Siyosat
Nima uchun O‘zbekiston 1945-yilda BMTga a’zo bo‘lmagan edi?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Bundan albatta faxrlanamiz. Mamlakatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayligina xalqaro maydonda shu kabi yutuqlarga erishmoqdamiz. Shu bilan birga diplomatlarimizning mehnatlarini ham tilga olib o‘tmasak adolatdan bo‘lmaydi.
O‘zbek diplomatiyasining tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Samarqanddagi Afrosiyob muzeyida “Elchilar xonasi” dagi bir necha ming yillik devoriy suratlar shundan dalolat beradi. Amir Temur davrida Samarqandga kelgan Klavixo ham o‘zbek diplomatiyasiga yuqori baho bergan. 2015- yilda AQShning o‘sha vaqtdagi davlat kotibi Jon Kerri “BMT aslida Amir Temur davrida Samarqandda tashkil etilgan” deya e’tirof etganidan xabarimiz bor.
O‘zbekiston 1924-yil oktyabrda tashkil etilgan bo‘lishiga qaramay, ittifoqdosh respublikaning tashqi ishlar vazirligi oradan 20 yil o‘tib – 1944-yilda o‘z faoliyatini boshlaydi.
1943-yilda Ikkinchi jahon urushida tub burilish kuzatilayotgani bois SSSR Oliy Soveti mamlakatning xalqaro maydondagi manfaatlarini ko‘zlovchi bir qator qonunlarni qabul qilishga kirishadi. Jumladan, har bir ittifoqdosh respublikaga xorijiy davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomatik aloqa o‘rnatish huquqini berish ham ko‘zda tutiladi. Oliy Sovet deputatlari oldida chiqish qilgan Xalq komissalari Soveti raisining o‘rinbosari va tashqi ishlar xalq komissari Vyacheslav Molotov “bu ularning siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishi natijasida sodir bo‘lmoqda”, dedi. Uning fikricha, endilikda respublikalar mavjud muammolarni umumittifoq idoralari orqali emas, balki boshqa davlatlar bilan bevosita aloqalar orqali hal qila oladilar.
Aslida SSSR Konstitutsiyasiga kiritilashi kutilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga bu asosiy sabab emas edi.
Gap urushdan keyin tashkil etilishi kutilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotida edi. Bungacha, ya’ni 1943 yil oktyabrida Moskvada SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlarining konferensiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Unda “xalqaro xavfsizlik va tinchlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro tashkilot tashkil etish” borasida deklaratsiya qabul qilindi. Oradan bir oy o‘tib 28 noyabr –1 dekabrda Tehronda uch davlat rahbari – Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchill ham ayni shu masalani muhokama qildilar. Yangi tashkil qilinadigan tashkilotga qaysi davlatlar a’zo bo‘lishi haqida bahslar paydo bo‘ldi. Sovet Ittifoqi rahbarlari urush tugaganidan keyin Birlashgan Millatlar tashkiloti G‘arb bilan raqobat maydoniga aylanishi mumkinligi haqida hech qanday tasavvurga ega emas edi. Turli xil ijtimoiy-siyosiy tizimlarga ega mamlakatlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar hali ham juda chuqur edi. Bo‘lajak xalqaro tashkilotga a’zo davlatlarning har biri bitta ovozga ega bo‘lishi taxmin qilinganligi sababli, Kreml SSSRning vakolatxonalarni ko‘paytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga qaror qildi.
Bunda mantiq oddiy edi: mustaqil davlatlar BMT a’zosi bo‘lish mumkinligi sabab SSSRning 15ta respublikasiga mustaqillik atributlari – armiyaga ega bo‘lish va diplomatik idoralarni ochishga imkoniyat yaratish kerak edi. Bu ish 1944 yil boshlarida sovet parlamenti tomonidan amalga oshirildi.
1944 yilning 4 martida RSFSR, 12 mayda Tojikiston tashqi ishlar xalq komissarligi tuzildi. O‘sha yilning sentyabrida O‘zbekiston Oliy Soveti respublika tashqi ishlar xalq komissarligini tashkil qilish to‘g‘risida qonun qabul qildi.
Bu “respublikalar mustaqil tashqi siyosat olib boradi”, degani emas edi. Muhim qarorlar Moskva tomonidan qabul qilinardi. Ammo Stalinning ittifoqdosh respublikalarga “mustaqillik” berish g‘oyasi ish bermadi. SSSRning 16 ta respublikani BMTga qabul qilish taklifi Vashington va London tomonidan noxush kutib olindi. SSSRning “ittifoqdash respublikalar aholisi BMTga kirmoqchi bo‘lgan ayrim davlatlar aholisidan ko‘p” degan iddolari ham ishonarli chiqmadi. Moskva “Buyuk Britaniyaga tobe bo‘lishiga qaramay Kanada va Yangi Zelandiya ham BMTga a’zo bo‘lmoqda-ku” degan e’tirozlari ham tan olinmadi. Hatto Ruzvelt agar SSSR respublikalari BMTga a’zo bo‘lsa, u xolda AQShning o‘sha vaqtdagi 48 shtati ham BMT a’zosi bo‘lishga haqli, dedi. Bahslar 1945 yilgi Yalta konferensiyasigacha davom etdi. Unda sovet delegatsiyasi “umumiy dushmanga qarshi kurashga samarali hissa qo‘shgan” Ukraina va Belarussiya uchun qo‘shimcha ikkita o‘rin olishga muvaffaq bo‘ldi. Ana shu sabab 1945 yil iyunida imzolangan BMT Ustavida USSR va BSSR vakillarning imzosi bor. Agar SSSR yana biroz qattiq turganda front ortida jonbozlik ko‘rsatgan O‘zbekiston ham BMT a’zosi bo‘lishi mumkin edi. O‘zbekiston qolgan sobiq sovet respublikalari qatori SSSR parchalanib, mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng 1992 yil 2 martida BMT a’zosi bo‘ldi.
1946 yil O‘zbekiston tashqi ishlar xalq komissarligi Tashqi ishlar vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Bir narsani aytish kerak, tashqi ishlar vazirligi dekorativ tuzilma emas edi. Vazirlik xodimlari “yumshoq kuch” deb ataladigan sohada katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Ularning ishi shu bilan cheklanmadi. Ko‘plab ishlarni bajardilar.
O‘zbekistonning birinchi tashqi ishlar xalq komissari etib respublikaning Moskvadagi doimiy vakili Yoqub Aliyev bo‘ldi. Aynan u vazirlikni oyoqqa turg‘azdi. Tashqi ishlar vazirligi rasmiy ravishda ta’sirchan – xorijiy davlatlar bilan shartnomalar tuzish va ular bilan diplomatik va konsullik vakolatxonalarini almashish kabi vakolatlarga ega bo‘lishiga qaramay, aslida xodimlar uchun asosiy vazifa respublikaga tez-tez tashrif buyuradigan xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashish va ularga hamrohlik qilish edi. Shuni ta’kidlash kerakki, TIV tarkibida vazir bilan qo‘shib hisoblaganda 10ga yaqin kishi ishlardi. Vazirlik hozirgi Turkiya elchixonasida joylashgan edi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi birinchi navbatda rivojlanayotgan mamlakatlar bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatgan edi. O‘sha yillarda O‘zbekiston rivojlanayotgan mamlakatlar uchun sotsialistik o‘zgarishlar tufayli islom dini va an’analar tinch-totuv yashab kelayotgan sovet Sharqining o‘ziga xos “ko‘zgusi” rolini o‘ynadi va ko‘p jihatdan o‘rnak bo‘ldi.
Aynan tashqi ishlar vazirligining sa’y-harakatlari bilan respublika madaniy diplomatiyada o‘zini ko‘rsata oldi. Jumladan o‘zbek diplomatlari ishlab chiqqan reja asosida 1978 yilda O‘zbekistonga afsonaviy amerikalik bokser Muhammad Ali tashrif buyurdi.
1968- yildan boshlab Toshkent Osiyo, Afrika va Lotin Amerika kino ustalarning uchrashuv joyiga aylandi. Har ikki yilda Toshkentda xalqaro kinofestival o‘tkazilardi. Shuningdek Toshkentda Osiyo va Afrika adiblarining birinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbek diplomatlari xorijda ham O‘zbekiston yutuqlarini targ‘ib qilardi. Muntazam ravishda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari o‘tkazib turilgan. O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida minglab xorijlik talabalar ta’lim olardi.
Respublika xalqaro maydonda faol siyosiy o‘yinchi sifatida ko‘rsata oldi. To‘g‘ri, bu faollik Moskva nazorati ostida bo‘lardi. Bunda so‘zsiz, chorak asr respublikani boshqargan Sharof Rashidovning xizmatlari katta bo‘lgan.
1955 yilda Toshkentga Hindiston bosh vaziri Javaharlal Neru keldi. Sharof Rashidov davrida O‘zbekistonga ko‘plab xorijiy davlat rahbarlari, jumladan Pokiston, Hindiston, Misr, Kuba, Chili rahbarlari kelganini katta avlod vakillari yaxshi eslaydi.
Hatto Finlyandiya prezidenti Kekkonen kelgani bor gap. Sharof Rashidov 1958 yilda SSSRga kelgan Nepal qiroliga mamlakat bo‘ylab safariga hamrohlik qilgan edi.
1961 yilda Karib inqirozi avjiga chiqqan bir paytda Kubaga borgan sovet delegatsiyasiga Sharaf Rashidov rahbarlik qilganini ko‘pchilik bilmasa kerak. 1966 yil yanvarida Toshkentda Hindiston bosh vaziri La’l Bahodur Shastri va Pokiston Prezidenti Muhammed Ayyub Xon o‘rtasida muzokoralar bo‘lib o‘tdi.
Respublikamizning ko‘plab diplomatlari Moskvada ishlab katta tajriba ortirdilar. Sharq tillarni mukammal bilganliklari bois Osiyo va Afrika mamlakatlarida SSSRning Favqulotda va Muxtor elchisi lavozimlarida faoliyat yuritishdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari lavozimida ishlagan Anvar Qo‘chqorov, Nuritdin Muxitdinov, Sarvar Azimov va Bahodir Abdurazzaqov, shuningdek Rafiq Nishonov uzoq yillar SSSRning Iordaniya, Togo, Benin, Suriya, Bangladesh, Maldiv va boshqa davlatlarda elchilari bo‘lib ishlagan.
1977 yildan 1994 yilga qadar Toshkentda Mo‘g‘iliston Xalq Respublikasining Bosh konsulxonasi faoliyat yuritgan edi. Konsulxona hozirgi Buyuk Britaniya elchixonasi joylashgan binoda faoliyat yuritgan edi. Shu bilan birga hozir Indoneziya elchixonasi joylashgan binoda Afg‘oniston bosh konsulxonasi faoliyat olib borardi. Sovet davrida Toshkentda Hindiston konsulxonasi ham bor edi.
Yana bir narsa: sovet davrida Toshkent tom ma’noda xalqlar do‘stligi shahri sifatida tan olinardi. ToshMI, Irrigatsiya, Qishloq xo‘jaligi kabi institutlarida Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bir qatorda Mo‘g‘ilistondan kelgan talabalar ham ta’lim olardi.
Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik arafasida respublikamiz tashqi dunyo bilan aloqalar o‘rnatgan, shuningdek, yaxshi bilim va malakaga ega bo‘lgan diplomatik xodimlariga ega edi. Aynan ular mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekistonning yangi tashqi ishlar vazirligi oyoqqa turishiga yordam berdi.
Sharofiddin To‘laganov
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
