Iqtisodiyot

Naqdsiz tizimga o‘tishda kartani to‘ldirish komissiyasi bekor qilinishi kerak

Published

on


1 apreldan boshlab, cho‘ntagida puli bor, lekin kartasida yo‘q odam rasman olib qaraganda mashinasiga benzin yo gaz quyolmaydi. Iqtisodchi Otabek Bakirov, iste’molchilar manfaatidan kelib chiqib, hech bo‘lmasa o‘tish davrida bank kartalarini to‘ldirish uchun komissiyalarni nollashtirishga chaqirdi.

Otabek Bakirov / Foto: Kun.uz

Bakirovga ko‘ra, bunday tashabbusni Markaziy bank ilgari surishi maqsadga muvofiq.

“Kartalarga va kartalarni naqd pul bilan to‘ldirishga bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar nollashtirilishi kerak, hech bo‘lmaganda o‘tish davri uchun. Buni tijorat banklari yoki to‘lov tashkilotlari o‘zlarining ixtiyori bilan qilmaydi, chunki buyoqda to‘lov tizimlari belgilab qo‘ygan komissiyalar bor-da. Shu yerda regulyator maydonga chiqishi kerak. “O‘rtoqlar, 1 apreldan boshlab naqdsiz hisob-kitobga o‘tyapmiz, kirim bilan bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar bekor bo‘ladi, chiqim bilan bog‘liq komissiyalarni bozor asosida amalga oshiraverasizlar”, degan qandaydir ishorani kutyapman, misol uchun-da.

Agar biz tranzaksion xarajatlar, ya’ni komissiyalarni nazarda tutyapman, tartibga solmasak, teskari effekt beradi. Ma’lum muddat bitimlar amalga oshirilmasligi mumkin. Yoki, avtomobillar bilan ko‘p yuz beradi: oldi-sotdi qilinmaydi-da, ishonchnoma asosida bitim amalga oshiriladi. Teskari effekt beradi, xalq, iste’molchilar baribir yo‘lini topishga harakat qiladi. Vaqti keldi shu choralar haqida o‘ylashga. Regulyatsiya haqida o‘ylashga. Bu regulyatsiya aytganimdek, zanjirni – to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, banklar bilan bog‘liq hamma jarayonlarni qamrab olishi kerak”, – deydi u Kun.uz studiyasidagi suhbatda.

Bank sohasi mutaxassisining qayd etishicha, avtomobil va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazilishi – aslida tijorat banklari uchun imkoniyat.

“Bugun avtomobil yoki uy-joylarning 5 foizi yoki 10 foizi – kredit asosida olinganlari banklar orqali o‘tyapti. Endi tasavvur qiling, yuz foiz o‘tadigan bo‘lsa, karrasiga oshadimi ularning hajmi? Banklar ham o‘z-o‘zidan tushunib yetadiki, endi komissiyalarimni kamaytirsam ham o‘sha daromadni olar ekanman degan narsa paydo bo‘ladi. Buni hali ko‘pchilik tushunib yetgani yo‘q. Banklarning daromadi kamayib qolmasmikan degan xavotir bor. Yo‘q, daromadi kamaymaydi. Sabab – hajm karrasiga oshadi”, – deydi Otabek Bakirov.

“Mana bugun, ilg‘or banklarimizdan biri aksiya sifatida e’lon qilyapti: bizning kartalarimizga naqd pul solsangiz 2 foiz komissiya. Bu aksiya ekan, tushunyapsizmi? Ularning nazarida 2 foiz bilan karta to‘ldirishimiz mumkin ekan deb, chopib borishimiz kerak”, – deya qo‘shimcha qiladi u.

“Banklar pulni saqlab qolish uchun jozibador takliflar bera boshlaydi” – Ismoil Turopov

Suhbatda ishtirok etgan bank sohasining yana bir mutaxassisi Ismoil Turopovga ko‘ra, naqd pulni naqdsiz shaklga o‘tkazish komissiyalarini minimallashtirish orqali banklar mijoz jalb qilib, kirim qilingan mablag‘larni bank tizimida saqlab qolishga harakat qilishi mumkin.

“Odamlarni boshida o‘rgatib olish uchun, “kartada saqlayverasan, sendan hech narsa ketmaydi” degan g‘oya bilan targ‘ibot olib borilsa, pul, birinchidan, bank tizimiga kirib oladi. Ikkinchidan, mijozning pulini bankda saqlab qolish uchun ham banklar kurashadi. Siz kirim qilingan pulni bankomatdan yechsangiz, foiz oladi. Bank aytadiki, bizga omonatga qo‘y, deydi yoki boshqa biror mahsulot taklif qiladi. Ya’ni bank pulni o‘zida saqlab qolishga harakat qiladi.

To‘lov tizimining o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi sifatida chiquvchi operatsiyalardan daromad olaverishi kerak. Chunki kiruvchi mablag‘ kirganidan keyin baribir chiqib ketadi. Pul kirdimi – Uzcard’gami, Humo’gami – u qachondir chiqib ketadi: P2P bo‘libmi, naqd pul ko‘rinishidami. Hammasiga komissiya bor. Supermarketga borib 1 mln so‘mga savdo qilsangiz, kartangizdan to‘lagan pulingizning ma’lum qismi do‘kon egasidan komissiyaga ketadi – karta chiqarganga, terminal chiqargan bankka, karta operatori – Uzcard va Humo’ga ham. Ular shundoq ham daromad olyapti. Barcha chiquvchilardan daromad olinyaptimi, demak kirim qilishni nollashtirish, imtiyoz berishni o‘ylab ko‘rish kerak”, – deydi Ismoil Turopov.

1 apreldan nima o‘zgaradi?

Prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:


davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
alkogol va tamaki mahsulotlari;
transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

O‘tgan hafta Markaziy bank 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisidan davlat banklari undirishi mumkin bo‘lgan komissiyaning maksimal chegarasini e’lon qildi:


Ko‘chmas mulk bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmaydi (ya’ni 206 000 so‘mgacha).
Avtotransport vositalari bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmaydi (ya’ni 103 000 so‘mgacha).
Muhim jihat: agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatiladigan bo‘lsa, komissiya faqat bir marta olinadi.
Agar xaridor va sotuvchining banklari boshqa-boshqa bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.

Agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ xaridorga qaytariladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version