Sport

Nigeriya bosh murabbiyi raqibni jodu ishlatishda aybladi

Published

on


Nigeriyaliklar Kongo DR vakillariga qarshi o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida yutqazdi va JCh-2026’​​ga bora olmaydigan bo‘ldi.

Futbol bo‘yicha Nigeriya milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati saralashining ikkinchi raundi finalida sensatsion ravishda Kongo demokratik respublikasi jamoasiga yutqazib qo‘ydi.

Holbuki nigeriyaliklar o‘yinning uchinchi daqiqasidayoq hisobni ochishgandi – yarimhimoyachi Frenk Oneka gol urdi. Ammo yarim soat o‘tib raqib hujumchisi Elia Meshak muvozanatni tikladi (1:1). O‘yinning asosiy vaqtida va qo‘shimcha bo‘limlarda g‘olib aniqlanmadi va jamoalar penaltilar seriyasiga o‘tdi, futbol lotereyasida esa Afrikaning eng kuchli jamoalaridan biri mag‘lub bo‘ldi (3:4).

Kongoliklar bosh murabbiyi Sebastyan Dezabr 120-daqiqada zaxira darvozaboni Timoti Fayuluni maydonga tushirdi. Bu ushbu darvozabon uchun milliy jamoadagi ilk rasmiy o‘yin bo‘ldi. Lekin penaltilar bo‘yicha mutaxassis hisoblanmagan ushbu darvozabon ishonchni oqladi va ikkita zarbani qaytardi.

Nigeriyaliklar ustozi Erik Shell esa penaltilar seriyasi vaqtida faollik bilan raqiblar murabbiylar shtabiga e’tiroz bildirib turdi, yakuniy zarbadan keyin esa mushtlashuv keltirib chiqardi.

U o‘yindan keyingi intervyusida mag‘lubiyat uchun raqiblarni sehr-jodu ishlatishda ayblashdan boshqa bahona topa olmadi.

ESPN muxbiri xabar berishicha, Shell hal qiluvchi penaltilar seriyasi yuzasidan izoh berarkan, raqiblar taqiqlangan usulga qo‘l urganini iddao qilgan.

«Barcha penalti zarbalari vaqtida Kongodan bo‘lgan bir yigit qandaydir sehrgarlik bilan mashg‘ul bo‘ldi. Har safar… Har safar! Men shu tufayli juda qattiq asabiylashdim», – degan u.

U jurnalistning aynan nimani nazarda tutayotgani haqidagi savoliga aniq javob bera olmagan. «Bunaqa qildi (qo‘llarini silkitgan). Bilmayman, balki u suv sepgandir yoki shunga o‘xshash nimadir qildi», – deya qo‘shimcha qilgan murabbiy qo‘llari bilan suv sepish harakatini tasvirlab.

Keyinroq u mikst-zonada aniqlik kiritib, vudu marosimini nazarda tutganini aytdi.

Ammo nigeriyalik muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda mag‘lubiyat sababini aynan bosh murabbiyning xato qarorlari bilan bog‘lamoqda, u ikkinchi bo‘limda Viktor Osimhen, Ademola Lukman, Samu Chukveze va Aleks Ivobi kabi yetakchilarni maydondan olgandi va penaltilar seriyasida asosiy yulduzlarning yo‘qligi bilindi.

Shu tariqa, bir vaqtlar jahon chempionatlarining muntazam ishtirokchisi bo‘lgan Nigeriya qatorasiga ikkinchi mundialni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Kongo futbolchilari million dollar uchun kurashmoqda

Kongoliklarning chindan ham omadi kelmoqda – bundan oldingi bosqichda ular Kamerunni 90+2-daqiqada urilgan gol evaziga mag‘lub etishgandi.

Kongo DR endi yo‘llanma uchun kurashni davom ettiradi va qit’alararo o‘tish bahslarida qatnashadi. Agar «sehrgarlar» jamoasi 2026 yil mart oyida o‘tkaziladigan qo‘shimcha turnirda yana ikkita o‘yinda (agar ishtirokchilar orasida top-2 reytingga kira olishsa, bitta o‘yin ham yetadi) g‘alaba qozonishsa, 1974 yildan buyon ilk bor jahon chempionatiga chiqadi.

Buning uchun katta stimul bor – mamlakat futbol federatsiyasi turnirning final bosqichiga chiqish evaziga har bir futbolchiga 1 million dollar miqdorida mukofot puli va’da qilgan.

Nigeriyaliklar mashg‘ulotlarni boykot qilgandi

Nigeriyaliklarda esa, aksincha, motivatsiya borasida muammolar bor edi. OAVda chiqqan xabarlarga ko‘ra, o‘yindan ikki kun oldin futbolchilar mashg‘ulotlarni boykot qilishgan.

«Butun tarkib, jumladan, rasmiy shaxslar, to‘lovlar masalasi hal qilinmagani tufayli bugungi mashg‘ulotlarni boykot qilishdi», – deya futbolchilarning so‘zlarini keltirgandi Blueprint.ng nashri.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version