Jamiyat
Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi
Bunga maktabda o‘zboshimchalik bilan o‘tkazilgan «tarbiyaviy» suhbat sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan maktabda 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz vafot etdi.
Sukut Saqlama (NeMolchi.uz) loyihasi farzandi marhuma bilan sinfdosh bo‘lgan onaga asoslanib, ushbu o‘quvchining o‘limiga kuchli stress oqibatida tromb hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan.
«Stressga esa ichki ishlar xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish sabab bo‘lgan. Ushbu yig‘ilishni maktab ota-onalar qo‘mitasi vakili boshqa bir o‘quvchi qizni himoya qilish maqsadida tashkil qilgan.
Maktabda yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lgan bir qiz haqida noxush mish-mishlar tarqalgan edi. Bu qiz ota-onalar qo‘mitasi vakilining yo qarindoshi, yo tanishi bo‘lgan. U yolg‘on bahona bilan ichki ishlar xodimlarini chaqirtirib, qizlarga qo‘pol ohangda, baland ovozda „ma’ruza“ o‘qiy boshlagan. So‘ngra mish-mish tarqatishda „gumon qilingan“ qizlarni suhbat uchun alohida xonaga chaqirishgan.
Xonada asosan erkaklar bo‘lgan. Vafot etgan qiz suhbatga chaqirilganda juda kuchli stressni boshidan o‘tkazgan.
Mening farzandim ham shu yig‘ilishda edi. Men va ko‘plab ota-onalar g‘azabdamiz. Qanday qilib bolalarni ota-onalar va psixologlarni ogohlantirmasdan yig‘ish mumkin? Qaysi huquq bilan bu ota-ona huquq-tartibot idoralari xodimlari (erkaklar) huzurida bizning bolalarimizga baland ovozda dashnom beradi, ustiga-ustak noqulay savollar berishga jur’at etgan o‘qituvchini ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitishga haddi sig‘adi?» – deya yozadi huquq faollariga murojaat qilgan manba.
U ma’muriyat va boshqa mutasaddi shaxslar bunga hech qanday munosabat bildirmayotgani, ushbu shaxs barchaga o‘zining tanish-bilishlari bilan tahdid qilib, o‘quvchilar hayotiga aralashishda davom etayotganini ta’kidlagan.
Hodisa yuzasidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, voqea 2026 yil 28 yanvar kuni Olmaliq shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabida yuz bergan. Maktabning 10-sinf o‘quvchisi (2009 yilda tug‘ilgan) K. Ye. maktab yo‘lagida hushini yo‘qotgan. Dastlabki tibbiy yordamlarga qaramay vafot etgan.
«Ayni paytda huquq-tartibot organlari tomonidan hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruvlar nihoyasiga yetgach e’lon qilinadi», – deyiladi xabarda.
O‘rganish ishlari yakunlanganidan so‘ng qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda jamoatchilikka taqdim etilishi ma’lum qilinib, ungacha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik, xolislik va qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya qilish so‘ralgan.
Jamiyat
Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda qo‘lga olindi
Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qariyb 38 kilogramm narkotik moddalar aniqlanib, musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan olib kirilgan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan Urgut tumanida yashovchi 1989 va 1992 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro aylanma yo‘llar orqali Tojikistonning Panjikent tumaniga borib, narkosavdogarlardan 14 kg 766 gramm “opiy” va 14 kg 958 gramm “gashish” moddalarini olib, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan holda O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, yana bir holatda Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan xususiy avtomashina garaji ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv natijasida maxsus tayyorlangan yashirin joy — marmar toshlar orasiga 9 kg 40 gramm opiy ekstraksiyasi yashirilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, bunday turdagi narkotik moddalar odatda xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Garaj egasini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu turdagi jinoyatlar uchun qonunchilikda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatiga 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Tailanddagi YTHda O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
Tailand poytaxti Bangkok shahrida avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa natijasida o‘zbekistonlik og‘ir tan jarohatlari olgan va voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Shuningdek, mazkur avtohalokatda yana uch nafar o‘zbekistonlik turli darajada tan jarohati olgan bo‘lib, ularga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonadan javob berilgan.
Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti ma’lumotiga ko‘ra, vaziyat alohida nazoratga olingan.
O‘zbekistonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonasi xodimlari tomonidan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatilmoqda.
Qayd etilishicha, marhumning yaqinlari bilan aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, hozirda jasadni vatanga olib kelish choralari ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradi.
Prezident Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda davlat rahbari yaratilgan sharoitlar va ekspozitsiyalar bilan tanishadi.
«Shuningdek, davlatimiz rahbari ishtirokida markazning rasmiy ochilishi hamda iftorlik marosimi bo‘lib o‘tadi», – deyiladi xabarda.
Jamiyat
Namangan, Qashqadaryo va Samarqandda kontrafakt dori vositalari aniqlandi
Namangan, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, me’yoriy hujjatlarsiz saqlanayotgan hamda ayrimlarining yaroqlilik muddati o‘tgan minglab dori vositalari aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, ichki ishlar organlari hamda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xodimlari hamkorligida Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Kosonsoy tumanida yashovchi 1971, 1975 va 1990 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro tomonidan tashkil etilgan 3 ta “yashirin ombor” fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu omborlar tumanning “O‘rikzor”, “Gulobod” va “Mahdumi A’zam” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan bo‘lgan. Tadbir davomida xorijda ishlab chiqarilgan, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, shuningdek, ayrimlarining yaroqlilik muddati o‘tgan 723 turdagi jami 57 422 dona kontrafakt dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shu kabi holat Qashqadaryo viloyatida ham aniqlandi. Xususan, Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1965 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash xonadonida tegishli litsenziyasiz dorixona tashkil qilib, 82 turdagi jami 1 520 dona me’yoriy hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarini sotib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan tadbirda esa 1980 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro ijaraga olgan omborxonalarda 225 turdagi jami 14 322 dona iste’molga yaroqsiz dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotgani fosh etildi.
Hozirda har uchala holat bo‘yicha olingan dori vositalariga nisbatan ekspertiza tayinlangan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni soddalashtiriladi
Davlat aktivlarini xususiylashtirish va ijaraga berish soddalashtiriladi.
Qonun (O‘RQ–1122-son, 17.03.2026-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis ob’yektlari, jumladan joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar markazlarini master-reja asosida joylashtirish bo‘yicha:
– bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risidagi Prezidenti qarori asosida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori Prezident bilan kelishilgan holda yer toifasini boshqa toifaga o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi.
Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:
– davlat ko‘chmas mulk ob’yektini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorga mazkur ob’yekt egallagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchun soliq, agar mazkur ob’yektga «tasarruf etish huquqisiz» belgisini qo‘ygan holda davlat orderi berilgan bo‘lsa, yer uchastkasining xaridor tomonidan mazkur ob’yekt bo‘yicha sotib olish to‘lovlarining to‘langan qismiga mutanosib ravishdagi ulushga (foizga) teng maydoni yuridik shaxslardan undiriladigan yer solig‘i bazasi etib belgilandi.
Bunda soliqlar davlat ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha sotib olish to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash grafigiga amal qilgan holda undiriladi.
Ushbu grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
-
Iqtisodiyot3 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Sport5 days agoFutbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
-
Dunyodan4 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Jamiyat5 days agoorzularni umringiz evaziga sotib olasiz / 5 daqiqa
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Iqtisodiyot5 days ago2026 yilda paxtani mashinada terish ulushi 70 foizga yetkaziladi
-
Jamiyat5 days agoSirdaryoda baliq ovlaganlar tabiatga qariyb 520 million so‘mlik zarar yetkazdi
-
Jamiyat3 days agoJizzaxda «operativnik» firib ustida qo‘lga olindi
