Iqtisodiyot
“Oltin” avtoraqamlar davri va AES biqinidagi “sifatli hayot” va’dasi
“Chiroyli” avtoraqamlar yuz barobarga arzonlashdi, endi “77 777777” raqami ham paydo bo‘ladimi? O‘zatom direktorining bayonoti: jizzaxliklar AES qurilishini intizor kutyaptimi? O‘zbekiston qarz olish sur’ati bo‘yicha mintaqada yetakchi: yalpi tashqi qarz 72 mlrd dollardan oshdi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
“Chiroyli” avtoraqamlarning hammasi endi 7 mln so‘m
Auksionlarda 1,5 mlrd so‘mgacha narxda sotib kelingan “chiroyli” avtoraqamlar narxi endi 7 mln so‘m. 1 oktyabrdan e’tiboran xaridorgir raqamlarning auksionsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri ochiq savdosi boshlandi. Bundan buyon “777”, “555”, “111” kabi raqamlarni ham BHMning 17 baravari, ya’ni 7 mln so‘mga sotib olsa bo‘ladi. Bu haqdagi hukumat qarori o‘tgan oyda qabul qilingan edi.
Hozircha, avval auksionga chiqarilgan, lekin sotilmagan raqamlar sotuvda turibdi. 1 yanvardan boshlab barcha kombinatsiyalar to‘liqligicha sotuvga qo‘yiladi. Bunda, eng xaridorgir raqamlar ham hammaga yetadi: misol uchun, toshkentliklar “01 … 111”, qashqadaryoliklar esa “70 … 777” raqamlarining harf kombinatsiyalaridan 90 foizini sotib olib qo‘ysa, u holda hududiy kodning keyingisiga o‘tiladi: Toshkentda “02”, Qashqadaryoda esa “71”dan boshlanuvchi “chiroyli” avtoraqamlar paydo bo‘ladi.
Shu tariqa, 1 yanvardan keyin avtoraqamlarning narxi bo‘yicha uch xil toifasi paydo bo‘ladi. Birinchi toifa – erkin tanlovsiz tasodifiy tartibda beriladigan, 1,5 mln so‘mlik bazaviy narxdagi “oddiy” raqamlar. Ikkinchi toifa – 7 mln so‘mga sotib olinadigan “chiroyli” raqamlar. Uchinchi toifa esa, 6 tagacha harf va (yoki) raqamlardan iborat, ismlar yoki so‘zlar shaklidagi yangicha davlat belgilari. Bunda, avtoraqamiga “ESHMAT”, “SHOX07”, “BUXORO” yoki “ONAMGA” deb yozdirmoqchi bo‘lganlar, bu huquqni auksionda yutib olishiga to‘g‘ri keladi. Hukumat qaroridan kelib chiqilsa, oltita 7 (“01 777777”) shaklidagi avtoraqamlar ham auksionga chiqarilishi mumkin. Shunday bo‘lgan taqdirda, bir necha oy oldin “777 ZZZ” raqami uchun auksionda 1,5 mlrd so‘m narx taklif qilingani – holva bo‘lib qolishi aniq.
Bunday nostandart avtoraqamga ega mashina boshqa shaxsga sotilganda, uning raqami bilan nima bo‘lishi – hozircha ma’lum emas. Boshqa holatlarda esa, raqamni saqlab qolish – belgilangan stavkaning 50 foiziga tushadi. Masalan, siz sotib olayotgan avtomobilda allaqachon “chiroyli” raqam turgan bo‘lsa, 7 mln so‘mga yangisini olish o‘rniga, 3,5 mln so‘m to‘lab mashinada taqilib turgan raqamni saqlab qolsangiz bo‘ladi. Lekin “chiroyli bo‘lmagan” raqamga ega avtomobil oldi-sotdisida buning iloji yo‘q: xaridor 1,5 mln so‘m to‘lab yangi va tasodifiy raqam olishga majburligicha qoladi. Chiroyli raqamga qiziqmaydiganlar yoki unga puli yetmaydiganlar uchun, 750 ming so‘m evaziga mashina raqamini o‘zgartirmay olib qolish imkoniyati ko‘zda tutilmagan.
Haydovchilarga oid boshqa yangiliklar
Kelasi oyda haydovchilarni yana bir yengillik kutmoqda. Prezident qaroriga asosan, 1 noyabrdan e’tiboran avtomobiliga gaz ballon o‘rnatgan haydovchilar texpasportini almashtirishi shart bo‘lmaydi. Bunda, avtomobilga gaz balloni o‘rnatilgani haqidagi ma’lumot elektron shaklga o‘tkaziladi va yangi guvohnoma olish talabi bekor qilinadi. Shu tariqa, haydovchilar 288 ming so‘mlik xarajatdan qutuladigan bo‘ldi. Ayni paytda, mashinaga gaz o‘rnatish uchun ruxsatnoma olishdagi 124 ming so‘mlik to‘lov saqlanib qoladi.
Hafta davomida avtomobillarga oid yana bir hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unga ko‘ra, 2026 yildan e’tiboran ishlab chiqarilganiga 50 yil bo‘lgan mashinalardan foydalanishni taqiqlash taklif etilyapti. Bunga sabab – ular xavfsizlik talablariga va ekologik me’yorlarga javob bermaydi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda yoshi 50 dan oshgan mashinalar soni salkam 88 mingtani tashkil etadi. Ular orasidan antikvar deb topilganlariga alohida huquqiy maqom va tillarang fondagi alohida avtoraqamlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, og‘irligi 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari va ochiq konlarda ishlovchi samosvallar uchun ham alohida davlat raqam belgilari joriy etilishi mumkin. Bu – ushbu turdagi transportlarni yo‘llarda oson ajratib olish maqsadi bilan izohlanyapti.
Shuningdek, yuk mashinalarining tungi vaqtda yo‘l yoqasida to‘xtab turgani uchun javobgarlik belgilash ham taklif etilmoqda. Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda shunday holatlar 113 ta YTHga olib kelgan va ularda 47 kishi halok bo‘lgan.
O‘zbekiston – tashqi qarz olish sur’ati bo‘yicha mintaqada yetakchi
2025 yil 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi. Shundan 36,8 mlrd dollari – davlat tashqi qarzi bo‘lib, bu miqdor bir yil ichida 6 mlrd dollarga ko‘paygan.
Ayni paytda, asosan davlat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladigan korporativ tashqi qarzlar davlat qarzidan ham tezroq o‘syapti. Xususan, 1 iyul holatiga korporativ tashqi qarz 35,4 mlrd dollarga yetib, davlat tashqi qarzini ortda qoldirish arafasida turibdi. Taqqoslash uchun, birinchi yarim yillikda davlat tashqi qarzi 2,7 mlrd dollarga ko‘paygan bo‘lsa, korporativ tashqi qarzlar 5,2 mlrd dollarga oshgan.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston yalpi umumiy qarzning o‘sish sur’ati bo‘yicha Markaziy Osiyoda mutlaq yetakchilik qilyapti. 2020 yildan keyingi davrda Qozog‘iston va Tojikistonning yalpi tashqi qarzi 5-6 foizga, Qirg‘izistonniki 42 foizga o‘sgan. Xuddi shu davrda, O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi 2,1 barobarga ko‘paygan.
Muhim jihati shundaki, davlat kafolati ostida olinayotgan qarzlarning katta qismi aniq bir loyihalarga emas, davlat budjeti taqchilligini qoplashga ishlatilyapti. Oxirgi vaqtlarda geosiyosiy shart-sharoitlar tufayli qarz olish nihoyatda qimmatlashib ketgan. Demak, modomiki davlat budjeti yuqori foizlardagi tashqi qarzlar hisobidan to‘ldirilayotgan ekan, budjet xarajatlari ham shunga muvofiq tarzda oqilona bo‘lishi kerak. Lekin buning aksini ko‘rsatuvchi misollar judayam ko‘p.
Masalan, shu hafta Toshkent shahrida gul ko‘chatlari ekish uchun yana 10 mlrd so‘m ajratildi. Budjet bu umumiy qozon ekanidan kelib chiqib, olingan tashqi qarzlarning 1 mln dollarga yaqin qismi gul ekish uchun ishlatildi desak ham bo‘ladi. Demakki, poytaxt ko‘chalari va xiyobonlarida ekilgan gullarga ko‘zingiz tushganida, bemalol aytishingiz mumkin: bu gullarni ko‘rib ko‘zim quvnashi – tekinga emas, buning narxini ertaga farzandlarim, o‘z soliqlari hisobidan to‘laydi.
AES sabab Jizzaxda “hayot sifati karrasiga oshadi”mi?
O‘zatom direktori Azim Ahmadxo‘jayev o‘tgan hafta Moskvadagi forumda AES masalasi bo‘yicha jizzaxliklar nomidan bayonot berib kelgani ma’lum bo‘ldi. Uning so‘zlaridan go‘yoki viloyat aholisi Rossiya bilan hamkorlikdagi AES loyihasini sabrsizlik bilan kutayotgandek tasavvur uyg‘onadi.
Ahmadxo‘jayevning aytishicha, jizzaxliklar AES loyihasi mas’ullaridan: “Qachon? Qachon endi boshlaysizlar?” deb so‘rayotgan ekan. Aholi orasida loyiha tezroq boshlanishi uchun “qo‘lidan kelgancha yordam berayotganlar” ham bor ekan. “Nega? Chunki ular bu loyihaning multiplikativ samarasini tushunishyapti: mintaqaga ham, umuman viloyatga ham hamma yo‘nalishlar bo‘yicha taraqqiyot keladi”, deydi O‘zatom rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AES loyihasi amalga oshirilsa, Jizzaxda “hayot sifati karrasiga oshadi”. Chunki u yerda stansiyalar bilan birga, ijtimoiy va infratuzilma obektlari ham quriladi. Qolaversa, Azim Ahmadxo‘jayev jizzaxliklar o‘z vatanini tashlab, hech qayerga ketmoqchi emasligini ham qo‘shimcha qilgan.
“Biz ularning hech qayerga ketishni xohlamayotganini aniq-ravshan ko‘rib turibmiz. Ular bu rivojlanishning ishtirokchisi va ushbu yo‘nalishda birinchi bo‘lishni xohlashyapti”, – deya Jizzax aholisining AESga munosabati haqida gapirgan O‘zatom direktori.
O‘tgan hafta xabar berganimizdek, Rossiya poytaxtidagi atom haftaligi doirasida O‘zbekistonda ham kichik, ham katta AESlar qurish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Bu loyihaning noyobligi shundaki, dunyoning hali hech qayerida ikki xil stansiya bitta maydonda integratsiya qilingan emas. Kotlovan qazish ishlari shu yil kuzda boshlanib, avvaliga kam quvvatli AES, keyinroq – 2033 yilga borib, yirik AESning birinchi energobloki ishga tushirilishi reja qilingan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bo‘lishi mumkin. O‘FA u bilan muzokaralar ketayotganini tasdiqladi. Taniqli insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, tayinlov haqida dushanba kuni e’lon qilinishi kutilyapti. Agar shunday bo‘lsa, italiyalik mutaxassis yo 9 oktyabrda Kuvayt bilan, yo 13 oktyabrda Urugvay bilan o‘rtoqlik o‘yinida debyut qilishi mumkin. Kannavaro nomzodini futbol jamoatchiligi turlicha qabul qilayotganini ta’kidlash joiz. Avvalroq Yoaxim Lyov, Fotih Terim, Paulu Bentu va Slaven Bilich nomzodlari ko‘rib chiqilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Bu hafta, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarboyjon 2027 yilgi FIFA U-20 jahon chempionatiga mezbonlik qilishi aniq bo‘ldi.
O‘zbekiston bo‘ylab bahorda ekilgan daraxt ko‘chatlarining 27,5 milliontasi qurib qoldi. Rasmiy xabarga ko‘ra, “Yashil makon” dasturi doirasida shu yil bahorda ekilgan 137 millionta ko‘chatning 27,5 milliontasi yoki 20 foizi qurib qolgan. Mas’ullar buni ob-havo bilan, ya’ni issiq kunlar ko‘p bo‘lgani bilan izohladi. Shu sababli endi daraxtlarni ko‘proq kuzda ekishga qaror qilingan. Hafta davomida, shuningdek, Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanaliga iflos oqovalar oqizilgani ham jamoatchilikda tashvish uyg‘otdi. Bosh prokuratura holat yuzasidan “Toshkent suv ta’minoti” mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda zaharlangan mingga yaqin bolaning deyarli barchasi sog‘ayib, kasalxonadan uyiga qaytdi. Rasmiy bayonotlardan kelib chiqilsa, so‘nggi 35 nafar bolaga 30 sentabrda, ya’ni zaharlanishdan 6 kun o‘tib uyiga javob berilgan. O‘sha kun holatiga shifoxonalarda faqat 3 nafar bola qolgan bo‘lib, ular ham o‘tkir gastroenteritdan to‘liq sog‘aygan, lekin davolash jarayonida aniqlangan oldindan mavjud kasalliklar sababli, ularning shifoxonada qolish muddati cho‘zilgan. Holat yuzasidan tuzilgan ishchi guruh ommaviy zaharlanishdan keyin oradan 10 kun o‘tganiga qaramay, hamon dastlabki xulosalarni taqdim etgani yo‘q.
Yilning eng yirik xususiylashtirish bitimlaridan biri tasdiqlandi. Samarqand avtomobil zavodidagi 75 foizlik davlat ulushi 80 mln dollarga Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga sotildi. Xaridor yana 80 mln dollar investitsiya kiritib, 12-18 metrli avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish majburiyatini ham olgan. Ma’lumot uchun, Anadolu Group 2021 yilda Coca-Cola Uzbekistan’ni 252 mln dollarga sotib olgan va O‘zbekiston rasmiylari shundan beri bu kelishuvni eng muvaffaqiyatli xususiylashtirish misollari qatorida sanab keladi. Eslatib o‘tamiz, shu yil oxirigicha O‘zbekistondagi eng yirik va monopol avtozavod – UzAuto Motors’ni ham xususiylashtirish boshlanishi belgilangan.
Dunyo bo‘ylab avtomobilda sayohatga chiqqan amerikalik bloger O‘zbekistonda muammoga duch keldi. Camperghini O‘zbekistondan chiqib ketish uchun Samarqanddagi “Jartepa” bojxona postiga kelganida, mashinasi mamlakatda 90 kundan ortiq qolib ketgani uchun uni jarimaga tortishgan. Jarimani to‘lash uchun sayyohning bank kartasida puli bo‘lgan, lekin terminal ishlamagani uchun to‘lov qilolmagan. Ustiga ustak, viza muddati tugagani sababli 40 km masofadagi eng yaqin bankomatga ham borolmagan. Natijada 3 kun Lamborghini mashinasida, pashshaga talanib uxlashiga to‘g‘ri kelgan. Uning internetdagi murojaatidan keyin, Bojxona qo‘mitasi muammo hal etilganini ma’lum qildi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot21 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
