Jamiyat

Navoiyda noqonuniy oltin qazish vaqtida chuqurlikda qolib ketgan 3 nafar fuqaro qutqarildi

Published

on


Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida noqonuniy ravishda oltin qazib olishga uringan 4 nafar fuqarodan 3 nafari qazilgan chuqurlikka tushib, tuproq ostida qolib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan ularning ikki nafari qutqarib olindi, yana bir fuqaro esa qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi yordamida chuqurlikdan chiqarildi.

Hodisa 7 iyul kuni soat 04:22 atrofida Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, “Angidon” MFY, Quvray qishlog‘i tog‘ hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan.

Ulardan 3 nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan. Tashqarida qolgan bir nafar sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.

Qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi va hodisa vaqtida tashqarida bo‘lgan fuqaro sa’y-harakatlari bilan jabrlanganlarning biri chuqurlikdan chiqarib olingan.

FVB qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelib, tuproq ostida qolgan yana ikki nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqarilganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular tegishli tibbiyot muassasasiga yuborilgan.

Hodisa yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version