Iqtisodiyot
Murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega banklar ro‘yxati e’lon qilindi
Markaziy bank iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bank xizmatlari sifatini oshirish maqsadida banklar faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni muntazam tahlil qilib bormoqda. 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi eng yuqori bo‘lgan banklar reytingi e’lon qilindi.
Reytingda birinchi o‘rinni indeks ko‘rsatkichi 3,34 bilan «Biznesni rivojlantirish banki» egalladi. Keyingi o‘rinlarda «Anor Bank» (3,29) va «Mikrokreditbank» (3,23) joylashgan.
Shuningdek, TOP-10 ro‘yxatidan «AVO Bank» (2,16), «TBC Bank» (2,06), «Davr Bank» (1,85), «Tenge Bank» (1,72), «Asakabank» (1,26), «Turon Bank» (1,25) va «Agro Bank» (1,22) o‘rin oldi.
Indeks nimani baholaydi?
Markaziy bank ta’kidlashicha, murojaatlar indeksi bankning moliyaviy ahvoli yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat aktiv mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berilmasligi, murojaatlarga o‘z vaqtida javob qaytarilmasligi hamda takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalari bilan bog‘liq muammolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi ham indeksga ta’sir qiluvchi omillar sifatida qayd etilgan.
MBning banklarga tavsiyalari
Markaziy bank mazkur banklarga murojaatlar kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirishni tavsiya qildi.
Shuningdek, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan profilaktik choralarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot choragi davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi va ular reytingga kiritilmaydi. Indeks bankning murojaatlar soni bo‘yicha bozor ulushini mijozlar soni bo‘yicha bozor ulushiga nisbatan hisoblash orqali shakllantiriladi.