-ovqat, keyin xizmatlar narxlari qimmatlashishni boshlaydi.
Iqtisodiyot
Qurilish sohasida kichik korxonalar yetakchi o‘rinni egallamoqda
O‘zbekistonda qurilish ishlarining asosiy qismi kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2026 yil yanvar oyida ushbu toifadagi korxonalar tomonidan qariyb 6 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,3 foizga o‘sgan.
Qurilish ishlari hajmining korxonalar turlari bo‘yicha taqsimotiga ko‘ra, kichik korxona va mikrofirmalar — 46 foiz ulush bilan yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, norasmiy sektor — 30,9 foiz, yirik korxonalar esa — 23,1 foizni tashkil etgan.
Mazkur ma’lumotlar mamlakatda qurilish sohasida kichik biznes sub’yektlarining faolligi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiyot
jahon neft bozorining asosiy dengiz arteriyalari
Jahon neft bozori ko‘p jihatdan asosiy ta’minot oqimi o‘tadigan bir nechta tor dengiz yo‘laklariga bog‘liq. Neft tashishda «chokpoyntlar» deb ataluvchi bu nuqtalar global energetika tizimining nihoyatda muhim arteriyalari bo‘lib, ular orqali har kuni o‘nlab million barrel xomashyo tashiladi.
Foto: ATAR/AFP via Getty Images
Yangi vizualizatsiya AQSh Energetika axboroti boshqarmasi (EIA) ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, neft tranzitining eng yirik dengiz tugunlari hamda ularning jahon dengiz neft savdosidagi ulushini ko‘rsatadi. Statistika 2025 yildagi asosiy dengiz o‘tish yo‘llari orqali tashilgan xom neft va neft mahsulotlari hajmini aks ettiradi, bu ko‘rsatkichlar sutkasiga million barrel hisobida o‘lchangan.
Umuman olganda, asosiy dengiz «tor nuqtalari» orqali kuniga taxminan 73 million barrel neft o‘tib, bu jahon bo‘yicha dengiz orqali amalga oshiriladigan neft savdosining katta qismini tashkil etadi.
Foto: Visual Capitalist
Dunyodagi eng serqatnov neft yo‘nalishi hamon Malayziya va Indoneziya o‘rtasida joylashgan Malakka bo‘g‘ozi bo‘lib qolmoqda. 2025 yilning birinchi yarmida ushbu bo‘g‘oz orqali kuniga taxminan 23,2 million barrel neft o‘tgan, bu esa jahon dengiz neft savdosining qariyb 29,1 foiziga teng.
Bu bo‘g‘oz Hind okeanini Janubiy Xitoy dengizi bilan bog‘laydi va Xitoy, Yaponiya hamda Janubiy Koreyaga neft yetkazib berish uchun hal qiluvchi yo‘nalish hisoblanadi. Biroq uning nisbatan torligi va kemalar harakatining juda zichligi bu yo‘lni ortiqcha yuklanish hamda ehtimoliy geosiyosiy xatarlar oldida zaif qiladi.
Shuningdek, Ummon va Eron o‘rtasida joylashgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ham juda muhim ahamiyatga ega. 2025 yilning birinchi yarmida bu yerdan kuniga taxminan 20,9 million barrel neft o‘tgan, bu esa jahondagi umumiy neft iste’molining taxminan beshdan bir qismiga to‘g‘ri keladi.
Bu bo‘g‘oz Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘laydi. Uning chuqurligi va kengligi hatto eng yirik neft tankerlarining ham o‘tishiga imkon beradi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan neftning taxminan 84 foizi Osiyo bozorlariga — jumladan Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreyaga yo‘naltiriladi. Shu bois ushbu yo‘nalishdagi har qanday uzilish jahon neft narxlarida jiddiy tebranishlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Malakka va Ho‘rmuz bo‘g‘ozlaridan tashqari, jahon neft savdosida boshqa dengiz yo‘laklari ham muhim o‘rin tutadi.
Suvaysh kanali va SUMED quvur yo‘li Qizil dengizni O‘rta Yer dengizi bilan bog‘lab, kuniga taxminan 4,9 million barrel neft tashilishini ta’minlaydi.
Unga yaqin joyda Bobul-Mandab bo‘g‘ozi joylashgan bo‘lib, u orqali kuniga taxminan 4,2 million barrel neft o‘tadi va Qizil dengizni Aden ko‘rfazi bilan bog‘laydi.
Yevropada Daniya bo‘g‘ozlari va Turkiya bo‘g‘ozlari muhim yo‘nalishlar hisoblanadi. Ular orqali Rossiya va Kaspiy mintaqasidan neft eksport qilinadi — mos ravishda kuniga taxminan 4,9 million va 3,7 million barrel.
Panama kanali orqali kuniga taxminan 2,3 million barrel neft o‘tadi.
Yaxshi Umid buruni orqali o‘tuvchi kabi uzunroq muqobil yo‘nalishlar esa tankerler Atlantika va Hind okeanlari o‘rtasida qatnaganda kuniga taxminan 9,1 million barrel neft tashilishini ta’minlaydi.
Shunday qilib, jahon neft logistikasi ko‘p jihatdan bir nechta strategik dengiz o‘tish yo‘llariga bog‘liq. Bu nuqtalardagi har qanday mojaro, to‘sib qo‘yish yoki uzilish global energetika bozorlari va neft qiymatiga tezda ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p xarid qilayotgan davlatlar aytildi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyida O‘zbekistonning eksport hajmi 1,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,7 foizga oshgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur davrda O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p xarid qilgan davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilmoqda. Bu mamlakatga eksport hajmi 325,8 mln AQSh dollarini tashkil etgan.
Shuningdek, Xitoyga 178,1 mln dollar, Afg‘onistonga 136,7 mln dollar va Fransiyaga 103,6 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Top-10 davlatlar qatoriga, shuningdek, Turkiya (84,3 mln dollar), Qozog‘iston (81,6 mln dollar), Qirg‘iziston (46,5 mln dollar), Tojikiston (45,7 mln dollar), Birlashgan Arab Amirliklari (41,4 mln dollar) hamda AQSh (32,1 mln dollar) kirgan.
-
Jamiyat3 days ago
Гидрометеорология хизмати қор кўчиш хавфидан огоҳлантирди
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Moʻgʻulistondagi istiqbolli uran konlarini kashf etadi
-
Dunyodan4 days ago
Sochida bir kunda ikki marta zilzila sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days agoSodiqlik kartasini skanerlash va xarid uchun to‘lov qilish — endi payme’da barchasi bir urinishda!
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkaziladi
-
Jamiyat4 days agoTurkiyada o‘zbekistonlik yana bir ayolning jasadi topildi
-
Dunyodan3 days ago
Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish toʻxtatildi
-
Jamiyat4 days agoQibrayda taqiqlangan dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
