Jamiyat
Oddiy trening emas: «Media haftalik» nega muhim?
Bugun Xorazmda start olgan «Media haftalik» ni oddiy trening sifatida baholash to‘g‘ri emas. Birinchi kunning o‘ziyoq shuni ko‘rsatdi – bu yerda format emas, mediaga bo‘lgan yondashuv o‘zgaryapti.
Eng avvalo, e’tiborni tortadigan jihat – auditoriya tarkibi. Bu yerda faqat jurnalistlar emas, balki kontent yaratish zanjirining barcha bo‘g‘ini jamlangan: muharrir, muxbir, tasvirchi va montajchi. Bu esa o‘quv jarayonini bir tomonlama emas, kompleks tarzda tashkil etish imkonini beryapti.
Birinchi kun dasturiga qaraganda, asosiy urg‘u «nima qilish kerak» degan savolga emas,«qanday qilib yaxshiroq qilish mumkin» degan masalaga berilgan.
Masalan, bosma va internet jurnalistikasida kontent muammolarini tahlil qilishdan boshlab, tahliliy reportaj tayyorlashgacha bo‘lgan jarayon bir tizim sifatida ko‘rilyapti.
Televideniye yo‘nalishida esa alohida bir tendensiya sezildi: operator va montajchi shunchaki texnik ijrochi emas, balki kontent muallifining bir qismi sifatida qaralyapti. Bu — hududiy media uchun jiddiy sifat o‘zgarishi.
Kunning ikkinchi yarmida muhokama qilingan mavzular esa media sohaning eng og‘riqli nuqtalarini qamrab oldi: axborot xavfsizligi, raqamli gigiyena, siyosiy jarayonlarni yoritishda aniqlik va mas’uliyat, shuningdek, korrupsiya mavzusini yoritishdagi yondashuvlar.
Eng muhimi – bu yerda tayyor javoblar berilmayapti. Ishtirokchilarga savol qo‘yilyapti, vaziyat berilyapti va yechimni o‘zlari topishga intilmoqda.
Jamiyat
170 dan ortiq o‘zbekistonlik Makkadan qayta olmayapti
Bosh konsulxona diplomatlari Makka shahridagi «Kanari» va «Al-Ayam Elite» mehmonxonalariga tashrif buyurib, qiyin ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, ayni paytda ushbu mehmonxonalarda 170 nafardan ortiq ziyoratchi Vatanga qaytishni kutib turibdi.
Ziyoratchilarning ma’lum qilishicha, ular 14 kunlik umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga kelgan. Biroq, safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on ma’lumotlari va xatolari oqibatida ular belgilangan vaqtda ortga qaytolmagan.
Suhbatlar davomida ziyoratchilarning aksariyati keksa yoshda ekani, ular orasida infarktni boshidan o‘tkazgan, qandli diabet va qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar borligi qayd etildi. Ular Vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.
Diplomatlar so‘nggi yillarda umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmagan ayrim «turistik firmalar» va «jismoniy shaxslar» tomonidan tartibsiz safarlar ko‘payganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bunday noqonuniy safarlar nafaqat Makka, balki Madina va Jidda shaharlarida ham o‘zbekistonliklarni mushkul vaziyatlarga tushirmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi litsenziyasi asosida 14 ta turistik firma umra ziyoratini rasmiy ravishda tashkil etayotgani ma’lum qilindi. Biroq ayrim fuqarolar noqonuniy tashkilotchilarning yolg‘on reklamalariga aldanib qolmoqda.
Bosh konsulxona ziyoratchilarning murojaatlari belgilangan tartibda tegishli idoralarga yetkazilishini ma’lum qildi. Biroq ularni ko‘rib chiqish ma’lum vaqt talab qilishi qayd etildi.
Shu sababli, vaziyat og‘irlashmasligi uchun ziyoratchilarga imkoniyatdan kelib chiqib, o‘z hisoblaridan aviachipta xarid qilib Vatanga qaytish tavsiya etildi.
Shuningdek, fuqarolarga ularni mushkul ahvolga solgan shaxslar ustidan O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng tegishli idoralarga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.
Jamiyat
Toshkent viloyatida bolani uxlamagani uchun haqoratlab, urgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi
Ohangarondagi bog‘chalardan birida tarbiyachi kichik yoshli bolani uxlamagani uchun haqoratlab, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Voqea tasvirga olinib tarqalgach, tarbiyachi ishdan bo‘shatildi, holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.
Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyachi bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, uni haqorat qilgani ma’lum bo‘ldi.
Bolalar ombudsmani Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat Ohangaron shahridagi 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. Tarbiyachi bolani uxlamagani uchun «urod» deya haqorat qilgan va unga nisbatan zo‘ravonlik qilgan. Ushbu jarayonni tasvirga olib, tanishiga yuborgan.
«Ohangaron shahri 10-sonli DMTMda tarbiyachi Sh.A. tarbiyalanuvchi bolaga jismoniy kuch ishlatgani hamda bolaning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi munosabatda bo‘lgani uchun 2026 yil 6 aprel kuni tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo‘shatilgan», – deyiladi Bolalar ombudsmani ma’lumotida.
Shuningdek, ombudsman tarbiyachining mazkur xatti-harakatlari bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatish va uning sha’ni hamda qadr-qimmatini tahqirlash hisoblanishini ta’kidlagan.
Hozirda holat yuzasidan Ohangaron shahar ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Bola manfaatlari nuqtayi nazaridan ish Bolalar ombudsmani nazoratiga olingan, qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq taqdim etiladi.
Jamiyat
Samarqandda «kar haydovchi tahqirlangani» haqidagi video sahnalashtirilgani ma’lum bo‘ldi
Videodagi uch kishi ham jazolangan.
Samarqand viloyati YHXB taksi yo‘lovchilari eshitish qobiliyati zaif haydovchini tahqirlagani aks etgan video yuzasidan aniqlik kiritib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimagan va buni tasvirga olib mayda bezorilik sodir etgan fuqarolarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi belgilangani haqida xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, aslida rul boshqaruvida kar haydovchi bo‘lmagan.
«Uch nafar shovvoz o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, video videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. Bu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘lgan», deyiladi xabarda.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida huquqbuzarlar topilib, ularning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqildi.
Ushbu holat yuzasidan avtomashina boshqargan haydovchiga nisbatan 8 sutka, ichida bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchilarga nisbatan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida ushbu avtoulovni boshqargan haydovchining hali haydovchilik guvohnomasiga ega emasligi, ya’ni transport vositasini me’yoriy hujjatlarsiz boshqargani aniqlanib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtinchalik jarima maydonchasiga olib kelib qo‘yildi.
Jamiyat
Ichki ishlar xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Ushbu yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi.
Uch kunlik mashg‘ulot ichki ishlar organlari xodimlarining aholi bilan samarali muloqot qilish, fuqarolar murojaatlarini tizimli va manzilli hal etish, shuningdek, ularning kasbiy kompetensiyalari hamda psixologik tayyorgarligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida yo‘lga qo‘yildi.
Kurs dasturiga ko‘ra, tinglovchilar aholi muammolarini chuqur tahlil qilish, ularga manzilli yechim topish, fuqarolar bilan muloqotda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimini mustahkamlab, amaliy ko‘nikmani rivojlantiradi.
Shu bilan birga, mashg‘ulotlar jarayonida davlat xizmatchilari odob-axloqi, xizmat intizomi, aholi bilan ishlashning ilg‘or usullariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur o‘quv-trening mashg‘ulotlari davomida xalqaro tajribalarga asoslangan hamda milliy uyg‘unlikdagi maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi, – dedi akademiya prorektori Nosirjon Asqarov. – Asosiy maqsad – korrupsiyaga toqatsiz hamda fuqarolarning dardini tinglay oladigan, murojaatlarni yangi tartibda hal qiladigan, har bir masalani bevosita o‘ziga daxldor, ya’ni shaxsiy bir murojaat sifatida qabul qiladigan xodimlarni tayyorlashga qaratilgan.
Shuningdek, o‘quv dasturi doirasida tergov va surishtiruv jarayonlarida qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarlikning oldini olish mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari kabi dolzarb mavzular qamrab olinadi.
Bu ishtirokchilarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini ham yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ma’lum qilinganidek, videoselektor yig‘ilishida Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga ichki ishlar organlari faoliyatiga oid murojaatlar haligacha ko‘plab tushayotgani, ayrim hollarda xodimlar muomalasi va xizmat faoliyati yuzasidan salbiy fikrlar bildirilayotgani tanqidiy muhokama qilingan edi.
O‘quv kursi mashg‘ulotlariga Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Advokatlar palatasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, shuningdek, malakali professor-o‘qituvchilar, olimlar va ekspertlar jalb etilgan.
Ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari dastlab kirish testlari orqali baholanib, natijalarga ko‘ra guruhlarga ajratildi hamda har bir tinglovchi bilan individual yondashuv asosida ish olib borilyapti.
Amaliy mashg‘ulotlarda real keyslar, simulyasion vaziyatlar orqali qaror qabul qilish, stressga chidamlilik, xizmat samaradorligini oshirish kabi muhim ko‘nikmalar shakllantiriladi.
Jamiyat
“Bu qarz deyiladi. Bilasiz-a?” – Andijon viloyati hokimining qo‘lga olingan o‘rinbosari
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Isomiddin Ismanov qo‘lga olingan tezkor tadbir videosi e’lon qilindi. Hokim o‘rinbosari pulni sanab olgach, “bu qarz deyiladi. Shunaqa narsasi bor. Bilasiz-a?” degan.
Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Isomiddin Ismanov qo‘lga olingan tezkor tadbir tasvirlarini e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Isomiddin Ismanov 50 ming dollarni o‘z yashash xonadonida sanab olgan. U pulni olgach, “bu qarz deb atalishini” bildirgan.
Ular o‘rtasidagi suhbat shunday bo‘lgan:
Tadbirkor: “50 ming o‘tdi-a, aka?”
Hokim o‘rinbosari: “Bu qarz deyiladi, bilasiz-a? Shunaqa narsasi bor”.
Tadbirkor: “Men sizga berdim, aka”.
Hokim o‘rinbosari: “Yo‘q, shunaqa deyiladi”.
Tadbirkor: “Hujjatini “chotki” qilib, mening nomimga chiqartirib bersangiz bo‘ldi”.
Isomiddin Ismanov Bobur shaharchasi hududida davlat zaxirasida bo‘lgan 20 sotix yerni hujjatlashtirib olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan. U 4 aprel kuni pulni o‘z uyida olayotganida DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingandi.
Hokim o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U protsessual tartibda ushlangan.
-
Turk dunyosi4 days agoKanada Turkiyaga 11 ta artefaktni ikki davlat oʻrtasidagi birinchi repatriatsiyada qaytardi – Geijutsu Shimbun
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda ikki oyda 204,4 ming tonna benzin ishlab chiqarildi
-
Jamiyat5 days agoShota Rustaveli ko‘chasida avtobus piyodani urib yubordi
-
Dunyodan5 days agoTasiyevning ukasi Qirg‘izistonda korrupsiyada ayblanib hibsga olingan
-
Iqtisodiyot4 days ago
Eron urushi o‘ttizga yaqin davlat valyutasi qadrini tushirib yubordi
-
Siyosat5 days agoPrezident Xalq qabulxonasi tashkil etiladi
-
Dunyodan2 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Jamiyat5 days ago
Telegram orqali 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘g‘irlagan guruh ushlandi
