Jamiyat
Navoiyda alimentdan qarzdor ota tandir ichidan topildi
Karmana tumanida MIB xodimlarining ta’qibidan qochgan erkak oshxonalardan biridagi tandir ichiga yashiringan. Uning alimentdan qarzdorligi qariyb 71 mln so‘m bo‘lgan.
Karmana tumanida alimentdan qochib yurgan erkak tandir ichiga yashirinishiga urindi. Bu haqda Kun.uz’ga MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro B.A. 2 yildan buyon aliment to‘lamasdan qochib yurgan. Uning alimentdan qarzdorligi 71 mln so‘mga yetgan. Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida erkak oshxonalardan biridagi tandir ichidan topilgan.
Sud qarori bilan qarzdor otaga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Foto: Videodan kadr
Avvalroq Samarqandda otasini ta’minlashdan bo‘yin tovlagan o‘g‘il 15 sutkaga qamalgandi.
Jamiyat
Koreyaga ishga va o‘qishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
Buxoro, Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida Koreyaga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan yirik miqdorda pul olgan shaxslar qo‘lga olindi. Ayrim holatlarda o‘nlab ming dollar mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir nechta firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi.
Jumladan, Buxoro viloyatida fuqaro N.J. tanishlari orqali fuqaroni Koreya Respublikasiga yuborishini aytib, 7 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Andijon viloyatida esa N.K. nodavlat ta’lim muassasasi rahbari S.E. fuqaroga xorijiy davlat diplomini olib berish va Koreyaga ishchi viza rasmiylashtirishni va’da qilib, 6 ming AQSh dollari hamda 3 million so‘m talab qilgan. U mablag‘ning bir qismi — 500 dollar va 3 million so‘mni olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Tergovga qadar tekshiruvda mazkur shaxs yana 14 nafar fuqarodan Koreyaga ishchi viza olib berish bahonasida jami 44,1 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Namangan viloyatida G.V. MChJ rahbari A.V. ikki nafar fuqaroni Koreyadagi oliy ta’lim muassasasining magistratura bosqichiga o‘qishga va ishga joylashtirishni va’da qilib, 11 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Surxondaryo viloyatida esa fuqaro F.R. bir shaxsni 10 ming AQSh dollari evaziga Koreyaga ishga yuborishini aytib, mablag‘ning bir qismi sifatida 5 ming dollar va 61 million so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga doir moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Tibbiyot birlashmasiga ishga kiritishni va’da qilgan tibbiyot xodimlari ushlandi
Navoiy viloyatining Navbahor tumanida fuqaroni tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan ikki nafar tibbiyot xodimi pul olish vaqtida qo‘lga olindi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Navbahor tumani tibbiyot birlashmasi xodimi E.F. va reanimatsiya bo‘limi hamshirasi M.S. ushlangan.
Tergov materiallariga ko‘ra, ular yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.M.ni mazkur tibbiyot birlashmasiga farrosh lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Gumonlanuvchilar bu xizmat evaziga 10 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish bilan bog‘liq harakatlar) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
kompaniyani AQSh investorlari konsorsiumi sotib olmoqda
«Universal Mobile Systems» MChJ (MobiUz) ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Davlat aktivlari agentligi ma’lum qilishicha, MobiUz kompaniyasining 100 foiz davlat ulushini sotish jarayoni xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan. Unda strategik konsultant sifatida «Rothschild & Co», moliyaviy konsultant sifatida «KPMG», mustaqil baholovchi sifatida esa «Deloitte» jalb qilingan.
Xususiylashtirish jarayoni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinib, 100 dan ortiq strategik va moliyaviy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Shuningdek, loyiha «Bloomberg» va «Financial Times» kabi nufuzli xalqaro nashrlarda yoritilgan.
Natijada AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa va Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ziyod investor qiziqish bildirgan. Ulardan 10 nafari dastlabki takliflarni taqdim etgan bo‘lsa, yakuniy bosqichga 6 nafar ishtirokchi yetgan.
Savdo natijalariga ko‘ra, AQShning «McKim and Company» kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va texnologik hamkor «JVR Enterprises LLC» («JVR Capital Group») ishtirokidagi konsorsium g‘olib deb topildi.
G‘olib taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasi 351 million AQSh dollariga baholangan. Shuningdek, yangi investorlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 500 million dollargacha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Davlat aktivlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bitimning EV/EBITDA multiplikatori 7,4 barobarni tashkil etgan bo‘lib, bu kompaniya bozorda raqobatbardosh narxda baholanganini ko‘rsatadi.
Bitimning to‘liq yakunlanishi uchun tegishli davlat organlari ruxsatnomalarini olish va barcha korporativ-huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.
MobiUz O‘zbekistonning yirik mobil aloqa operatorlaridan biri hisoblanadi. Uning xususiylashtirilishi davlat aktivlarini isloh qilish va telekommunikatsiya sohasiga xususiy kapitalni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan siyosatning muhim bosqichlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Jamiyat
1-sentyabrdan yo‘lkira shahar avtobuslariga chiqish vaqtida to‘lanadi
O‘zbekistonda muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 276-son qaroriga muvofiq, jamoat transportini modernizatsiya qilish, ekologik toza transport vositalarini jalb etish va to‘lov intizomini kuchaytirish bo‘yicha qator yangiliklar joriy etiladi.
Qarorga ko‘ra, haydovchi bilan birga kamida 60 nafar yo‘lovchi tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan, «Yevro-5» va undan yuqori ekologik talablarga javob beradigan yangi avtobus, elektrobus va trolleybuslar 2027 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekistonga import qilinganda ularga nisbatan utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida tashkil etilgan shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, yo‘lovchilar avtobusga chiqish vaqtida transport kartasini validatorga tekkizish, bank kartasi yoki smartfon orqali NFC, QR-kod, biometrik va boshqa zamonaviy texnologiyalar yordamida to‘lovni amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Imtiyozli yoki bepul yurish huquqiga ega fuqarolar ham ijtimoiy yoki transport kartasini validatorga tekkizish orqali ushbu huquqini tasdiqlaydi.
Hukumat qaroriga muvofiq, yo‘lkira haqi avtobusga chiqish paytida belgilangan usullar orqali tasdiqlanmasa, yo‘lovchi chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi.
Qaror bilan shahar avtobus yo‘nalishlari tushunchasiga ham o‘zgartish kiritildi. Endi shahar hududidan 5 kilometrgacha, ayrim hollarda esa tasdiqlangan bosh rejalarga muvofiq 12 kilometrgacha chiquvchi yo‘nalishlar ham shahar avtobus yo‘nalishlari sifatida e’tirof etiladi.
Bundan tashqari, Transport vazirligiga 2026-yil 1-sentyabrga qadar poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarida yo‘lkira haqini to‘lashning yagona integratsiyalashgan tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Ushbu tizim doirasida «elektropoyezd–avtobus» va «elektropoyezd–metro» kabi jozibador tarif rejalarini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur o‘zgarishlar jamoat transportida hisob-kitoblarni shaffoflashtirish, naqd pul aylanmasini qisqartirish va yo‘lovchilar uchun yanada qulay transport tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
O‘zbekiston aholisining qancha qismi sport bilan shug‘ullanadi?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda jismoniy mashg‘ulotlar bilan muntazam shug‘ullanuvchi aholi ulushi 70,3 foizni tashkil etgan. Ko‘rsatkich uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari natijalari asosida shakllantirilgan.
Statistikaga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi yillarda barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etgan. 2021-yilda sport bilan shug‘ullanuvchilar ulushi 60,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu raqam qariyb 10 foiz bandga oshgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanuvchilar ulushi 2022-yilda 62,3 foiz, 2023-yilda 63,7 foiz va 2024-yilda 67,8 foizga yetgan.
Eng katta o‘sish sur’ati 2023–2025-yillar oralig‘ida kuzatilgan. Bu davrda ko‘rsatkich 6,6 foiz bandga ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni 21,3 million nafar bo‘lib, bu jami aholining 55,8 foizini tashkil etgan.
-
Dunyodan1 day ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Dunyodan4 days ago
Myanmadagi portlash 46 kishining hayotiga zomin bo’ldi: tafsilotlar
-
Iqtisodiyot4 days agoMetan-shoxobchalarda gaz narxi ko‘tarildi
-
Jamiyat2 days agoTrackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
-
Jamiyat4 days ago
Yozning birinchi kunida ayrim viloyatlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
-
Siyosat2 days agoBosh vazir Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
2-iyundan dollar yana keskin pasayadi
-
Dunyodan4 days agoEron va AQSh barcha muzokaralarni to’xtatdi
