Jamiyat
“O‘g‘limni izlab Moskvaga bordim” – urgutlik otaning iztirobda o‘tgan kunlari
2025 yil 14 avgust. Ota ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan 23 yoshli o‘g‘lidan uni aldab urushga olib ketishgani haqida xabar oldi. O‘g‘il o‘zi bo‘lib turgan hudud lokatsiyani jo‘natib, otasidan uni olib ketishni so‘ragandi. Rus tilini yaxshi bilmagan ota qo‘shnisi bilan birga Moskva shahriga qarab yo‘l oldi. Uning maqsadi o‘g‘lini izlab topish va O‘zbekistonga qaytarib olib kelish edi. Ammo…
Samarqandda Rossiya armiyasiga yollangan yigitga sud hukmi o‘qildi. Yigit suddagi ko‘rsatmasida boshidan kechirganlarni aytib berdi. Uning hikoyasi shu turdagi ishlardan biroz farq qiladi.
Rossiya sari yo‘l
2003 yilda tug‘ilgan Doston (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) Urgut tumanida ulg‘aygan. Oiladagi iqtisodiy yetishmovchilik sababli u va akasi ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga qatnab yurgan.
2025 yil mart oyida akasi, 9 iyul kuni esa Doston ishlash maqsadida Moskvaga jo‘nab ketgan. U o‘shanda oradan ko‘p o‘tmay boshiga qanday kunlar tushishini tasavvur ham qilmagandi.
Doston Moskvaga yetib borib, kunlik 3 300 rubl haq evaziga plita zavodida ishlay boshlaydi. Oradan bir oy o‘tib, 13 avgust kuni uning hayotini o‘zgartirib yuborgan voqea sodir bo‘ladi.
“Patent tayyorlab beradi”
Doston o‘sha kuni taksida ishdan qaytayotgandi. Yo‘lda migratsiya xodimlari mashinani to‘xtatib, patent so‘rashadi. Doston ularga fuqarolik pasporti va vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilgani haqidagi hujjatlarni taqdim qiladi. So‘ngra rus tilini bilmagani sababli kirakashning yordami bilan puli bo‘lmagani uchun patent olishga ulgurmaganini, lekin tez kunlarda rasmiylashtirib olishini tushuntiradi.
Shundan so‘ng migratsiya xodimlari Dostonning telefonini olib, kimgadir qo‘ng‘iroq qilishadi. So‘ngra Dostonga “Shu joyga borasan, patent tayyorlab beradi”, deya manzil aytishadi.
Doston ijarada yashayotgan uyiga kelib, patent to‘lovi uchun to‘plab qo‘ygan 35 ming rubl pulni oladi va aytilgan manzilga boradi. Uni rus millatiga mansub ikki ayol kutib oladi. Doston ular bilan “google perevodchik” orqali gaplashadi. Ayollar unga rus tilida yozilgan hujjatni berib, bo‘sh joylarga ismini yozishni hamda imzo qo‘yib berishni so‘rashadi.
“O‘sha vaqtda bu hujjatlar Rossiya qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga kirish haqidagi shartnoma ekanini bilmagandim. Ular bo‘sh qog‘ozga yozib bergan jumlalarni bir amallab ko‘chirib, imzo qo‘ydim. Keyin meni bankka olib borishdi va nomimga plastik karta ochishdi. So‘ngra ichki ishlar idorasiga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. U yerdagi shaxslarning barchasi rus millatiga mansub bo‘lgani uchun nima bo‘layotganini anglab yetmasdan, shu ayollarga ergashib yuraverdim”, degan Doston o‘z ko‘rsatmasida.
Lokatsiya
2025 yil 14 avgust kuni u bilan yana 24 kishini avtobusga mindirib, Voronej shahrida atrofi tikanli sim-to‘siq bilan o‘ralgan joyga olib borishadi. Doston shunda aslida nima bo‘lganini tushunib yetadi. Uni taxminan 100 nafarga yaqin turli mamlakatlardan kelgan askarlarga qo‘shib qo‘yishadi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan.
15 avgust kuni uni harbiy kiyimda majburan poligonga olib borishadi va askarlar bilan birga mashq qilishni talab etishadi. Biroq Doston bu talabni bajarmaydi. Shunda uni kaltaklab, qamab qo‘yishadi. Bir necha soatdan so‘ng esa olib chiqib, hammomni tozalashga majburlashadi.
“Ertasi kuni taxminan 200 nafardan ortiq turli millatga mansub shaxslar olib kelindi. Ular orasida 5-10 nafar O‘zbekiston fuqarolari ham bor edi. Qoida bo‘yicha kuniga nechta yangi odam kelsa, shuncha askar Luhanskga 7 kunlik harbiy tayyorgarlikka jo‘natilar va so‘ngra u yerdan urushga yuborilardi. Urushda qatnashishni xohlamasdan, qochishni reja qildim. Lekin qurollangan harbiy xizmatchilar qattiq qo‘riqlagani uchun rejam amalga oshmadi”, degan Doston.
U nima qilishini bilmasdan Telegram orqali opasiga shartnoma va o‘zi bo‘lib turgan joyning lokatsiyasini jo‘natadi. U otasi borib, uni olib ketishini so‘ragandi.
Otaning besamar harakati
O‘g‘lining urushga borib qolgani xabarini olgan ota nima qilarini bilmay, uni qaytarib olish kelish maqsadida yo‘lga chiqadi. Rus tilini bilmagani sababli iltimos qilib, qo‘shnisini o‘zi bilan birga olib ketadi.
Sudda guvoh sifatida so‘ralgan ota o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:
“Moskva shahriga borib, o‘g‘lim yuborgan manzilni va u ilgari ishlagan joyni topolmadim. Keyin u izlab topib, O‘zbekistonga qaytarishga yordam berishlari uchun O‘zbekiston elchixonasiga ariza bilan murojaat qildim. Lekin elchixona xodimlaridan o‘zimga kerakli yordamni ololmadim”.
Chorasiz qolgan ota ne qilarini bilmasdan ming bir iztirobda uyiga qaytib kelgan.
“O‘g‘lim bilan gaplashganimda u Luhanskda ekanini bildirdi. Uni izlab O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilganimdan so‘ng harbiy qism komandirlari turli xil qiynoqlarga solib, jarohat yetkazishibdi. O‘g‘lim bu kabi holat yana bo‘lmasligi uchun hech qayerga murojaat qilmasligimni, o‘zi bir amallab qochib kelishini aytdi”, degan ota.
“Sendaylarni ko‘p ko‘rdim”
Dostonni Luhanskka olib ketishgandi. U yerda harbiy mashg‘ulotlarda qatnashmasligini aytgani uchun yana urib, yerto‘laga qamab qo‘yishadi. Yo mashg‘ulotga chiqasan, yo qamoqda yotaverasan, deyishadi. U qamoqda yotishni tanlaydi.
“Harbiylar telefonimni, pasport va plastik kartamni olib qo‘yib, 3 sutka qamoqda saqlashdi. 2025 yil 28 avgust kuni 12-tank polkiga o‘tkazishdi. U yerda ham harbiy mashg‘ulotda ishtirok etishdan bosh tortdim. Bo‘linma boshlig‘iga meni aldab imzo qo‘ydirib olib kelishganini aytdim.
Shundan so‘ng polk boshlig‘i bo‘lgan polkovnik meni chaqirib, tarjimon yordamida nima uchun urushga kelganimni so‘radi. Aldab olib kelishganini, menga pul ham, fuqarolik ham kerak emasligini, imkoni bo‘lishi bilan vatanimga qaytmoqchi ekanimni bildirdim. Shunda polkovnik davlat tomonidan berilgan 2,1 mln rubl pulni nima qilganimni so‘radi. Plastik kartada turganini aytdim. Tekshirib ko‘rishdi. So‘ngra polkovnik qo‘l ostidagilarga “buni poligonga chiqarmanglar, ishini ko‘rib chiqamiz” deya buyruq berdi”, degan Doston sudda.
Keyin uni blindajga olib borishgan. U yerda 27 kun yashagach dog‘istonlik “Kila” ismli komandir ko‘liga topshirishgan. “Kila” uni majburlab mashq qildirmoqchi bo‘lgan. Ammo Doston unga ham bo‘ysunmagan. Shunda komandir “sen men uchun birinchi ham, oxirgisi ham emassan” deya uni kaltaklagan.
2025 yil 24 sentabr kuni Dostonni harbiy xizmatdan bosh tortganlar saqlanadigan qamoqxonaga olib borishgan. Qamoqxona boshlig‘i u bilan muloqot qilib, yoshini hisobga olgan holda yaxshiroq joyga qo‘yishini aytgan. Shu tariqa, Dostonni oziq-ovqat tarqatiladigan omborda oshpaz bo‘lib ishlovchi samarqandlik oshpazga yordamchi qilib qo‘yishgan.
“2026 yil 28 fevral kuni meni Voronej viloyatining Rossosh shahriga 11 nafar askarga oshpazlik qilish uchun yuborishdi. U yerga borgach, qochib ketishni rejalashtirib, atrofni kuzatib yurdim. Yo‘lda boshqa chegara postlari yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, 13 mart kuni tunda o‘zim bilan taxminan 3 kg yegulik va 1 litr suv olib, u yerdan qochib ketdim. O‘rmonda, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida uxlab, 27 mart kuni O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga yetib bordim”, degan o‘z ko‘rsatmasida Doston.
Uyga qaytish va qamoq
Shu tariqa, Doston elchixona tomonidan tayyorlab berilgan vatanga qaytish guvohnomasi bilan 2026 yil 5 aprel kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Bu yerda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 2025 yil 30 dekabrda sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangandi. Doston qaytgach, uni qo‘lga olishadi.
Jazo
Jinoyat ishi JIB Urgut tuman sudida ko‘rib chiqildi. Doston sudda haqiqatdan o‘zi bilmagan holda Rossiya armiyasiga yollanganini, ammo biron-bir jangovar harakatda qatnashmaganini, oilaviy ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borib qolganini aytgan hamda suddan yengillik so‘ragan.
Sudning 2026 yil 2 iyuldagi hukmi bilan Doston Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 3,6 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Avvalroq Rossiya armiyasiga yollangan qashqadaryolik yigit jinoiy jazoga tortilgandi.
Tahririyat: maqolani tayyorlash jarayonida Kun.uz ushbu ota-o‘g‘ilni izlab topdi va intervyu oldi. Lavha yaqin kunlarda e’lon qilinadi.