Mahalliy
Namanganda sun’iy intellekt loyihalari Prezidentga taqdim etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Laboratoriya talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish maqsadida tashkil etilgan.
Majmuada talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun zarur infratuzilma yaratilgan. Uning tarkibida tahlil markazi, robototexnika va bionika laboratoriyalari, startap-akselerator, to‘qqizta «aqlli» xona hamda sun’iy intellekt bo‘yicha ikki maxsus tayyorgarlik xonasi faoliyat yuritmoqda.
Bu yerda sun’iy intellekt, robototexnika, «aqlli» transport tizimlari, ekologiya va agrotexnologiyalar yo‘nalishlarida innovatsion loyihalar ishlab chiqilmoqda. Loyihalarning bir qismi amaliyotga joriy etish bosqichiga ham o‘tgan.
Taqdimot davomida davlat rahbari laboratoriya faoliyati yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Prezident ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga tatbiq etish, yoshlarning intellektual salohiyatidan samarali foydalanish va ularni innovatsion faoliyatga keng jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Uchrashuv doirasida professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy tadqiqotlar hamda istiqbolli texnologiyalar haqida ma’lumot berildi.
Prezidentga viloyat, shahar va tuman hokimliklarida faoliyat yuritayotgan sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilar ishtirokida ishlab chiqilgan startap loyihalar ham taqdim etildi. Ularda raqamli boshqaruv, xizmatlar ko‘rsatish va iqtisodiyot tarmoqlarida samaradorlikni oshirishga qaratilgan yechimlar aks etgan.
Davlat rahbari yoshlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.