Siyosat
Oliy martabali mehmon Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi faoliyati bilan tanishdilar.
Mamlakatimizda joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini ularni yagona manzilda jamlagan holda tashkil etishga qaratilgan mahalliy davlat boshqaruvining yangi modeli izchil joriy etilmoqda. Bunday yondashuv idoralar faoliyatining o‘zaro muvofiqlashuvini oshirish, qarorlar qabul qilishni tezlashtirish va aholini o‘ylantirayotgan muammolarni yanada samaraliroq hal qilishga xizmat qiladi.
Viloyat boshqaruvining intellektual o‘zagiga aylangan zamonaviy situatsion markaz Buxoroning yangi ma’muriy markazida tashkil etildi. Bu yerda dastlabki bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa tuzilmalar joylashgan.
Markazda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan tortib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kommunal va transport infratuzilmasi, jamoat xavfsizligi holati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashgacha, umuman, viloyat hayotining barcha jabhalari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida shakllanadi, qayta ishlanadi va tizimli ravishda tahlil qilinadi.
Oliy martabali mehmonga markazning hududlar kesimida vaziyatni kompleks monitoring qilish, muammoli nuqtalarni barvaqt aniqlash, joylardagi ish samaradorligini xolis baholash va belgilangan vazifalarning bajarilishini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha imkoniyatlari aniq misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Shundan so‘ng yetakchilar hokimlik xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Yangi bino zamonaviy ish joylari, majlislar zallari, raqamli infratuzilma bilan jihozlanib, davlat idoralarining samarali va uyg‘un bo‘lib ishlashi uchun barcha zarur qulayliklar ta’minlangan.
Tashrif davomida Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallarining nusxalari ham ko‘rsatildi. Bu O‘zbekistonda aniqlangan, Turkistonda joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy va Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegim maqbaralariga aloqador 1920–1950 yillarga oid qimmatli hujjatlar, chizmalar va fotomateriallardir.
Qardosh qozoq xalqiga va ikki mamlakatning umumiy tarixiga hurmat belgisi sifatida ushbu arxiv hujjatlarining nusxalari Qozog‘iston tomoniga hadya qilindi.
Hozirgi kunga qadar aksariyati ilmiy muomalaga kiritilmagan bu materiallar katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Noyob me’morchilik yodgorliklari bo‘lgan Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralari Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Siyosat
To‘qayev va Mirziyoyev sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro shahrining universal sport majmuasida o‘tkazilayotgan «National AI Hackathon» – sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdilar.
Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi.
Yetakchilarga raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi. Xususan, «Raqamli hukumat» tizimi, transport, bojxona, soliq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yechimlarni o‘z ichiga olgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida axborot berildi.
Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish ekotizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari «KPI-COM», «OSON», «DATOX» va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishdilar hamda ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildilar.
Milliy va xorijiy akseleratorlar, jumladan, «UZUM», «TBC Bank», «Aloqabank», «HUMO», «UZCARD» faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar tinglandi.
Venchur infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Bank sohasining yutuqlari, xususan, raqamli bank xizmatlari va zamonaviy to‘lov yechimlarining rivojiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlariga xakaton o‘tkazish konsepsiyasi va ishtirokchilarning turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarda mazkur sohaga qiziqishi yuqoriligi, yigit-qizlarning ijodiy salohiyati va sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo‘llashga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori baholandi.
Tashrif yakunida Prezidentlar xakaton ishtirokchilari va startap hamjamiyati vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.
Siyosat
Davlat rahbarlari Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualarini tomosha qildilar
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda qadimiy Buxoroning dunyoga mashhur yodgorliklari – Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz ansambllarini ziyorat qildi.
Oliy martabali mehmonga ushbu noyob yodgorliklarning tarixi, me’morchiligi hamda Sharq ilm-fani, madaniyati va shaharsozligi taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrifning birinchi manzili – ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va ma’muriy markazi bo‘lib xizmat qilgan Ark qal’asi bo‘ldi. Arxeologik va tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a uzoq vaqt davomida shakllanib kelgan va yaqin tarixdagi davrdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi bo‘lgan. Bugungi kunda Ark YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazining asosiy ramzlaridan biri va muhim qismi hisoblanadi.
Shundan so‘ng yetakchilar Markaziy Osiyoning eng ulug‘vor me’moriy majmualaridan biri Poi Kalon ansambliga tashrif buyurdilar. 1127-yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng diqqatga sazovor obidasi bo‘lib, u asrlar davomida nafaqat Buxoro me’morchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilgan.
Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda shayboniylar davridagi Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.
Qadimiy hovuz atrofida qurilgan Labi Hovuz majmuasi oliy martabali mehmonda katta taassurot uyg‘otdi. Majmua tarkibiga Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi. Bu joy asrlar davomida mahalliy aholi, sayohatchilar va olimlarni o‘ziga jalb qiluvchi maskan bo‘lib kelgan hamda o‘rta asrlardagi Buxoroning o‘ziga xos muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.
Shuningdek, tashrif davomida xalq hunarmandchiligi va an’anaviy bezak san’ati namunalari, me’moriy obidalardagi naqshlarning o‘ziga xosligi namoyish etildi.
Oliy martabali mehmonga Buxoroning Buyuk ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, ta’lim va savdo markazlaridan biri sifatidagi ko‘p asrlik tarixi haqida so‘zlab berildi.
Ta’kidlash joizki, Buxoro butun mintaqa uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy makon ham edi. Bu yerda o‘z vaqtida qozoq ziyolilari va ma’rifatparvarlarining ko‘plab taniqli namoyandalari tahsil olgan, bu esa xalqlarimiz umumiy tarixiy-madaniy merosining alohida sahifasini tashkil etadi. Xususan, qozoq adabiyoti, ma’naviyati va ijtimoiy tafakkuri rivojiga sezilarli hissa qo‘shgan Mashhur Jusup Ko‘peyev, Nurjon Naushabayev, Shortanbay Qanay o‘g‘li, Sultonmahmut To‘rayg‘irov va boshqalarning nomlari Buxoro madrasalari bilan bog‘liq.
Siyosat
Prezidentlar Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdi
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi — naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.
O‘zbek va qozoq xalqlarining dini, ma’naviy qadriyatlari bir. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Qozog‘istonda ham e’zozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.
Ansambl asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, so‘fiylik tarixiga bag‘ishlangan muzey o‘rin olgan.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak qayta ta’mirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mang‘itlar sulolasiga mansub bo‘lgan Buxoro otalig‘i Doniyolbiy qurdirgan madrasa ta’mirlanmoqda.
Tashrif davomida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Siyosat
AQShning Toshkentdagi elchixonasi JCh-2026 muxlislari uchun ustuvor vizalar jadvalini e’lon qildi
AQShning Toshkentdagi elchixonasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga borishni rejalashtirayotgan futbol muxlislari uchun maxsus viza tartibini rasmiy ravishda boshladi. FIFA Priority Reservation Scheduling System (FIFA PASS) deb nomlanuvchi yangi tizim AQShga sayohat qilayotgan chipta egalari uchun ariza topshirish jarayonini soddalashtirish uchun mo‘ljallangan.
Murojaatchilar birinchi navbatda rasmiy o‘yinlar uchun chiptalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri FIFA sayti orqali sotib olayotganliklarini tasdiqlashlari kerak. Jarayon muhim ma’lumotlarni moslashtirish bosqichidan boshlanadi. Muxlislar FIFA PASS “roʻyxatdan oʻtish” formasini topshirish uchun FIFA hisobiga kirishlari va ularning ism-sharifi va pasport maʼlumotlari sayohat hujjatlarida koʻrsatilganidek kiritilishiga ishonch hosil qilishlari kerak.
Jarayonning ikkinchi bosqichida ariza beruvchilar Davlat departamentining maxsus portaliga tashrif buyurishlari va onlayn DS-160 viza ariza shaklini to’ldirishlari kerak. Elchixona xodimlari DS-160 da ko’rsatilgan pasport ma’lumotlari FIFAga taqdim etilgan ma’lumotlar bilan bir xil bo’lishi kerakligini ta’kidladi. Ikki tizim o’rtasidagi nomuvofiqliklar arizachilarga ustuvor bron qilish joylarini ochishga xalaqit berishi mumkin.
Yakuniy qadam – suhbatni rejalashtirish, joriy fotosuratni yuklash va kerakli viza to’lovlarini to’lash. Jadvalni tuzish jarayonida ariza beruvchilar FIFA PASS tizimini ishga tushirish uchun FIFA chiptasi egasi sifatidagi maqomini aniq tasdiqlashlari kerak. Agar viza tizimidagi ma’lumotlar FIFAning ro’yxatdan o’tish shakliga to’g’ri kelsa, ariza beruvchilarga ustuvor bron qilish taqvimidan foydalanish huquqi beriladi.
AQSh elchixonasi fuqarolarga FIFA PASS ustuvor rejalashtirish yo‘nalishini taqdim etsa-da, Jahon chempionati chiptasiga ega bo‘lish vizani tasdiqlashni kafolatlamasligini eslatdi. Barcha sayohatchilar standart xavfsizlik tekshiruvi va skrining jarayonidan o’tishlari kerak va arizachilar AQSh immigratsiya qonuniga rioya qilish uchun barcha intervyu savollariga halol javob berishlari kerak.
Siyosat
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga jo‘nab ketdi.
Ertaga, 11-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, suv va ekologiya sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalarini muhokama qiladilar.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.
Birgalikda tarixiy obidalarni ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.
Bugun esa davlatimiz rahbari Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Siyosat3 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Iqtisodiyot3 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Sport4 days agoO‘zbekistonda krossfit ommalashtiriladi – prezident topshirig‘i
-
Dunyodan5 days ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
-
Siyosat5 days agoPrezident sobiq maslahatchisi Vyacheslav Golishev vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoBirjadagi oxirgi 2 savdo sessiyasida dizel narxi 17,5 foizga qimmatlashdi
