Sport
Otabek Shukurov faoliyatini BAA klubida davom ettiradi
«Baniyas» O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi futbolchilaridan biri Otabek Shukurov faoliyatini Birlashgan Arab Amirliklarining «Baniyas» klubida davom ettiradi. Futbolchi erkin agent maqomida yangi jamoasi safiga qo‘shildi. Uning «Baniyas» bilan imzolagan shartnomasi shartlari haqida ma’lumot berilmadi.
So‘nggi haftalarda 29 yoshli yarimhimoyachining nomi bir qator BAA jamoalari bilan bog‘langan edi. Muzokaralar yakunida Shukurov «Baniyas» klubini tanladi. U o‘tgan mavsumni Saudiya Arabistonining «Al-Fayha» klubida o‘tkazgan.
Otabek Shukurov futbolchilik faoliyatini 2014 yilda Muborakning «Mash’al» klubida boshlagan. Keyinchalik «Bunyodkor», «Buxoro», «Sharja» (BAA), «Fotih Qoragumruk» (Turkiya), «Qaysarispor» (Turkiya), «Al-Fayha» (Saudiya Arabistoni) klublarida o‘ynagan.
O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida 79 o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol urgan.
Futbolchilarning shartnomalarini kuzatib borishga ixtisoslashgan Transfermarkt portali Otabek Shukurovning transfer qiymatini 1,8 mln yevroga baholagan.
Sport
Ovechkin MHLdagi 1000-golini urdi
Rossiyalik hokkeychi liga tarixida Ueyn Gretskidan keyin bu marrani zabt etgan ikkinchi o‘yinchi bo‘ldi.
«Vashington Kepitalz»ning rossiyalik hujumchisi Aleksandr Ovechkin MHL muntazam chempionatining «Kolorado Evelansh»ga qarshi uchrashuvida gol urdi va pley-offlarni ham hisobga olgan holda liga tarixida 1000 ta gollik ko‘rsatkichga erishdi.
40 yoshli Ovechkin hisobida muntazam chempionatlarda 923 ta va pley-offda 77 ta gol bo‘ldi. U jami 1723 ta o‘yin o‘tkazgan (muntazam chempionatda 1562 ta va pley-offda 161 ta).
Bu borada MHL rekordchisi kanadalik Ueyn Gretski hisoblanadi — u 1694 ta (1487+207) o‘yinda 1016 ta (894+122) gol urgan.
Aleksandr Ovechkin muntazam chempionatlarda urilgan gollar soni bo‘yicha MHL rekordchisi bo‘lib, o‘tgan mavsumda Gretskining rekordini yangilagan edi.
«Kolorado»ga qarshi o‘yindan so‘ng «Vashington»da muntazam chempionatda yana 11 ta o‘yin qoladi. Hozir jamoa Sharqiy konferensiyada 12-o‘rinda bormoqda va pley-off hududidan tashqarida joylashgan.
Sport
Abduqodir Husanov Angliyadagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi
“Manchester Siti” to‘qqizinchi bor Angliya Liga kubogi sohibi bo‘ldi. O’Rayli “Arsenal” darvozasiga to‘rt daqiqa ichida ikkita gol kiritib, dubl muallifiga aylandi.
Londondagi “Uembli” stadionida “Arsenal” va “Manchester Siti” jamoalari Angliya Liga kubogi final bahsi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi.
O’Rayli 60-daqiqada “Manchester Siti”ni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 64-daqiqada “Arsenal” darvozasiga ikkinchi golini kiritdi.
“Shaharliklar”ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va to‘liq harakat qildi. U 32-daqiqada Yokeresga nisbatan ishlatgan qo‘polligi uchun sariq kartochka oldi.
“Arsenal”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan “Manchester Siti” to‘qqizinchi bor Angliya Liga kubogi sohibi bo‘ldi.
Sport
Masharipov va Fayzullayev jarohat sabab xalqaro turnirda qatnashmaydi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 22-martdan Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini boshlaydi.
Fabio Kannavaro FIFA Series uchun jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Kengaytirilgan ro‘yxatdan o‘rin olgan futbolchilarimiz — Jaloliddin Masharipov, Husniddin Aliqulov, Abbosbek Fayzullayev, Dilshod Komilov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Abdulla Abdullayev, Alibek Davronov va Husayn Norchayev jarohati tufayli yig‘inni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, milliy jamoa FIFA Series doirasida 27 mart kuni Gabon, 30 mart kuni esa Venesuyealaga qarshi maydonga tushadi. O‘yinlar «Bunyodkor» stadionida soat 19:00 da start oladi.
Sport
FIFA Nigeriya e’tirozini rad etdi – Kongo DR O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olish uchun kurashadi
Afrika futbolida katta mojaro: JCh-2026 yo‘llanmalaridan biri uchun kurash maydondan tashqarida kechmoqda. FIFA Nigeriyaning Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi tarkibidagi ehtimoliy qoidabuzarliklar bo‘yicha shikoyatini rad qildi. Endi nigeriyaliklar xalqaro Sport arbitraj sudida (CAS) «adolat izlashga» urinib ko‘radi. Holat O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2026 guruh bosqichidagi ehtimoliy raqibini o‘zgartirishi mumkin.
FIFA tartib-intizom qo‘mitasi Nigeriya futbol federatsiyasining Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi ustidan bergan shikoyatini rad qildi. Bu haqda ESPN Nigeriya futbol federatsiyasiga (NFF) tayanib xabar berdi. NFF zudlik bilan apellyatsiya jarayonini boshlaganini ma’lum qildi.
Avvalroq, NFF kongoliklar tarkibidagi bir necha futbolchi fuqarolik haqidagi FIFA talablarini buzgani bo‘yicha e’tiroz bildirib, ushbu milliy jamoaga texnik mag‘lubiyat yozgan holda JCh-2026 saralash o‘yinlaridan chetlatishni talab qilgan edi.
«Biz FIFA Tartib-intizom qo‘mitasining arizamiz bo‘yicha qarorini oldik, biroq arizamiz rad etilgan qaror bizni qoniqtirmaydi», dedi NFF bosh kotibi Muhammad Sanusi. «Nigeriyaliklarni ishontirib aytamanki, NFF zudlik bilan qaror ustidan shikoyat qilish jarayonini boshladi».
Endi shikoyat Sport arbitraj sudiga (CAS) yuborilishi kutilmoqda, ammo apellyatsiya jarayoni 26 mart kuni – qit’alararo pley-off boshlangunga qadar yakunlanishi dargumon.
Kongo DR futbol federatsiyasi bu xabarga munosabat bildirmadi.
Mojaro mazmuni
2025 yil noyabr oyida Kongo DR milliy jamoasi Afrika pley-offida Nigeriyani mag‘lub etdi (asosiy vaqtda 1:1 va penaltilar seriyasida 4:3). Bu kongoliklarga JCh-2026 yo‘llanmasi uchun qit’alararo pley-off o‘yinlariga yo‘llanmani taqdim etdi. Nigeriya esa JCh-2026 yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.
Dekabrda AQSh poytaxti Vashingtonda JCh-2026 guruh bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston milliy jamoasi K guruhida Portugaliya, Kolumbiya va saralashdan o‘tadigan yana bir jamoaga (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) qarshi o‘ynashi ma’lum bo‘ldi.
Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) Kongo DR fuqarolik va milliy mansublikni o‘zgartirish talablariga javob bermaydigan o‘yinchilardan foydalangani haqida FIFAga rasmiy shikoyat bilan chiqdi.
Shikoyat nimaga asoslangan
Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) Kongo DR tarkibidagi 9 nafargacha futbolchi fuqarolikni o‘zgartirish tartibini buzgan deb hisoblamoqda – ularda Yevropa pasporti bor, ammo Kongo DR qonunlariga ko‘ra ikki fuqarolikka ruxsat berilmaydi.
Nigeriyaliklarning ta’kidlashicha, bu futbolchilar Yevropa pasportidan voz kechmagan va Kongo DR futbol federatsiyasi FIFAni milliy fuqarolik hujjatlari bilan «chalg‘itgan».
FIFA futbol qoidalariga ko‘ra, futbolchidan faqat mamlakatning amaldagi pasporti talab qilinadi. Ammo Kongo DR fuqarolik qonunchiligi bo‘yicha ikki fuqarolik taqiqlangan. Ushbu holat shikoyatga sabab bo‘lgan.
Kongo DR futbol federatsiyasi barcha o‘yinchilar FIFA tomonidan ma’qullanganini va maydonga tushish huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda va Nigeriyani maydondagi mag‘lubiyatdan so‘ng «orqa eshikdan bostirib kirishga» urinishda ayblamoqda.
Dastlab FIFA 2025 yil dekabr oyida futbol qoidalari uchun futbolchi vakil bo‘lgan mamlakatning amaldagi pasporti bo‘lishi yetarli ekanini aytib, shikoyatni rad qilgan edi. Ammo fevral oyi o‘rtalarida bir qator ommaviy axborot vositalarida (jumladan, The African Mirror va Eye Witness News) FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi o‘yin paytida futbol fuqaroligini o‘zgartirish jarayoni tugallanmagan «X futbolchi» uchun ishni qayta ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
FIFA qaroridan keyin, endi NFF xalqaro Sport arbitraj sudida (CAS) «adolat izlashga» urinib ko‘radi.
Sport
Osiyo Kubogi-2031 ko‘chirildi – O‘zbekiston uni o‘tkazishga da’vogar edi
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlarini bekor qildi. Musobaqalar FIFA talabiga ko‘ra juft yillarga ko‘chirildi. Endi mezbon tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi. Avvalroq, 2031 yilgi turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shma ariza topshirgan edi.
Foto: REUTERS/Ibraheem Al Omari
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlari bekor qilingani haqida milliy federatsiyalarni rasman xabardor etdi, deb yozdi Reuters.
Turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning qo‘shma arizasi ham da’vogarlik qilayotgan edi.
Bekor qilinishiga sabab FIFA tashabbusi bo‘lib, u qit’a turnirlari jadvalini o‘zgartirish va ularni juft yillarga ko‘chirishni taklif qilgan. Muhokamalardan so‘ng OFK bu taklifga rozi bo‘ldi.
Nima o‘zgaradi?
Asosiy oqibat – turnirlarning to‘liq ko‘chirilishi: Osiyo kubogi-2031 endi 2032 yilga rejalashtirilgan, Osiyo kubogi-2035 esa 2036 yilga ko‘chirilgan. Shunday qilib, turnirni o‘tkazishning an’anaviy tizimi buziladi va musobaqalar boshqa vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Osiyo Kubogi-2027 reja bo‘yicha o‘z muddatida bo‘lib o‘tadi.
Osiyo Kubogining juft yillarga ko‘chirilishi yana bir muammoni keltirib chiqarmoqda – boshqa konfederatsiyalarning eng yirik turnirlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Endi bir yil davomida quyidagi musobaqalar o‘tkazilishi mumkin: Yevropa chempionati (UYeFA Yevro), Amerika Kubogi (Copa America), Osiyo Kubogi.
FIFA nega tizimni o‘zgartirmoqda?
O‘zgarishlar xalqaro taqvimni markazlashgan holda boshqarish bilan bog‘liq. FIFA allaqachon 2030 yilgacha bo‘lgan global musobaqalar rejasini tasdiqlagan bo‘lib, unda milliy jamoalar o‘yinlari uchun oynalar, saralash turnirlari, final bosqichlari va o‘rtoqlik o‘yinlari aniq ko‘rsatilgan. Ushbu tizimda har bir konfederatsiya umumiy jadvalga moslashishi kerak. Osiyo Kubogi qarori – mana shu katta islohotning bir qismi.
Mezbonlikka nomzodlar bilan vaziyat qanday?
Turnirlar sanasining o‘zgarishi mezbonlikka da’vogarlarning barcha arizalarini avtomatik ravishda bekor qiladi. Bu shuni anglatadiki, mezbonlarni tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi, hamma yangi tartibni kutishiga to‘g‘ri keladi. OFK amalda ikki turnirga tayyorgarlik siklini qaytadan boshlaydi.
2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligiga Avstraliya, Hindiston, Indoneziya, Kuvayt, Janubiy Koreya, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston qo‘shma ariza topshirgan edi. Endi O‘zbekistonning yangi turnirlar mezbonligi uchun ariza topshirishi masalasi noma’lum. Hozircha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) vaziyatga munosabat bildirmadi.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Iqtisodiyot4 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat3 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Dunyodan5 days ago
Xakerlar Isroil va Rizo Pahlaviyning maxfiy hujjatlarini qo’lga kiritadilar
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Siyosat5 days agoOnlayn suiiste’mollik va zararli kontentga qaratilgan qonun loyihasi Senatga kiritiladi
