Mahalliy

Ro‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato

Published

on


Ramazon oyi davomida inson organizmi odatiy hayot ritmidan chiqib, mutlaqo boshqa kun tartibiga moslashadi. Aynan shu bosqichda qilingan xatolar sog‘liqqa jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Bu davrda nafaqat ovqatlanish vaqti, balki metabolizm, gormonal muvozanat va hazm tizimi faoliyati ham o‘zgaradi.

Shuning uchun ro‘za tugagandan keyingi davr oddiy eski kun tartibiga qaytish emas, balki organizmni ehtiyotkorlik bilan qayta moslashtirish bosqichi hisoblanadi.

Bu bosqichda tana «iqtisod rejimi»da ishlaydi. Shu sababli ro‘za tugaganidan keyin organizmni birdaniga og‘ir ovqatlar bilan siylash uni shok holatiga olib kelishi mumkin.

Eng ko‘p uchraydigan xato — bu bayramona ovqatlanish. Nafsi buzuq — hayitda o‘lar deganlaridek, ko‘p miqdorda shirinlik, yog‘li taomlar va tartibsiz ovqatlanish qisqa vaqt ichida quyidagi muammolarga sabab bo‘ladi: vaznning tez oshishi, oshqozon og‘riqlari, holsizlik va hatto qon bosimining o‘zgarishi.

Organizmni to‘g‘ri tiklash uchun eng avvalo ovqatlanishni asta-sekin yo‘lga qo‘yish kerak. Birdaniga ko‘p yemaslik, balki kam-kamdan, lekin tez-tez ovqatlanish tavsiya etiladi. Oqsil va sabzavotlarga boy taomlar oshqozonni yengil ishga tushiradi va ortiqcha yuklamaning oldini oladi.

Suv iste’moli ham juda muhim. Ro‘za paytida organizm ma’lum darajada suyuqlik tanqisligiga uchraydi. Shuning uchun kun davomida yetarlicha suv ichish metabolizmni tiklaydi, organizmni tozalaydi va umumiy holatni yaxshilaydi.

Yana bir muhim jihat bu ichaklar faoliyati. So‘nggi ilmiy izlanishlarga ko‘ra, ichaklar inson salomatligining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Ichaklar — ikkinchi miya, deb ham bejiz aytilmagan. Ro‘zadan keyin qatiq, kefir va tolaga boy mahsulotlar iste’moli ichak mikroflorasini tiklashga yordam beradi.

Shu bilan birga, uyqu va dam olish rejimiga ham e’tibor qaratish lozim. Tabiiyki, Ramazon oyi davomida ko‘pchilikda uyqu tartibi buzilgan, bu esa stress gormonlarining oshishiga olib keladi. Ro‘zadan keyin uyquni me’yorga keltirish organizmning tezroq tiklanishiga xizmat qiladi.

Jismoniy faollikni ham unutmaslik kerak. Birdaniga og‘ir mashqlar emas, balki oddiy yurish yoki yengil harakatlar orqali tanani asta-sekin faol holatga qaytarish maqsadga muvofiq.

Xulosa qilib aytganda, ro‘za — bu faqatgina och qolish emas, balki organizmni yangilash jarayoni. Ammo bu yangilanishni saqlab qolish uchun ro‘zadan to‘g‘ri chiqish ham juda muhim.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version